Chegarada yirik kontrabanda fosh etildi, tergov davom etmoqda

Chegarada yirik kontrabanda fosh etildi, tergov davom etmoqda
Qisqacha

Chegara qo‘shinlari tomonidan Farg‘ona viloyati Beshariq tumanida yirik miqdordagi kontrabanda mahsulotlari aniqlandi. Sirdaryo daryosi qirg‘og‘idan 47 kg dan ortiq gashish, 7 kg dan ortiq opiy hamda minglab darslik dori vositalari topildi. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining kontrabandaga oid moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda yuk egalarini aniqlash va tergov tadbirlari davom etmoqda.

Foto: DXX

Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan davlat chegarasi xavfsizligini taʼminlash va uning daxlsizligini mustahkamlash maqsadida olib borilayotgan tezkor-profilaktik tadbirlar davomida yirik noqonuniy holat aniqlandi.

Xususan, Sirdaryo daryosining Farg‘ona viloyati Beshariq tumani “Shodiqoziq” MFY hududidan o‘tuvchi qismi qirg‘og‘ida nomaʼlum shaxslar tomonidan tashlab ketilgan 4 dona polietilen qop topildi. Shubhali holat asosida qoplar tezkor ravishda nazoratga olindi.

Xolislar ishtirokida o‘tkazilgan tekshiruv jarayonida mazkur qoplar ichida katta miqdorda giyohvand moddalar va dori vositalari borligi aniqlandi. Jumladan, qo‘shni davlatdan noqonuniy yo‘l bilan olib kirilgan 48 dona o‘ramda 47 kg 113 gramm “gashish”, 15 dona o‘ramda 7 kg 779 gramm “opiy” hamda 10 710 dona “Lidaza” va 756 dona “Tenoksikam” dori vositalari mavjud ekani qayd etildi.

Barcha ashyoviy dalillar belgilangan protsessual tartibda rasmiylashtirilib, olib qo‘yildi.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 246-moddasi (kontrabanda) 2-qismi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Hozirgi kunda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergov harakatlari davom etmoqda. Shuningdek, noqonuniy yuk egalari va ushbu jinoiy sxemada ishtirok etgan shaxslarni aniqlash bo‘yicha tezkor-qidiruv choralari kuchaytirilgan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar