Chilonzorda ayolga hujum: tilla zanjir yulib ketildi (video)

Poytaxt — Toshkentning Chilonzor tumanida sodir bo‘lgan navbatdagi jinoyat jamoatchilik e’tiborini tortdi. Yakkabog‘ mahallasi hududida 20 yoshli yigit ayolning bo‘ynidagi qimmatbaho tilla zanjirni tortib olib, voqea joyidan qochib ketgan.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa erta tongda yuz bergan. Ovqatlanish shoxobchasida ishlovchi ayol kundalik ish faoliyatini bajarayotgan paytda yoniga noma’lum shaxs yaqinlashgan. Ayol uni oddiy mijoz deb o‘ylagan, biroq kutilmaganda yigit uning bo‘ynidagi qiymati 10 million 200 ming so‘m bo‘lgan tilla taqinchoqni yulib olib, qochib ketgan.
Jabrlanuvchi zudlik bilan ichki ishlar organlariga murojaat qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, voqea haqida xabar berilganidan so‘ng qisqa vaqt ichida huquq-tartibot xodimlari yetib kelgan va tezkor choralar ko‘rilgan. “Besh daqiqa ichida xodimlar kelib, darhol qidiruv ishlarini boshlashdi. Ko‘p o‘tmay jinoyatchi topilgani haqida xabar berildi”, deydi u.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida mazkur jinoyatni sodir etgan shaxs — 2006 yilda tug‘ilgan yigit Yangiyo‘l tumani hududida qo‘lga olingan. U tergov organlariga topshirilib, holat yuzasidan zarur hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, gumonlanuvchi muqaddam ham O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan sudlangan. Shunga qaramay, u o‘z xatti-harakatlaridan tegishli xulosa chiqarmay, yana jinoyat sodir etgan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 166-moddasi (talonchilik) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Gumonlanuvchi o‘z ko‘rsatmasida qilgan ishidan afsusda ekanini bildirgan. “Qochib qutulib bo‘lmas ekan. Baribir tezda topishdi. Bunday ishni hech kimga ravo ko‘rmayman. Halol mehnat bilan yashash kerak ekan. Qilgan ishimdan pushaymonman va hammadan kechirim so‘rayman”, degan u.