Avtomobilni jarima maydonchasidan chiqarish tartibi o‘zgaradi

O‘zbekistonda 1 avgustdan boshlab jarima maydonchasidan transport vositasini olib chiqishga ruxsat berish jarayoni to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi.
Yangi tartibga ko‘ra, ruxsatnoma faqat «Jarima maydonchasi» axborot tizimi orqali rasmiylashtiriladi. Avtomobilni maydonchadan olib chiqish uchun maxsus QR-kod taqdim etiladi.
Ichki ishlar vazirligi Soliq qo‘mitasi va Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda ikki oy ichida ushbu platformani soliq organlarining axborot tizimlari bilan to‘liq integratsiya qiladi.
Integratsiyadan so‘ng jarima maydonchasiga joylashtirilgan transport vositalari haqidagi ma’lumotlar soliq tizimida avtomatik shakllanadi.
Tizimda quyidagi ma’lumotlar aks etadi:
• Transport vositasining rusumi va davlat raqam belgisi
• Avtomobilning maydonchaga kiritilgan va undan chiqarilgan vaqti
• Ko‘rsatilgan xizmatlar uchun undirilgan to‘lov miqdori
• Jarima maydonchasi egasining rekvizitlari
Yangi tartib jarima maydonchalari faoliyatidagi hisob-kitoblarni elektron nazorat qilish va transport vositalari harakati haqidagi ma’lumotlarni yagona tizimda jamlash imkonini beradi.































Izohlar 0
…