Onlayn qimor deb Spark o‘g‘irlagan yigit Toshkentda ushlandi

Toshkent shahrida onlayn qimor o‘yinlariga pul topish maqsadida o‘zganing avtomashinasini olib qochgan shaxs huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olindi. Bu haqda poytaxt Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa Yunusobod tumanida sodir bo‘lgan. Gumonlanuvchi avtomoykada turgan Spark rusumli avtomobilni egasining ruxsatisiz haydab ketgan.
Toshkent shahar IIBB Jinoyat qidiruv boshqarmasi hamda YHXB qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida avtomobil Bektemir tumani hududidan topildi va gumonlanuvchi shaxs ushlandi.
Tergovning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu shaxs avtomoykada ishlagan bo‘lib, avtomobilni ehtiyot qismlarga ajratib sotish va tushgan mablag‘ni onlayn qimor o‘yinlariga sarflashni rejalashtirgan.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv hamda protsessual harakatlar davom etmoqda.
Poytaxt YHXB haydovchilarga avtotransport vositalarini qarovsiz qoldirmaslik, kalitlarni begona shaxslarga ishonib topshirmaslik va xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilish zarurligini yana bir bor eslatdi.






























Izohlar 0
…