8 646
Tilanchilar majlisi! (Telegramdan kelgan juda qiziq va hajv ostida ma’noli gaplar yashiringan «prikol»)
Shahar tilanchilar uyushmasi rahbari qishki mavsum oldidan barcha tilanchilarni yig‘ib majlis o‘tkazdi. Unda o‘tgan mavsumda erishilgan yutuqlar, jamg‘armalar haqida aytildi, a’zolarning hulqi, intizomi taftish qilindi.
– Hurmatli majlis qatnashchilari, — deya so‘z boshladi tilanchilar uyushmasi rahbari Gado Tilanov. Sizlarning qimmatli vaqtingizni olib bu erga yig‘ishimizdan maqsad o‘tgan mavsum hisoboti bilan tanishish va qishki mavsumga tayyorgarlik ishlari haqida bo‘ladi. Azizlar, bizning sohamizda har bir dam g‘animat, undan unumli foydalana bilishimiz lozim. Aholidan turli shikoyatlar tushayotgani meni jiddiyroq o‘ylab ko‘rishga undayapti. Bir shikoyat xatida yozilishicha, markaziy ko‘chada “ishlaydigan” ishchilarimizni kuppa-kunduz kuni “inomarka” minib kelganini ko‘rishibdi. Darvesh aka, xodimlaringizni ogohlantirib qo‘ying, mashina, taqinchoqlar, chiroyli liboslar faqat to‘y, mehmondorchiliklar uchun! Axir bu ketishda biz odamlarning ishonchini yo‘qotamiz.
– Uzr, boshliq, haligi xodimimiz shahar chekkasida dala hovli qurilishini boshlagandi. Shunga bizni qurilish ishlarida maslahatlashish uchun chaqirgandi. Piyoda kelishga yo‘l uzoqlik qilib mashinasida olib kelib qo‘ygandi.
Rahbarning tepa sochi tikka bo‘ldi. G‘azab bilan gap boshladi: – ish vaqtida shaxsiy ishlar bilan mashg‘ul bo‘lganingiz, kasb odobini buzganingiz, aholi orasida e’tirozlar tug‘ilishiga sababchi bo‘lganingiz uchun eng kam oylik ish haqining 10 baravari miqdorida jarimaga tortilasiz! Axir har biringizni eshak, aravalar bilan ta’minlab qo‘ygan bo‘lsam, isiriqniku tonnalab tushirganmiz. Foydalaninglar, ish sur’atini oshiringlar. Kasb sirini saqlay bilinglar. Bundan boshqa talab qo‘ymayapmiz sizlarga!
Ha, aytgancha, to‘ylarni dabdabasiz, imi-jimida o‘tkazish haqida har majlisda gapiramiz, lekin o‘zgarish yo‘q. Qalandarboy, o‘rningizdan turing. Necha marta aytganmiz, bundayroq to‘yxonada, mashhur san’atkorlarsizam to‘y qilsa bo‘ladi, deb. Siz-chi, siz butun shaharga ovoza bo‘ldingiz. Bizning ham obro‘yimizga putur etkazdingiz. Shu ishingiz tepadagilarning ham qulog‘iga etib boribdi. Yig‘ilishda meni rosa uyaltirishdi. Siz bilan majlisdan keyin alohida gaplashaman.
Yana bir echimini kutayotgan asosiy masalalardan biri – terminal masalasi. Iloji boricha odamlardan naqd pul oling! Ha endi plastik kartochkadan to‘layman, desa nailoj. Shunda ham foizi bilan echishga harakat qiling. Har kun ish boshlashdan avval terminallar sozligini tekshirib turinglar. Shu kunlarda soliqchilar atrofimizda aylanishib qolishdi. Ishingizga puxta bo‘ling. Tilanib-tilanib topganlarimizni ko‘kka sovurmaylik.
Doimo hushyor bo‘lish, ustomonlik bizning vazifamiz bo‘lib kelgan. Ayniqsa, mahallalar, xonadonlarni aylanish oldidan qat’iy tayyorgarlik ko‘rish zarur bo‘ladi. Qaysi kuni boylar mahallasiga 2 ta brigadani yuboribsizlar. Hozir boylar ham anoyi emas, hattoki eshiklarini ochmaydigan bo‘lib ketishyapti. Birinchi brigadaku mayli, ozmi-ko‘pmi ul-bul olishipti. Ketidan ikkinchi brigada borgan. Quruq qo‘l bilan qaytib kelishdi. Qani ish plani, qani mas’uliyat?
Uyushma a’zolarining har biri bu gaplardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, kamchiliklarni bartaraf etishga so‘z berishdi. Shu bilan qishki mavsumga tayyorgarlik ishlari haqida gap bordi.
– Azizlarim, yana qaytarib aytaman, biz uchun odamlarning ishonchi juda muhim. Shuning uchun qishki mavsumda yupunroq kiyinishingizni maslahat beraman. O‘zingizni shunday tutingki, xonadon egasi ham kiyim-bosh, ham issiq ovqat bersin. Yana cho‘ntagingizga mo‘mayroq sadaqa ham solib qo‘ysin. Shamollab qolishdan tashvish tortmang, siz uchun kechayu-kunduz zamonaviy jihozlangan klinikamiz ishlab turibdi. Mavsum tugagach sihatgohda sog‘lig‘ingizni tiklab berish va’damiz bor.
Ha, yana bir gap – shogirdlar masalasi, ularga kasb etikasi, madaniyat haqida ko‘proq o‘rgatinglar. Axir biz kuniga minglab odamlar bilan suhbatlashamiz, yuzma-yuz bo‘lamiz, ularda yaxshi taassurot qoldirishimiz kerak. Kelajak avlodimiz haqiqiy tilanchilar bo‘lib etishishi yo‘lida bor imkoniyatimiz, bilimimiz, salohiyatimizni ishga solaylik, ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsataylik, hushyorlikni o‘rgataylik. Bu hozirgi yoshlarimizning eng katta kamchiligi. Mana masalan, tunov kuni metro stansiyasi tagida bir yosh xodimimiz telefonda o‘yin o‘ynab o‘tiribdi. Qo‘lida “Ayfon”. Yana biri qulog‘ida “naushnik”, Maykl Jeksonni eshitib
o‘tiribdi. O‘zimizning alyorlarimiz, ezg‘in qo‘shiqlarimizni o‘rganishsin, sadaqa, hayriya haqida ibratli maqollardan yod olishsin. Xullas, yoshlar tarbiyasiga jiddiyroq qaraylik, azizlar!
Yig‘ilishda shuningdek, ishbilarmon, uddaburon, ozroq bo‘lsa-da qobiliyatli tilanchilar rag‘batlantirildi. Eng faol tilanchiga diplom va esdalik sovg‘asi, pul mukofoti sadaqa qilindi. Uyushmaga yangi qo‘shilganlar qasamyod qabul qilishdi. Ular sharafiga shahrimizdagi hashamatli “Koshona” restoranida banket uyushtirildi.
Manba: hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”