08:30 / 24.01.2018
4 052

Devor oshilmagan o‘g‘rilik yoki omonatga xiyonat...

Devor oshilmagan o‘g‘rilik yoki omonatga xiyonat...
“Qobusnoma”da bir rivoyat bor. Qisqacha mazmuni shunday:
....Bir kishi kech oqshom hammomga boradigan bo‘ldi. Unga hamrohlik qiladigan do‘sti zarur ishi borligini aytib, ikki yo‘l ayrilgan joygacha bordi. Ammo o‘sha manzilga yetgach, xayrlashmay o‘z yo‘lida ravona bo‘ldi. Shu payt hammomga boruvchining izidan o‘g‘ri tushdi. Haligi kishi esa, qorong‘u emasmi, ortidan kelayotgan do‘stimdir, deya xayol qildi. Hammomga yetgach, uning eshigi oldida qo‘ynidagi 100 tillani chiqarib, do‘stiga omonatni saqlab turishni iltimos qildi. Yuvinib chiqqach, kiyimini kiyib, yo‘lga tushdi. O‘g‘ri esa hayron bo‘lib, uning ortidan zaringni olgin, deb chaqirdi. Haligi kishi qorong‘uda uni tanimadi.

– Sening omonatingni saqlayman, deb ishimdan qoldim, – dedi chaqirgan kimsa.

Shundan so‘nggina haligi kishi uning kimligini so‘radi.

–Men bir o‘g‘riman, – javob beradi tillani topshirmoqchi bo‘lgan odam.

– Agar sen o‘g‘ri bo‘lsang, nima uchun zarni olib ketmading?

– Sen bu zarni menga omonat topshirding. Omonatga xiyonat qilish jo‘mardlikdan emas, – dedi o‘g‘ri.

Rivoyatga kimdir ishonadi, kimdir yo‘q. Lekin u ming yildirki, bizga bebaho qadriyatlardan biri jo‘mardlik sabog‘ini eslatib keladi. Biz bu hikmatni eslaganimiz ham bejiz emas.

Inson oilasi, farzandlari uchun yashaydi, o‘zi yemay, yediradi. Insofu diyonatli bo‘lsin, deydi. Keksalar ertaning shirin tashvishi uchun, deb nafaqa pulidan orttirib to‘rt tanga jamg‘aradi. Farzandlarimga malol kelmasin, deydi-da. Bu jo‘mardlik.

Lekin shu kunlarda bir otaxonning omonatiga xiyonat qilindi. Biror kunimga yarab qolar, deb yiqqan 600 dollari yo‘qolib qoldi. Aytgancha, oqsoqol to‘qima obraz emas. U Buxoro viloyatining Buxoro tumani Qorajeri qishlog‘ida yashaydi. Ismi - Q.I.

Qiziq. Darvozadan biror begona kirmagan. Tunda birov devor oshmagan bo‘lsa... Qariya voqeadan oila a’zolarini xabardor qildi. Barcha hayron. Otaxon tuman ichki ishlar bo‘limiga arz qildi. Osoyishtalik posbonlari jabrdiydadan tartib-taomilga ko‘ra, gumondorini so‘radi.

Otaxon yoqa ushlab, bosh chayqadi:
–Nimalar deyapsiz? Gumon iymondan ayiradi, axir!

Surishtiruv ishlaridan so‘ng tugunning uchi topildi. O‘g‘ri kim ekan, dersiz? Shu xonadonning kelini, istihola qilib nomini o‘zgartirgan holda keltirayotganimiz – Mohimsara aybni bo‘yniga oldi. Qaynotasi uyda yo‘qligidan foydalanib, uning xonasidan pulni o‘g‘rilagan ekan.

Qaynota peshonasiga bitta urdi... Yer yorilsa-yu, kirib ketsa, bu kunlarni ko‘rguncha. Agar ota shundayligini bilganida, 40 yoshli kelinposhsho oldinroq xijolat bo‘lganida, uydagi gap ko‘cha chiqmasdi.

Ana shunday ahvol Shofirkon tumanidagi Dorigar mahallasida yashovchi H.O. xonadonida ham yuz berdi. Bu yerda ham o‘g‘ri begona emas, 19 yoshli o‘g‘il O.P. o‘z uyidan 1 million 900 ming so‘m va qiymati 100 ming so‘mlik uyali telefonni o‘g‘irladi.

Na iloj, yozilgan da’vo arizasi ro‘yxatga olingan. Shu bois ham tuman IIB tergov bo‘linmasi tomonidan ish yuzasidan aybdorlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi...

Bu yog‘i nima bo‘ladi? Taxminimiz bunday: aybdorlar qilmishidan astoydil pushaymonligini bildiradi, tavba-tazarru qiladi. Bechora otalar ko‘ksiga pichoqsiz xanjar urilgan bo‘lsa-da, kechiradi. Odil sudlov ham tomonlarning yarashuvini inobatga olib, bag‘rikenglik tamoyiliga hamohang qaror qabul qiladi. Oila qo‘rg‘oni mustahkam bo‘lishini o‘ylab, biz ham aslida shunday bo‘lishini istaymiz...

Yana pulga qaytamiz. Aqchangiz yo‘qolsa ham albatta xafa bo‘lasiz. Ammo ko‘chada oldirib yoki tushirib qoldirgandagi alam uyda yo‘qotganing oldida hech gap emas. Ko‘ngilni larzaga soladigani omonatga xiyonat! Ishonchga darz ketgani. Mehr atalmish bebaho gavhar mahv etilgani. Endi uni tuzatib bo‘larmikan? Hamma gap shunda!
Erkin Yodgorov

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Devor oshilmagan o‘g‘rilik yoki omonatga xiyonat...