Alifbodagi «O‘», «G‘», «Sh» va «Ch» harflarini o‘zgartirish rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini o‘zgartirishga doir qonun loyihasi Qonunchilik palatasida qabul qilindi. Deputatlar ma’qullagan hujjat ko‘rib chiqish uchun parlamentning yuqori palatasiga yuborildi, deb xabar beradi Uz24.uz.
Loyiha amaldagi alifboning tarkibi va ayrim harflarning yozilish shaklini yangilashni nazarda tutadi. Hozirgi alifbo 26 ta harf va uchta harf birikmasidan iborat.
Taklif etilayotgan yangi tartibda alifbo 28 ta harf va bitta tutuq belgisidan tashkil topishi belgilanmoqda. «O‘» va «G‘» harflari, shuningdek, «Sh» va «Ch» tovushlarining yozilishi o‘zgartirilishi rejalashtirilgan.
Amaldagi alifbodagi «Ng» harf birikmasini alohida alifbo birligi sifatida chiqarib tashlash taklif qilingan. Bundan tashqari, ayrim harflarni yozish va qo‘llash bilan bog‘liq qoidalarga aniqlik kiritilishi mumkin.
Muhokamalarda deputatlar islohotni birdaniga emas, bosqichma-bosqich amalga oshirish zarurligini qayd etgan. Shu asosda qonun kuchga kirishidan oldin berilgan pasport, guvohnoma va boshqa rasmiy hujjatlar o‘z amal qilish muddatini saqlab qoladi.
Muomaladagi pullar, qimmatli qog‘ozlar, davlat idoralarining ramzlari, peshlavhalari va ko‘rsatkichlarini ham zudlik bilan almashtirish talab etilmaydi. Ulardan belgilangan muddatga qadar foydalanish mumkin bo‘ladi.
Bu tartib tashkilotlardagi hujjatlar, blanklar va boshqa vositalarni bir vaqtning o‘zida qayta tayyorlash zaruratini bartaraf etadi. Natijada alifbo islohotini joriy etish bilan bog‘liq xarajatlarni kamaytirish ko‘zda tutilgan.
Hujjat Senat tomonidan ma’qullanib, keyingi qonuniy jarayonlardan o‘tganidan so‘ng kuchga kirishi mumkin.































Izohlar 0
…