Ronaldu uchun tikilgan chopon nega o‘ziga emas, o‘g‘liga berildi?

Ronaldu uchun tikilgan chopon nega o‘ziga emas, o‘g‘liga berildi?

Qoraqalpog‘istonlik hunarmandlar tomonidan jahon futboli yulduzi Krishtianu Ronaldu uchun maxsus tayyorlangan milliy chopon va qo‘lda to‘qilgan gilam uning oilasiga topshirildi. Garchi sovg‘a futbolchining o‘ziga berilmagan bo‘lsa-da, u Ronalduning o‘g‘li Krishtianu Juniorga yetkazildi.

Loyihani qoraqalpog‘istonlik bloger Ahmet Tajetdinov va toshkentlik bloger Zafarjon hamkorlikda amalga oshirdi. Ular maxsus tayyorlangan sovg‘ani shaxsan topshirish maqsadida Saudiya Arabistoniga yo‘l olgan. Biroq xavfsizlik talablari tufayli Ronaldu bilan uchrashish imkoni bo‘lmagan.

Shundan so‘ng blogerlar futbolchining yaqinlariga sovg‘ani yetkazish yo‘lini izlagan. Ular chopon va gilamni avval stadion ma’muriyati hamda Ronaldu atrofidagi xodimlarga ko‘rsatgan. Sovg‘a ijobiy baholangach, u Krishtianu Juniorning qo‘riqchilari orqali uning avtomobiliga joylanib, oilasiga topshirilgan.

Milliy naqshlar bilan bezatilgan ushbu choponni Qoraqalpog‘istonning taniqli dizayneri Indira Jumabayeva tayyorlagan. Uning aytishicha, libos Ronalduning sevimli oq rangi asosida yaratilgan bo‘lib, unda olti xil millatga xos milliy naqshlar uyg‘unlashtirilgan.

Dizaynerning ta’kidlashicha, bunday nufuzli shaxs uchun milliy libos tayyorlash katta mas’uliyat bo‘lgan. Loyiha ustida qisqa vaqt ichida ish olib borilgan va chopon har bir detaligacha alohida e’tibor bilan tayyorlangan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar