Treydingda 80 mln so‘m yo‘qotgan ayolning eri sudlandi

Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida treyding sabab yuzaga kelgan oilaviy mojaro sud bilan yakunlandi. 60 yoshli erkak turmush o‘rtog‘iga tan jarohati yetkazgani uchun javobgarlikka tortildi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, erkak 2025 yil sentyabr oyida Rossiyadan uyiga qaytgan. Shunda u turmush o‘rtog‘i oilaning jamg‘armasi hamda bankdan olingan kredit mablag‘larini internetdagi treyding orqali ko‘paytirishga uringanini, biroq barcha pullarni yo‘qotganini bilib qolgan.
Aniqlanishicha, ayol avval o‘zining 40 million so‘m mablag‘ini, keyinchalik esa TBC Bankdan olingan yana 40 million so‘mlik kreditni Telegram messenjeridagi “Abdulloh treyder” nomli profilga o‘tkazgan. Natijada oila jami 80 million so‘mdan ayrilgan.
Mazkur holatdan g‘azablangan erkak jahl ustida turmush o‘rtog‘ining bel qismiga zarba bergan. Tibbiy ko‘rik xulosasiga ko‘ra, ayolda qovurg‘alarning yopiq sinishi aniqlangan.
Sud jarayonida erkak aybiga to‘liq iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymon ekanini, turmush o‘rtog‘i bilan yarashganini bildirgan. Shunga qaramay, sud uni aybdor deb topib, 20 million 600 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinladi.






























Izohlar 0
…