Namanganda yosh ayollarni Turkiyaga fohishalikka yuborgan ikki ayol qo‘lga olindi

Namangan shahrida yosh va turmushdan ajrashgan ayollarni chet elga olib chiqib, fohishalikka majburlashni rejalashtirgan ikki nafar ayol fosh etildi. Bu haqda Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, gumonlanuvchilar — Davlatobod tumani hamda Namangan shahrida istiqomat qiluvchi ayollar oldindan til biriktirib, ijtimoiy jihatdan zaif va turmushdan ajrashgan ayollarni chet davlatga, xususan Turkiyaga jo‘natish orqali ularni fohishalikka jalb etishni rejalashtirgan.
Surishtiruv jarayonida aniqlanishicha, ular Yangi Namangan tumanida yashovchi, 2001 yilda tug‘ilgan qizni turli va’dalar, yolg‘on ma’lumotlar hamda ish takliflari bilan aldab, ishonchini qozongan. Shundan so‘ng, jabrlanuvchini Toshkent xalqaro aeroporti orqali Anqara shahriga olib chiqib ketishga urinayotgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan daliliy ashyolar bilan ushlangan.
Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi — odam savdosi (2-qism) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda gumonlanuvchilarga nisbatan qonuniy tartibda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi fuqarolarni ish va yuqori daromad va’dalariga ishonib, shaxsiy ma’lumotlarini begona shaxslarga topshirmaslikka va bunday holatlarga duch kelganda zudlik bilan huquq-tartibot organlariga murojaat qilishga chaqirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!