17:12 / 17.05.2017
5 833

Qashqadaryoda dollarfurushlar ushlandi

Qashqadaryoda dollarfurushlar ushlandi
Omad degani har doim ham kelavermas ekan. Bugun bu gapni A’zam Aliev (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) va uning sheriklari har daqiqada takrorlab turgan bo‘lishsa, ajab emas. Chunki navbatdagi “savdo” ularning boshiga bir qator tashvishlarni olib keldi, deb yozadi “Huquq” gazetasiga iqtibos keltirgan holda Kun.uz.

A’zam Aliev sheriklari Rauf Jo‘raev va Abbos Rahmatov bilan birgalikda qonunga xilof ravishda valyuta qimmatliklarini sotish bilan shug‘ullanishardi. Garchi bu ishning jinoyat ekanligini bilishsa-da, ular bunga qo‘l siltab qo‘yishdi. Afsuski, ular ko‘za kunda emas, kunida sinishini unutishgandi.

Navbatdagi mijoz bilan kelishgan A.Aliev oldi-berdini shahardan chekkaroqda amalga oshirishni ma’qul ko‘rdi va bundan sheriklarini ham xabardor qildi. Ular ikkita mashinada Qarshi shahridagi mol bozori yaqiniga borib, mijozlarni kuta boshlashdi. Mijoz kelgach, A’zam Aliev kelishilgandek, unga 7500 AQSh dollarini 49 million 200 ming so‘mga ayirboshladi. Sheriklar pullarni o‘zlarining mashinalariga joylashtira boshlaganda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari paydo bo‘lishdi va “dollarchi”lardan 7500 AQSh dollari va 4 million 475 ming so‘mni ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirishni boshlashdi.

Tezkor xizmat xodimlarining harakatlarini kuzatib turgan Abbos Rahmatov hozirgina olgan 49 million 200 ming so‘mdan ham ayrilib qolishini yaxshi bilardi. Shu sababli sheriklariga imo qilib, qochish ishorasini berdi.

Kutilmaganda A.Aliev va R.Jo‘raevlar tortishuvni keltirib chiqarishdi. Keyin ularning biri vaziyatdan foydalanib, mashinaga joylangan pulni olib qochdi. Boshqasi esa o‘ziga tegishli “Spark” avtomashinasiga o‘tirib, uni xizmat vazifalarini bajarayotgan xodimlar tomon harakatlantirdi va voqea joyidan yashirinishga urindi.

Buzoqning yugurgani somonxonagacha, degan naql bor. Dollarfurushlar qochib qolishni eplashgan bo‘lsa-da, javobgarlikdan qutulib keta olishmadi. “Qurilish materiallari ta’minoti” MChJ hovlisida qulflangan holatda qoldirilgan “Spark” avtomashinasi SVOJJDLQK departamentining viloyat boshqarmasi hovlisiga olib kelinib, xatlandi. Huquqbuzarlarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, qilmishlariga yarasha jazo tayinlandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qashqadaryoda dollarfurushlar ushlandi