Toshkentda Gentra qarshi yo‘nalishga chiqib, ikki mashinaga urildi

Shanba kuni kechqurun Toshkent shahrining markaziy qismida joylashgan Nukus ko‘chasida yirik yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qora rangli Gentra avtomashinasi harakat vaqtida boshqaruvni yo‘qotib, qarshi harakat yo‘nalishiga chiqib ketgan. Oqibatda transport vositasi jiddiy shikastlangan, yo‘l chetidagi svetofor uskunasi ham sindirilgan.
Toshkent shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’lum qilishicha, Gentra rulida 19 yoshli A. O. bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, avtohalokat Glinka ko‘chasi bilan kesishma yaqinida ro‘y bergan. Gentra avval o‘zi bilan bir yo‘nalishda harakatlanayotgan Nexia 3 avtomobili bilan to‘qnashgan. Shundan so‘ng mashina beton to‘siqdan oshib o‘tib, chorrahada to‘xtab turgan Cobalt avtomashinasiga borib urilgan.
Voqea joyiga tezkor ravishda yetib kelgan tibbiyot xodimlari Gentra haydovchisiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgan.
Yo‘l-transport hodisasining dastlabki sababi sifatida yuqori tezlik qayd etilmoqda. Shuningdek, mutasaddilar ta’kidlashicha, mazkur ko‘cha qismida tezlikni oshirib harakatlanish holatlari muntazam ravishda kuzatilib kelinadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!