14:31 / 04.07.2017
9 053

Anvar qori 20 ming dollarlik oltin soati haqidagi gap-so‘zlarga izoh berdi

Anvar qori 20 ming dollarlik oltin soati haqidagi gap-so‘zlarga izoh berdi
Taniqli diniy ulamo, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov Xalqaro press-klubning Majburiy ijro byurosi faoliyatiga bag‘ishlangan anjumanida qatnashganidan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlarda muhokama mavzusiga aylandi, deb yozadi “Daryo”.

Bir vaqtning o‘zida Facebook’dagi bir qator ommabop guruhlar, sahifalarda Anvar qori anjumanda qo‘liga qiymati 18—20 ming dollar atrofida bo‘lgan Ulysse Nardin soatini taqib, qatnashgani haqida yozib chiqdi.

Telegram messenjerida esa Anvar qorining bu gap-so‘zlarga audiomunosabati e’lon qilindi. Unda Toshkent shahar bosh imom-xatibi bo‘lajak juma namozida bu kabi gap-so‘zlarni tarqatganlarga javob berishini ma’lum qilib, ularni «Xudodan qo‘rqishga» chaqirdi.

“Hayitdan oldin soatimni burayotgan edim, «chiq» etib buraydigan joyi buzilib qoldi. O‘sha erda bir yaxshi ukamiz turgan ekan, «Qori aka, mana bu sizga hayitlik», deb ertasiga yangi soat olib kelib berdi. Keyin, ko‘zlari kattagina ekan, deb taqdim. «Necha pul turadi bu soat?», desam: «Men buni BAAdan 250 dollarga olganman, sizga sovg‘a», dedi. Bo‘lgan gap shu.

Buni 20 ming dollar degan gaplarni tarqatib yuborishdi. Astag‘firulloh, shunaqa ham tuhmat bo‘ladimi? Bir narsani o‘zimdan so‘rash, olib bunday tekshirish kerak edi. Masalan, men hech qachon oltin soat taqmayman. Qanaqa gap bu, Xudodan qo‘rqmaydimi bular? Uyat bormi ularda? Juma namozida ularga o‘z javobimni aytaman. Lekin ular Xudodan qo‘rqishsin. Mening gapim shu. Xudodan qo‘rqishsin”,— deydi Toshkent shahar bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov.

Anvar qorining qayd etishicha, shu soatning oltindan ishlangan originali haqiqatan ham 20 ming dollar turadi. Biroq uning qo‘lidagi soat «oltin emas, temirdan».

“Mana, soat hozir qo‘limda turibdi, nechta odamga ham ko‘rsatdim, sovg‘a qilgan ukamiz ham: «250 dollarga olganman», dedi. Hayit kuni hayitlik deb berdi. Bu internetda aytilgan soat emas. Xohlasa, kelib, qo‘limdan olib ko‘rsin. Nomini ham bilmayman, o‘qiganim ham yo‘q. Internetda aytilgan soatning originali bo‘lar ekan — u oltindan ishlanarkan, 20 ming dollar turarkan. Qo‘limdagi soat esa oltin emas, temir bu”,—deya so‘zlarini davom ettiradi Anvar qori Tursunov.

Anvar qorining alohida ta’kidlashicha, u badavlat odam emas va ko‘pchilik o‘ylaganidek BMW avtomobilini haydab yurmaydi:

“Men unday badavlat odam emasman, hozir ham otamning uyida, uch sotix joyda turaman. O‘zim bir dona uy ham qurmaganman. Kim xohlasa, kelib ko‘rsin. ‘Shu erda turasizmi, qori aka?’, deb hayron bo‘ladi odamlar. Beshta bolam bor, onamni boqaman. Menda BMW yo‘q. Oddiy Captiva’ning eski nusxasi bor-ku, shu bor. Shuni ham tijorat bilan shug‘ullanadigan o‘g‘lim olib bergan.

Bu yolg‘on, bu tuhmat. Bu dushmanlarning ishi. Menga soat sovg‘a qilgan bechora ukamizga: ‘Qaerdan ham menga hayitlik berding?’, deb aytdim. Kulyapti u. Shu gaplarning ozginasi ham to‘g‘ri bo‘lganida ham edi: ‘Ha, endi qimmatbaho shu narsani oldim yoki birov berdi’, deb aytardim. Unaqa emas-ku!”

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Anvar qori 20 ming dollarlik oltin soati haqidagi gap-so‘zlarga izoh berdi