9 407
Karimovga oson deganlar o‘qisin: Rossiyaning boshimizga solgan pul mashmashasi, chippakka chiqqan davlat to‘ntarishi va hibsdagi oltinlar haqida
Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimovning birinchi va oxirgi Davlat kotibi Rahim Rajabov O‘zAga intervyu bergani haqida xabar berib, ushbu intervyuning bir qismini e’tiboringizga havola etgan edik.
Quyida yoshi 80 dan o‘tib, to‘qson bilan to‘qnashish tomon ketayotgan Rahim Rajabovning xotiralarini o‘qiysiz.
Rahim Rajabov, O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning birinchi va oxirgi Davlat kotibi:
— O‘zbekiston Mustaqilligining uchinchi yo to‘rtinchi yili edi. Milliy valyutamiz yo‘q edi, O‘zbekiston Rossiya rubli bilan faoliyat yuritmoqda edi. Ayni paytda Mustaqillikka erishgan davlatimiz o‘z milliy pulini chiqarishi yuzasidan ish olib borilayotgandi.
Sobiq ittifoqdosh respublikalar, jumladan, O‘zbekistonni ham yagona rubl hududida ushlab turish Rossiya uchun foydali edimi? Rossiya davlat banklaridan bizga rus banknotalari yetarli miqdorda muntazam kelib turar edi. Lekin bu holatning biz uchun na ma’naviy, na moddiy va na moliyaviy foydasi bor edi. Haqiqiy - ham siyosiy, ham iqtisodiy mustaqil davlat sifatida e’tirof etilish, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa xalqaro muassasalarga to‘laqonli a’zo bo‘lish uchun O‘zbekiston o‘z milliy chegarasi, konstitutsiyasi, gerbi, madhiyasi va, albatta, o‘z milliy valyutasiga ega bo‘lishi shart edi.
Lekin shuncha vaqt o‘tsa ham hamon o‘zimizning milliy pulimizga ega emas edik. Yangi pul ishlab chiqarish oson emasligini davlat rahbari ham, iqtisodchilar, mutaxassisu moliyachilar ham yaxshi tushunishar edi.
Agar biz o‘sha paytda milliy pulimizni chiqarayapmiz, deb ovoza qilsak bormi, Rossiya O‘zbekistonga qog‘oz pul berishni taqqa to‘xtatib qo‘ygan bo‘lar edi. Ana unda asosiy moliyaviy muloqot vositasidan ham mahrum bo‘lgan yosh mustaqil respublikaning ahvoli, qariyb 22 millionli xalqning hayoti, sanoat, qurilish, qishloq xo‘jaligini boshqarish nima bo‘lishi faqat Allohga ma’lum edi. Ittifoqning tarqalib ketishida o‘zlari tashabbus ko‘rsatgan bo‘lsalar-da, biz mustaqil bo‘lganimizni unchalik ham xushlamas edi. Buni tushunadigan tushunadi, tushunmaydiganlarga tushuntirib ham bo‘lmaydi.
Lekin bir narsa oydek ravshan edi. Davlatlararo munosabatlarda barcha masalalar – qishloq xo‘jaligi, sanoat yo qurilish va hatto mudofaa masalasida ham hamkorlik qilish mumkin edi. Faqat pul masalasida emas. Zero, pul o‘ta nozik – siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, moliyaviy masala. Boshqa davlatning pul birligida xo‘jalik yuritish esa kutilmagan tomonlari bilan qaltis va nihoyatda xavfli ekanini hayotning o‘zi isbotlayotgan edi. Katta yoshdagi yurtdoshlarimiz yaxshi eslasa kerak, Rossiya davlat banki eng katta pul birliklaridan bo‘lgan 50 rubllik banknotani hech qanday e’lonsiz to‘satdan almashtirib, aholi shaxsiy jamg‘armasini qo‘ying, hatto endi oyoqqa turayotgan kichik va o‘rta tadbirkorlaru katta biznesmenlarni ham ag‘dar-to‘ntar qilib tashlay, degan edi.
Prezident shu haqda o‘ylar edi. Axir, Rossiya davlatni, xalqni boshqarish qonun-qoidalariga zid holda, bir kechaning o‘zida 50 rubllik qog‘oz pullarini bekor qildi-ku?!
O‘shanda bizda davlat boshqaruvi tarixida kutilmagan qaltis vaziyat ro‘y berdi. Prezident hatto O‘zbekiston televideniyesi orqali chiqish qilib, “pulinglar bo‘lsa mol-jon sotib olinglar, ushlab turmanglar, sarflanglar”, deb to‘g‘ridan-to‘g‘ri xalqqa murojaat qildi.
Rossiya eski pulining o‘rniga bir necha himoya vositasiga ega bo‘lgan yangi pulini chiqardi. Oldi-sotdiga joriy etildi, lekin O‘zbekistonda hali hech kimda bunday pul yo‘q edi. Odamlar qo‘lida bo‘lgan eski 50 rublliklar bir kechada kuyib ketdi. O‘shanda bozor iqtisodiyotiga o‘tishni, mustaqil ish faoliyati yuritishni endi boshlagan qanchadan-qancha odamlar qo‘lida ko‘k rangli dasta-dasta pullar faqat tandir-o‘choqda yondirishgagina yaraydigan oddiy bir qog‘ozga, “pista po‘choq”qa aylandi-qoldi.
O‘z pulimizning yo‘qligi ish samaradorligiga ham ta’sir ko‘rsata boshladi. Bunday vaziyatda nima qilish kerak, degan savol Islom Karimovga tinchlik bermay qo‘ydi. Bilasizmi, shunday murakkab bir paytda buyuk sarkarda Amir Temur yordamga keldi, desam, hech mubolag‘a bo‘lmaydi. Aniqroq aytganda, Sohibqironning mablag‘i tugab qolgani, hatto askarlarga beradigan nafaqa puli ham yo‘qligi haqida dunyoning qaysidir mamlakatidan chopar orqali Samarqandga yo‘llagan maktubi va unga suyukli yori, maslahatchisi Bibixonimdan kelgan javob Islom Karimovning yodiga tushdi. Buyuk Amir Temurning aqlda tengsiz, suyukli rafiqasi Bibixonimning “Amirim, ha, agar pulingiz yo‘q bo‘lsa, aqlingiz ham yo‘qmi, unga nima bo‘lgan?!” degan so‘zlari Islom akaning bu masalaga yechim topishiga katta turtki berdi.
Shu gaplarni yozyapman-u, Islom Karimovning mustaqillikning dastlabki yilida xorijga qilgan tashriflari yodimga tushadi. Pul islohotidan bir-ikki yil burun O‘zbekiston Prezidenti avval Hindistonga, so‘ng Turkiyaga rasmiy tashrif bilan bordi. Xorijiy safarga ketish arafasida delegatsiya a’zolariga “vedomost”ga qo‘l qo‘ydirib, Hindistonga bo‘ladigan uch kunlik safarga 16 dollar, Turkiyaga esa 21 dollar miqdorida xizmat safari haqi berilgan edi. Ha, haqiqatan ham pul tanqis edi. Odatda, pul yo‘q bo‘lsa, oldi-berdi ham to‘xtaydi.
“Pul yo‘q, xo‘sh, nima qilish kerak?”, deb boshi qotib turgan Islom Karimovning xayoliga yarq etib bir fikr keladi. Ha, puli bo‘lmasa ham ilgari so‘nggi misqoligacha Markazga jo‘natilgan, puldan ham a’loroq, butun jahon hisoblashadigan oltini bor-ku O‘zbekistonning! Lekin O‘rta asrlarda bo‘lgani kabi oltinni cho‘ntakka solib olib yurib bo‘lmasa, unga do‘kondan biror narsa xarid qilish imkonsiz, xorijiy aeroportlarda yonilg‘i uchun hisob-kitob qilib bo‘lmaydi! Yana xayollarga cho‘mdi Prezident “Nima qilish kerak?”
Yodimda! O‘sha paytda Islom Karimov sanoqligina rahbarlarni xonasiga yig‘ib shunday dedi: “Muhokama qiladigan mavzuimiz juda nozik. Milliy pulimiz muammosi. O‘zimizning milliy valyutamizga o‘tish masalasi murakkab va u cho‘zilib ketayapti. Biz ikki yirik davlat bilan muzokaralar olib bormoqdamiz. Bu o‘zaro ikki tomonlama o‘ta yopiq muzokaralar bo‘lgani sababli gap shu yerda va shu xonada qolishi shart”, deb biroz sukut saqladi-da, so‘ng gapida davom etdi: “Pulni bosish jarayoni deyarli tugagan, qog‘oz pullar shu davlatlar omborlarida tayyor turibdi. Faqat shu qimmatbaho qog‘ozlarga ketgan sarf-xarajat haqini to‘lab, o‘zimizning mutaxassislarimiz tomonidan yaratilgan va qator himoya chiziqlariga ega bo‘lgan o‘zbek milliy qog‘oz pulini O‘zbekistonga olib kelishimiz kerak. Bu bilan mustaqillikka erishish yo‘lida yana bir muhim qadam qo‘ygan bo‘lamiz. Biz bu davlatlar bilan o‘zbek so‘mi uchun bozor bahosida oltin bilan hisoblashamiz”.
Sizni, Rahim Rajabovich, shu davlatga (rivojlangan davlatlardan birining nomini aytdi), yana bir mas’ul xodimga qarab, sizni esa (endi Sharq davlatlaridan birini tilga oldi) yuborishni rejalashtirayapmiz. Bir narsada nihoyatda ehtiyot bo‘lishingizni so‘rayman. Xorijga uchayotgan samolyot Rossiyaning Ilichevsk shahrida yonilg‘i olishga to‘xtaydi, har bir aeroportda bo‘lgani kabi u yerda ham samolyotni nazorat qiladigan bojxona xizmati mavjud. Bu tomonga uchayotgan samolyot (Yaqin Sharqdagi mamlakat aeroportining nomini aytdi Islom aka) shu yerda yonilg‘i olish uchun to‘xtaydi, u yerda ham bojxona bor. Bu masalalarni tushuntirish yo‘li bilan, shovqin-suronsiz, tinchgina hal qilmoq kerak.
Albatta, kutilmagan bu topshiriqdan avvaliga sarosimaga tushib qoldim. Shunday bo‘lsa-da, xonasida, odamlar oldida e’tiroz bildirganim yo‘q. Lekin, yig‘ilishdan keyin Islom Karimov xonasiga kirib:
“Islom aka, men temir-tersakni bilaman, zavod-fabrikani bilaman, ana boring, qurilishning ham uddasidan chiqishim mumkin. Buning ustiga men ingliz tilini bilmasam, bunaqa operatsiyalarga umuman uquvim ham yo‘q”, deya bunday murakkab va nozik topshiriqdan meni ozod qilishini so‘radim.
Islom akaning qattiq jahli chiqdi va menga qarab:
“Ha qo‘rqoq, yana davlat kotibi emish-a”, deb baland ovozda gapirib tashladi.
Chidadim, nima ham qilishim mumkin edi? Milliy valyuta masalasi nihoyatda muhim, uni zudlik bilan joriy etish kerak. Keyin Prezident kimningdir manfaatini emas, xalq manfaatini, davlat manfaatini o‘ylab ish qilayapti. Lekin, keyin ma’lum bo‘lishicha, qaysidir bir aeroportda samolyotimiz ushlangan. Tillolar hibsga olingan. Maxsus xalqaro komissiya barchasini tekshirgan. Tahlil qilib ko‘rilgach, bu tadbirda hech kimning qora bir niyati, shaxsiy manfaati yo‘qligi sababli va bu operatsiya endi mustaqillikni qo‘lga kiritgan xalq manfaati va jahon xaritasida yangi paydo bo‘lgan yosh davlatning bir martalik tadbiri ekani kabi asl sabablari tushuntirilgach, muammo diplomatik va yuridik yo‘l bilan hal qilindi. Balki shu paytlarda “zulmat saltanati” deb yuritiladigan Sovet Ittifoqidan ajralib chiqqanimiz ham yordam bergan bo‘lsa, ajabmas.
Shunday qilib, mustaqil O‘zbekiston o‘z puliga ega bo‘ldi. Lekin bu hali haqiqiy milliy valyuta emas, vaqtinchalik pul qog‘ozlari edi, xolos. Xudoga ming qatla shukurlar bo‘lsinki, hozir mana O‘zbekiston o‘z tangasiga, boshqa pul birliklariga nisbatan qadr-qimmati belgilangan, yaxshi himoyalangan qog‘oz pullariga, davlat g‘aznaxonasiga, zamonaviy pul bosish korxonalariga, yuzlab banklariga ega.
1991 yilning avgusti. Moskvada o‘zini Davlat favqulodda holat qo‘mitasi (GKChP) deb atalgan bir guruh siyosiy avantyuristlar davlat to‘ntarishini sodir etishga uringan kunlar Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov o‘zining xorijga dastlabki rasmiy tashrifi bilan Hindistonda edi. Mustaqillik uchun qattiq kurashgan Islom Karimov yashirin holda chaqirilgan bu yig‘ilishdan, tabiiyki, bexabar edi.
Ha, albatta, davlat mustaqilligini qo‘lga kiritish, keyin uning oyoqqa turishi hech qachon oson bo‘lmagan. Endigina mustaqillik nashidasini surayotgan qariyb 22 millionli O‘zbekiston xalqini har kuni oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa hayotiy zarur vositalar bilan ta’minlash kerak. Do‘konlar, bozor rastalari bo‘m-bo‘sh. Axir, ishchilarga maosh, pensionerlarga nafaqa, talabalarga stipendiya berish, qo‘yingki, jamiyatda, insonlar orasida bo‘ladigan o‘zaro munosabatlarning qariyb barchasi pul orqali amalga oshiriladi. Biz esa 3-4 yildan buyon boshqa davlat puli bilan yashar, moliyaviy faoliyat yuritar edik. 130 yil davomida poymol etilgan g‘ururimiz hamon to‘liq tiklanmagan edi. Shunday bir vaziyatda Islom Karimovning tashabbusi va g‘ayrati bilan hukumat va moliya vazirligi xodimlarining xatti-harakatini haqiqiy jasorat, desa bo‘ladi. Bu ishda shu paytdagi rahbarlarning mustaqil O‘zbekistonga bo‘lgan mehri, vatanparvarligi, milliy g‘oyaga sodiqligi va insoniy pokligi ularni ruhlantirar, dadil harakatlarga chorlar edi. Va, ana shu muhim, qaltis, lekin qilinishi muqarrar bo‘lgan ish amalga oshdi.
Irismat Abduxoliqov, muallif:
— Rahim aka bilan shirin suhbatimizdan keyin ne-ne xayollar bilan ishxonaga qaytdim. Buni qarangki, maosh berishayotgan ekan. G‘aznaxonaga borib oyligimni oldim. Cho‘ntagimdagi pullar bilan bundan qariyb 25 yil muqaddam sodir bo‘lgan butun bir tarixni ko‘tarib ketayotgandek edim. Pulimni cho‘ntagimga solib uyga mag‘rur qaytar ekanman, non-yog‘, go‘sht-sut, elektr quvvati, gaz, neft mahsulotlari yetkazib berayotgan, pul ishlab chiqarayotgan, osoyishtaligimizni ta’minlayotgan barcha-barchaga minnatdorlik tuyg‘usi qalbimda jo‘sh urdi.
Manba: Qalampir.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi