O‘zbekistondan noyob qadimiy yunon harbiy lageri aniqlandi

O‘zbekiston janubida joylashgan qadimiy tepaliklardan birida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar davomida ellinistik davrga oid noyob kashfiyot amalga oshirildi. Mutaxassislar Iskandartepa hududida aniqlangan inshoot oddiy aholi yashash manzili emas, balki qisqa muddat davomida foydalanilgan qadimiy yunon harbiy lageri bo‘lganini ma’lum qildi. Bu haqda GreekReporter nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, tadqiqotlar Chexiya va O‘zbekiston arxeologlari hamkorligida amalga oshirilgan. Pragadagi Charlz universiteti olimi Ladislav Stancho rahbarligidagi ilmiy guruh ushbu hududni 2017 yildan buyon izchil o‘rganib kelmoqda. 2021 yilda esa zamonaviy magnitometriya hamda yer osti tuzilmalarini aniqlashga xizmat qiluvchi geofizik texnologiyalar yordamida hudud yanada batafsil tekshirildi.
Ilmiy izlanishlar natijasida qariyb 6 gektar maydon tadqiq qilinib, tepalik atrofida uzunligi 400 metrga yaqin bo‘lgan mudofaa xandaqi mavjudligi aniqlandi. Keyingi arxeologik qazishmalar xandaqning eni 4–7 metr, chuqurligi esa taxminan 85 santimetrgacha bo‘lganini ko‘rsatdi.
Arxeologlar xandaq ichida yog‘ochdan qurilgan himoya devorlariga tegishli bo‘lishi mumkin bo‘lgan ustun izlarini ham topishga muvaffaq bo‘ldi. Mutaxassislar fikricha, bu dalillar mazkur joy doimiy aholi manzili emas, balki yaxshi mustahkamlangan vaqtinchalik harbiy qarorgoh sifatida xizmat qilganini ko‘rsatadi.
Qazish ishlari davomida lager hududidan katta hajmli sopol suv idishlari — xumlar ham topildi. Olimlarning ta’kidlashicha, bu idishlarda asosan oziq-ovqat emas, balki suv saqlangan bo‘lishi ehtimoli yuqori. Bunga sabab sifatida hududda doimiy binolar yoki tabiiy suv manbai aniqlanmagani keltirilmoqda.
Bundan tashqari, tadqiqotchilar hududning sharqiy va g‘arbiy qismlarida 90 ga yaqin oval shakldagi chuqurlarni ham qayd etdi. Ilmiy taxminlarga ko‘ra, ularning ayrimlari keyingi davrlarda qabriston sifatida qayta foydalanilgan bo‘lishi mumkin.
Eng muhim topilmalardan yana biri sifatida Yunon-Baqtriya hukmdorlari Evtidem I va Demetriy I davriga mansub tangalar aniqlandi. Bu topilmalar mazkur harbiy lager miloddan avvalgi II asrga, ya’ni ellinistik davr voqealari bilan bog‘liq ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Olimlar Iskandartepani So‘g‘diyona hududida joylashgan Boysari tepasi bilan taqqoslab, uning tuzilishi Markaziy Osiyoda juda kam uchraydigan yunon harbiy lagerlari namunalaridan biri ekanini qayd etmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, ushbu noyob arxeologik kashfiyot zamonaviy geofizik usullar orqali ko‘zga tashlanmaydigan qadimiy yodgorliklarni aniqlash imkoniyati naqadar yuqori ekanini yana bir bor isbotladi. Bu esa O‘zbekiston hududidagi ellinistik davr tarixi va qadimiy yunon harbiy infratuzilmasini yanada chuqurroq o‘rganish uchun yangi imkoniyatlarni ochib berishi mumkin.






























Izohlar 0
…