16:02 / 14.01.2018
7 503

"Parda ortidan chiqqan" amaldorlar...

"Парда ортидан чиққан" амалдорлар...
12 yanvar kuni Toshkentda, milliy matbuot markazida xabar berganimizdek O‘zbekiston Respublikasi prezidenti matbuot kotibi tomonidan tashkillashtirilgan ilk briffing bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqan prezident matbuot kotibi Komiljon Allamjonov o‘z matbuot kotiblarini tanishtirar ekan “Ular shu paytgacha parda ortida edilar, endi hammasi ochiq, bo‘ladi.”- deya va’da berdi va bu kabi briffinglar har bir qaror va qonunlar qabul qilingandan so‘ng uyushtirib borilishini aytdi.

Ilk briffingda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari (sarmoyalar va sayyohlik yo‘nalishi bo‘yicha mas’ul) Suhrob Xolmurodov so‘zga chiqdi. U yig‘ilishda qatnashayotgan xorijiy jurnalistlarni inobatga olgan holda rus tilida gapirishni afzal bildi. Hamda, ma’ruzasidan keyingi o‘zbek tilida bo‘lgan savollarga ham rus tilida javob qaytardi. Uning rus tilida so‘zlagani internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Qolaversa, shu kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev o‘zbek tilini bilmagan diplomatlarni tanqid ostiga olgan edi.

Shuningdek, Prezident matbuot kotibi Komil Allamjonovning o‘z matbuot kotiblarini tanishtirgani ham internet tarmog‘ida tanqid ostiga olindi. Uning o‘zi matbuot kotibi bo‘lsa, unga yana ikki kishi matbuot kotiblik qilsa u nima ish qiladi, ma’nosidagi savol jurnalist Pahlavon Sodiq tomonidan yozildi. E’tiroz tabiiy Press-xollda uning yodamchisi anjumanni boshqardi va Komil Allamjonov ikki og‘iz nutq so‘zlab tomoshabinlar qatoridan joy oldi.

Bundan tashqari, Bosh vazir o‘rinbosari bir-qancha savollarni ochiq qoldirdi. Uningcha ushbu savollar uning vakolati doirasiga kirmagan mavzularga oid. Biroq savollar orasida vazir o‘rinbosari faoliyatiga yaqin bo‘lgan sarmoya masalalari haqidagi so‘roqlar ham ochiq qoldi.
Suhrob Xolmurodov Yoshlar telekanali jurnalistining aptekada dorilarning narx navosi haqidagi va Reyters agentligining tarixiy yodgorliklarni tiklashga doir savolini o‘z vakolatiga kirmasligini aytib javob bera olmasligini bildirdi. RIA novosti muxbiri ham savoliga aniq javob ololmaganini bildirdi.

Lekin shunga qaramay ijtimoiy tarmoqlarda ilk press-xoll haqida ijobiy fikrlar ham talaygina. Ko‘pgina savollar ochiqlanmagan bo‘lsada amaldorlarning jurnalistlar qarshisiga chiqishi va bu holatning bundan keyin muntazam amalga oshirilishini ijobiy baholash mumkin. Birinchi qadam kamchiliklardan holi bo‘lmaydi. Bir yil avval qaysidir amaldorni jurnalistlarga peshvoz chiqishini tasavvur ham etolmasdik. Xalq esa ko‘pgina hokimiyat tepasidagi shaxslarni tanimas edi. Bugun ular TVda ko‘rinmoqda, tanqid qilinmoqda. Eng muhimi Allamjonov aytganidek parda ortidan chiqildi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » "Parda ortidan chiqqan" amaldorlar...