Toshkentda marhumning uyidan 19 ta miltiq topildi

Toshkentda ikki fuqaro marhum yaqinlariga tegishli o‘qotar qurollar va o‘q-dorilarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ixtiyoriy ravishda topshirdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, poytaxtning Yakkasaroy tumanida yashovchi 1981 yilda tug‘ilgan fuqaro marhum otasi yashagan xonadonni ko‘zdan kechirish jarayonida katta miqdordagi o‘qotar qurollar va ularga tegishli jihozlarni aniqlagan.
U huquqni muhofaza qiluvchi organlarga 1 dona vintovka, 19 dona ov miltig‘i, 13 dona stvol va kolodka, 117 dona o‘q-dori hamda qurollarga tegishli boshqa ehtiyot qismlarni ixtiyoriy ravishda topshirgan.
Shuningdek, Mirobod tumanida istiqomat qiluvchi 1960 yilda tug‘ilgan ayol ham marhum turmush o‘rtog‘idan qolgan qurol-aslahalarni davlat idoralariga topshirdi. Uning tomonidan 2 dona ov miltig‘i va 181 dona o‘q-dori vakolatli organlarga taqdim etilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati fuqarolarni qonunchilik talablariga amal qilishga chaqirib, noqonuniy saqlanayotgan qurol va o‘q-dorilarni ixtiyoriy ravishda topshirish huquqiy mas’uliyatning oldini olishda muhim ahamiyatga ega ekanini eslatdi.






























Izohlar 0
…