Qimor reklamasiga aralashgan o‘zbekistonlik bloger qidiruvga berildi

O‘zbekistonlik bloger Mahmud Hikmatov noqonuniy internet-kazinalarni targ‘ib qilishda gumonlanib, xalqaro qidiruvga berildi. Qozog‘iston sudi unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini belgilagan. Tergovga ko‘ra, Hikmatov 35 nafardan ortiq inflyuyenserni jalb qilib, qimor platformalari reklamasini tarqatishni tashkil etgan. Ular orasida internet-kazinolarga olib boruvchi referal havolalarni joylashtirgan Hamza Q. ham bo‘lgan.
Qozog‘istonda faoliyat yuritgan o‘zbekistonlik bloger Mahmud Hikmatov noqonuniy internet-kazinalarni targ‘ib qilishda gumonlanib, xalqaro qidiruvga berildi. Bu haqda Qozog‘iston Moliyaviy monitoring agentligi ma’lum qildi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2000 yilda O‘zbekistonda tug‘ilgan Mahmud Hikmatovga nisbatan sud tomonidan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi belgilangan.
Qayd etilishicha, Qozog‘iston hududida beshtadan ortiq noqonuniy onlayn qimorxona faoliyatini tashkil etish, ular orqali pul mablag‘larini qabul qilish va to‘lash, shuningdek, mamlakat fuqarolarini qimor o‘yinlariga jalb qilishga qaratilgan reklama ishlari amalga oshirilgan.
Tergov versiyasiga ko‘ra, ushbu qimor platformalarini ommalashtirish uchun tashkilotchilar blogerlar bilan hamkorlik qilgan. Hikmatovga esa Qozog‘istonda faoliyat yuritadigan inflyuyenserlarni topish va ular orqali reklama materiallarini tarqatishni yo‘lga qo‘yish vazifasi yuklatilgan.
Moliyaviy monitoring agentligi ma’lumotiga ko‘ra, bloger ushbu tarmoqqa 35 nafardan ortiq inflyuyenserni jalb qilgan. Ular orasida Hamza Q. ismli bloger ham bo‘lgan.
Tergov ma’lumotlarida aytilishicha, katta auditoriyaga ega bo‘lgan Hamza Q. internet-kazinolarga olib boruvchi referal havolalarni joylashtirgan. Ushbu havolalar orqali qimor platformalariga kirgan har bir foydalanuvchi uchun blogerga mukofot to‘langan.






























Izohlar 0
…