Poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi “Ganga” dahasida universitetimiz talabalari orasida mashxur “bag‘ri keng” 3 xonalik ijara kvartira bo‘lar edi. Universitet yotoqxonasidan joy yetmay, tashqaridan kvartira topishga majbur bo‘lgan, bu kvartiradan xabardor talabalarning xayoliga birinchi chora sifatida vaqtincha bo‘lsa ham shu kvartirada yashab turish fikri kelardi. Sababi bu kvartirada o‘ntacha atrofida talaba qo‘nim topishi mumkinligi, aksar holda bu kvartirada 1-2 ta vakant joy bo‘lishi ehtimoli kattaligi, hech bo‘lmaganda, bag‘ri keng talabalar, vaqtincha bo‘lsa-da, 12-13-talabani ham “boshini silash”ga tayyor ekanliklarida edi.
Menga ham bir muddat shu “koshona”da qo‘nim topish nasib etgan. Ko‘pchilik emasmi, u yerda “xotirjam yashash” uchun fikriy plyuralizm, fe’l-atvorlarning xilma-xilligi, manfaatlar to‘qnashuvi kabi omillarga tayyor, bag‘rikeng, vazmin inson bo‘lmasangiz, ayb o‘zingizda, asabbuzarlik asoratlari tez kunlarda sizga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmasdi.
Bu uyda “Kelinlar qo‘zg‘aloni”da qaynona ketib qolgan palladagi kabi har kim o‘zi aloxida qozon osishga haqli, uy tozalash ishlarida Sotti kabi dimog‘dor “kelin”lar ishtirok etmasligi ham mumkin edi. Keng fe’l bo‘lsangiz, kunora qiziqarli sarguzashtlarga boy hayot sizga kafolatlangan. Toshkentda viloyatdan kelib, vaqtincha yashagan, propiska muammosi-yu uyma-uy tekshiruvlarga uchramagan kim bor?!
Mazkur kvartira ancha yillardan beri talabalar orasida qo‘lma-qo‘l bo‘lganidan uchastkovoy (shu hudud noziri) bu yerda aynan talabalar turishini yaxshi bilardi. Shunday bo‘lsa ham, ba’zan “plan to‘ldirgani” bizdan foydalanar edi. Yodimda, talaba sifatida vaqtinchalik propiskamiz bo‘lsa ham, bir marta bizga tegmayotganlarini pesh qilgach, RUVDga borib, propiskasiz yurganlar qatorida barmoq izlari topshirib, plani to‘lishiga hissa qo‘shib kelganmiz. U zamonlar bu tizimlarda mantiqsiz ish yuritishlar hozirgidan ancha ko‘p edi. Ular bilan, bu ishing mantiqsiz deb tortishsangiz, bitta ahmoq dushmaningiz ko‘paygani qolardi, xolos. Bu uchastkavoylar bilan sarguzashtlarimiz ko‘p bo‘lgan. Eng g‘aroyibi kvartiramizda tintuv o‘tkazib, diniy “ashyoviy dalillar” bilan melisaxonaga olib chiqib ketishganida bo‘lgan. Joynamozlar, kitob va disklar, hatto qovulgan o‘zbek choponi...
“Qulflangan” disk
Ishlar bilan ko‘chada yurgandim. Hamxonalardan biri telefon qildi. Uchastkavoylar ijarada turgan kvartiramizga kirib, tintuv o‘tkazibdi. Ko‘ziga shubhali ko‘ringan barcha narsalar bilan birga uydagi bolalarni ham melisaxonaga olib chiqib ketishibdi. Uyda bo‘lmaganlarni telefon orqali chaqirishlarini talab qilishibdi. Borsam, uy ostin-ustin qilingan, “yuz yil tegilmagan”, taxmonga yig‘ilgan eski, uvadasi chiqqan ko‘rpachalar ham yerda sochilib yotibdi. Xonamga kirsam, ba’zi kitoblarim va 20-30 tacha disk solingan quti joyida yo‘q. Eng qizig‘i, noutbukim turibdi. Aftidan noutbuk ularning ko‘ziga kitob va disklardan ko‘ra kamroq shubhali ko‘ringan. Kitob, disklarim orasida javobgarlikka tortishga arzigulik narsa yo‘qligiga ishonsam-da, ko‘ngilda hadik-qo‘rquv bilan uchastkavoy huzuriga yo‘l oldim.
Melisaxonada xonadosh talabalar turibdi. Stol ustida kvartiradan topilgan, ashyoviy dalil sifatida olingan diniy, arabcha kitoblar, disklar, arab tilidan konspekt daftarlar, joynamozlar va o‘sha avval aytib o‘tganim, qovulgan eski ko‘k rangli o‘zbek milliy choponi. Uni taxmondagi ko‘rpachalar orasidan topishibdi. Hatto o‘zimiz ham bu to‘nni avval ko‘rmaganmiz. Qaysi “antik davr” talabasidan meros qolgan u to‘n, yolg‘iz Allohga ayon. Uchastkavoyning aytishicha, qo‘shnilardan tushgan shikoyat asosida tekshiruvga kelishgan ekan. Yana kim biladi deysiz.
Kitoblarni mutaxassisga tekshirtirishdi, o‘zimiz da’vo qilgandek, ichkarida bosilgan “legalnыy” diniy kitoblar va arab tili darsliklari ekanligi oydinlashdi. Disklarni ham o‘sha yerdagi kompyuterda men yetib kelishimdan oldin ochib ko‘rishibdi. Ha aytgancha, disk ichidagi fayllarni tekshirishda qiyinchilik yuz beribdi. Uchastkavoy: “Sen diskdagi ba’zi fayllarni qulflab qo‘ygan ekansan. Mening shunday haker yordamchilarim bor, har qanday disklaringni ham ochib bera oladigan. Fayllarning hammasini ochib berdi”, ― deb to‘ng‘illadi.
E’tibor bersam, gap PDF fayllar haqida ketyapti. Aftidan kompyuterida bu fayllarni ochadigan dastur (PDF reader) bo‘lmagan, natijada kompyuter bu fayllarni tanimagan. Aytilgan “haker” esa o‘sha dasturni o‘rnatib, uchastkovoy aytgan qulfni “ochgan”. U disklarda har xil kerak-nokerak dasturlar, elektron darsliklar va internetdan ko‘chirib olingan, qandayligi o‘zimning ham yodimda yo‘q, maqolalar bor edi. U paytlar har doim internetga kirishga qodir bo‘lmagan, kamsuqum, kamxarajat talabalar qatori ma’lumotlarni imkon bo‘lganda internet kafedan tortib olib, diskka saqlab oladigan odatim bor edi. Yana kursdoshlarda kerakli ma’lumot topilib qolsa ham, ko‘chirib olardim. Disklardagi ma’lumotlar 3-4 yil davomida to‘planganligi sabab, ular ichidagi hamma ma’lumotning ham qandayligi aniq esimda yo‘q edi.
Ko‘p o‘tmay qo‘rqinchli tashkilot ― MXX (hozirgi DXX – tahr.)dan chaqirilgan vakil keldi. Ashyoviy dalillarga bir qator nazar tashladi-da, disklarni ekspertizaga topshirishga, boshqalarini esa qaytarib berishga ko‘rsatma berdi. Joynamoz va milliy iftixorimiz choponni ko‘rganda esa, melisalarning saviyasiga “qoyil” qolganini yuz ifodasidan sezish mumkin edi. Harqalay “o‘gay” bo‘lsa ham, funksional qarindoshligi bor emasmi, bizning oldimizda ularni izza qilgisi kelmadi shekilli, indamadi. Biz bilan profilaktik suhbat o‘tkazdi. Dinga ortiqcha berilmaslik, ekstremistik tushunchalar, tashqaridan bo‘layotgan buzg‘unchi g‘oyaviy xurujlar haqida gapirdi. Biz esa katta jinoyat ustida ushlangan aybdorlar kabi boshimizni egib, gaplarini tasdiqlab, oxirigacha tinglab o‘tirdik. Dubaydagi boylarning “ShEYX”, olim kishilarning esa “ShAYX” deyilishini, ularning boy yoki ilmli ekanini “Ye” va “A” harflaridan ajratib olish mumkinligini ham o‘sha suhbatdan bilganman. Lekin hozirgacha, o‘sha mantiqqa asosan, ham boy, ham olim kishi bo‘lsa, qanday atalishi haqida bir to‘xtamga kela olmadim. Balki “ShEAYX” bo‘lar, yana bilmadim.
Profilaktik suhbat tugab, ketishga ruxsat berishdi. Disklarning ekspertiza javobi kelsa, xabar berishlarini, bir nima chiqsa, o‘zimdan ko‘rishimni eslatib, chiqarib yuborishdi. Qutilganimizga shukr qilib, hamma o‘ziga tegishli narsalarni olib chiqib ketdik. Baribir, ko‘ngilning bir chetida ekspertizaga yuboriladigan disklardan ozroq xavotir qoldi. Chunki “tinchliksevar” qo‘mitamiz pashshadan fil yasashi, palovdan boshqasi o‘zbekning oshqozoniga yot, hazm qilolmaydi deganday ― tashqaridan olingan ma’lumotlarni mazhabimizga zid, ekstremistik deb baholashlari ehtimoli katta edi. Vaqt o‘tib xavotirim o‘rinli bo‘lgani ma’lum bo‘ldi.
Sudlanganlik tamg‘asi
Bir kuni uchastkavoylarimizning yoshrog‘i shoshilinch chaqirib qoldi. Qarorgohiga borsam, tezda RUVDga borishimiz kerakligini aytdi. Xuddi yo‘q desam, o‘zing bilasan deb, o‘z holimga qo‘yadigandek, xo‘p deb, rozi bo‘ldim. “Jiguli”siga o‘tkazib, uchirib olib bordi. RUVDga kirgandan so‘ng avval uchastkavoy bir xonaga kirib, meni olib kelganligini aytib chiqdi. Keyin men kirdim.
Ichkarida tasavvur qilganimdan ixchamroq, o‘zidan ko‘ra kursisi haybatli formasiz xodim formali yordamchisi bilan o‘tirgan ekan. Meni ko‘rdi-da, yordamchisidan qo‘mita yuborgan xulosani so‘radi. Qo‘mita xulosani ancha oldin yuborgan, bular esa mas’uliyatsizlik qilib, boshqa hujjatlar orasida e’tiborsiz qoldirishgan ekan. Xodimning aytishicha hujjatlarni tartibga keltirayotib, ko‘zi tushib, yodiga kelibdi. Sal bo‘lsa, ishning muddati o‘tib ketib, men sudga tortilish “baxti”dan mahrum bo‘larkanman. Uchastkavoy shoshilinch chaqiruvining sababi ham shu bo‘lgan ekan. Undan meni tezda olib kelishni so‘rashibdi.
Ekspertiza javoblarini ko‘rsatishdi. Disklarning bittasi chatoq chiqibdi. Ichida “chetdagi g‘alamislar” yozgan, aqidaga oid 2-3 ta maqolalar saqlangan fayllar bor ekan. Bittasi esimda, tavhidning uch asosi yo turi deb nomlangan maqola edi. Qolganlari aniq esimda yo‘q. Diniy qo‘mitaning “qimmatli” vaqtini olganimga jahli chiqqanmi yo alohida xulosa yozishga erinib, tayyor boshqa “kattaroq” ishning xulosasini yopishtirib yuborganmi, bilmadim. Lekin yozilgan xulosadan o‘zimni “hizbut-tahrir”ning nizomi bilan qo‘lga tushganday his qildim. Tinchlikka raxna soladigan, odamlar orasida ayirmachilik ketirib chiqaradigan, o‘qigan odamni qo‘rqitadigan yana bir narsalar bilan baholangandi u topilmalar. IIB xodimlarining ham ko‘zi bu xulosalarga o‘rganib qolganmi, ortiqcha e’tibor bermasdan, peshonasini tirishtirib, bir-ikkita nasihat qildi. Men ham nadomat yuz ifodasida tinglab turdim. Keyin ishimni sudga oshirib yubordi.
Bir necha kundan so‘ng sud ham bo‘ldi. Sudya huzurida turibman, to‘polon qilgan eng kichik o‘g‘liga gapirgandek, o‘dag‘aylab uch-to‘rtta gap aytgan bo‘ldi-da, ma’muriy kodeksning qaysidir moddasi bilan eng kam ish haqqining nechadir barobarida (aniq esimda yo‘q, lekin o‘n barobardan kam) jarimaga tortdi. Bir og‘iz vaziyatimni tushuntirib, yengillatishini so‘radim, inobatga olmadi. Bu jarima u vaziyatda katta ko‘ringan bo‘lsa-da, diniy motivlar bilan ayblanganlarning o‘sha paytlardagi qismatini eslab, ancha oson qutildim deb o‘yladim. Uyga qaytdim.
Hamxonalar bilan suddagi taassurotlarimni o‘rtoqlashdim. Hammasi: “Mayli aka, pul topilar, oson qutilibsi” ― deb tasalli berishdi. Men ham shu fikrdaligimni aytdim. Ichimizda huquq yo‘nalishida o‘qiydigan bir talaba ham bor edi. Birdan shu bola: “Sudlanganingiz chatoq bo‘ldi-da, keyinchalik ishga kirishda sudlangan deb, ta’sir qiladi”, ― deb qoldi. Bu gapdan hamma o‘ylanib qoldi. “Meni ma’muriy javobgarlikka tortishdi. Sudlangan deb jinoiy javobgarlikka tortilganga tamg‘a bosishadi”, ― desam, bo‘lajak huquqshunos:
“Buni aniqlashtirish kerak, so‘rash kerak”, ― desa bo‘ladim. Oxiri dehqoncha misol keltirdim. “Mendan oldin sud janjallashgan eriga melisa chaqirgan er-xotinning ishini ko‘rdi. Birov ajrashsa ham, sud orqali ko‘radi. Endi ajrashganlarning hammasi sudlangan deb hisoblanadimi?” ― deganimdan so‘ng, tushunganday bo‘ldi.
Jarima pulini ham sheriklar bilan kelishib, hal qildik. Oramizda ishlaydigan bola bor edi. O‘sha bola plastik kartasidan to‘lab turadigan, men u bolaga keyinroq qaytaradigan bo‘ldim. Ha, bu mashmashadan jarima bilan qutildim. Lekin keyinroq, anchadan beri atrofimda isi kelib turgan fitnani ko‘tarishda, bundan ham foydalanishdi...
Otabek USMONOV
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?