08:02 / 06.06.2018
4 905

Prezident qarorida test tizimining kamchiliklari sanab berildi

Prezident qarorida test tizimining kamchiliklari sanab berildi
O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlariga hamda xalqaro standartlar talablariga mos keladigan oliy ta’lim tizimini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.Hududlarda yangi oliy ta’lim muassasalarining tashkil etilishi, kadrlar tayyorlashning zamonaviy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari hamda sirtqi va kechki bo‘limlarning ochilishi, oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalarining oshirilishi mazkur yo‘nalishdagi muhim islohotlar hisoblanadi, deyiladi prezident qarori matnida.

Shu bilan birga oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirishga, respublikada amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi yangilanishlarda ushbu muassasalarning faol ishtirokini ta’minlashga to‘siq bo‘layotgan bir qator muammolar saqlanib qolmoqda, deyilgan va muammolar sanab berilgan.
  • birinchidan, oliy ta’lim tizimida o‘qitishni tashkil etish jarayoni, ta’lim olayotgan talabalar bilimini baholash tizimi bugungi kun talablariga javob bermayapti;
  • ikkinchidan, professor-o‘qituvchilarning faoliyatini, bilimini va pedagogik ko‘nikmasini baholashning zamonaviy tizimi mavjud emasligi ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda;
  • uchinchidan, oliy ta’lim muassasalariga kirish test savollari abituriyentning mantiqiy fikrlash qobiliyatini aniqlash imkonini bermayotganligi iqtidorli yoshlarni oliy ta’lim muassasalariga qabul qilishda muammolar keltirib chiqarmoqda;
  • to‘rtinchidan, oliy ta’lim muassasalaridagi ta’lim jarayoni ustidan samarali jamoatchilik nazoratining o‘rnatilmaganligi ushbu sohada ko‘plab muammolarning, eng avvalo, korrupsiya holatlarining saqlanib qolishiga sabab bo‘lmoqda;
  • beshinchidan, oliy ta’lim muassasalarining mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli va tizimli o‘zgarishlardagi ishtiroki hamda tashabbuskorligi sezilmayapti, ularning ushbu yo‘nalishdagi faoliyati hanuzgacha qoniqarsiz bo‘lib qolmoqda;
  • oltinchidan, respublikamizda olib borilayotgan tub islohotlarning mazmuni va mohiyatini ommaviy axborot vositalari orqali xalqimizga, keng jamoatchilikka tushuntirishda oliy ta’lim muassasalarining faol ishtiroki yo‘lga qo‘yilmagan;
  • yettinchidan, oliy ta’lim muassasalari innovatsion va texnologik g‘oyalar bilan fikr almashadigan muloqot markazlariga aylanmagan, tegishli sohalarda mavjud muammo va kamchiliklarni tizimli o‘rganish, tahlil qilish va ularning yechimi bo‘yicha taklif kiritish borasida professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar va talabalarning tashabbus ko‘rsatishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmagan.


Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Prezident qarorida test tizimining kamchiliklari sanab berildi