Namangan viloyatida avto halokat: 11 yoshli bola vafot etdi

Kecha, 18 fevral kuni Namangan viloyati hududida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida voyaga yetmagan bola hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, fojiali hodisa soat taxminan 08:30 larda bolalarni kunduzgi parvarish markazidan shahar tomon olib ketayotgan avtomobil ishtirokida sodir bo‘lgan. Ma’lum qilinishicha, mazkur transport vositasida “Umid chirog‘i” kunduzgi parvarish markazi tarbiyalanuvchilari bo‘lgan.
Yo‘l-transport hodisasi natijasida tarbiyalanuvchilardan biri — 2015 yilda tug‘ilgan Sh.X. og‘ir tan jarohatlari olgan va afsuski, voqea joyida vafot etgan.
Shu bilan birga, avtomobil salonida bo‘lgan yana besh nafar bola turli darajada tan jarohatlari bilan zudlik bilan shifoxonaga olib ketilgan. Ularga birinchi navbatda tez tibbiy yordam ko‘rsatilib, "Norin tuman tibbiyot birlashmasi"ga joylashtirilgan.
Shifokorlar tomonidan bolalarga zarur tibbiy muolajalar o‘tkazilgan bo‘lib, ayni paytda ularning ahvoli qoniqarli, deb baholanmoqda.
Hodisa yuzasidan tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari boshlangan. Ayni damda YTHning aniq sabablari, voqea qanday sharoitda sodir bo‘lgani hamda unga olib kelgan barcha holatlar o‘rganilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!