Jamoat joyida yarim yalang‘och yurgan erkak qamaldi

Kecha, 1 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda noma’lum shaxs Toshkent shahri Chilonzor tumanida jamiyatda yurish-turish qoidalarini buzib, yarim yalang‘och yurgani aks etgan video tarqaldi va turli muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bu huquqbuzarlikni sodir etgan shaxs 10 sutkaga qamaldi.
Hujjatda qayd etilishicha, joriy yilning 22 mart kuni 1998 yilda tug‘ilgan Sh.O. Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi “Magic City” ko‘ngilochar joyida yarim yalang‘och holda videolavha olib, ommani o‘z harakatlari bilan jalb qilgan. Shuningdek, u atrofdagilar orasida turli harakatlar qilib, jamoat tartibini buzgan va mayda bezorilik sodir etgan. Bundan tashqari, Sh.O. IIO xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan huquqbuzarlikni davom ettirgan.
Kecha, 1 aprel kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida mazkur ish ko‘rib chiqilgan. Sud majlisida Sh.O. aybini tan olib, qilgan harakatlarida ma’muriy huquqbuzarlik alomatlari yo‘qligini, shunday og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini tushunmaganini, qilmishidan pushaymon ekanligini aytdi va o‘ziga nisbatan yengillik qo‘llanishini so‘ragan.
Sud Sh.O.ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi (Ichki ishlar organi xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topdi.
Shunday qilib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video nafaqat qiziqish uyg‘otdi, balki qonun talablari ham sezilarli ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.