15:16 / 10.06.2018
4 529

Muftiy hazratlari poytaxtdagi xatmi Qur’onlarda ishtirok etdilar (foto)

Muftiy hazratlari poytaxtdagi xatmi Qur’onlarda ishtirok etdilar (foto)
Qutlug‘ oyning ilohiy rahmatlari yog‘ilib turgan oxirgi daha kechalarida muftiy Usmonxon Alimov hazratlari poytaxtimizdagi masjidlarda o‘tkazilayotgan xatmi Qur’on yakunlariga tashrif buyurdilar.

Avval muftiy hazratlari vodiy viloyatlarida bir necha kun mobaynida masjidlardagi taroveh namozlarida ishtirok etib, Ramazon oyining fazilatlari haqida mav’izalar qilib berganlari to‘g‘risida xabarlar bergan edik.

Ayni shu kunlarda esa muftiy hazratlari Toshkent shahridagi jome masjidlarga tashrif buyurib, mo‘min-musulmonlarga fazilatli oy haqida so‘zlab bermoqdalar. Shuningdek, namozxonlar bilan dildan suhbat qilinib, ularning fikr-mulohazalari, samimiy dil so‘zlari bilan o‘rtoqlashilmoqda.

Bugun muftiy hazratlari Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi “Abdulloh ibn Mas’ud”, Yakkasaroy tumanidagi “Rakat” va Olmazor tumanidagi “Imom Buxoriy” jome masjidlariga tashrif qildilar. Mo‘min-musulmonlarga eng samimiy so‘zlarni aytib, Ramazon oyining oxirgi kunlarida ibodatu iltijolarni yanada ko‘paytirish, g‘animat damlarni qadriga yetib qolish to‘g‘risida va’z-nasihat qildilar.

Muftiy hazratlari namozxonlarga Yaratgan Parvardigorning rahmat-mag‘firati yog‘ilib turgan mana shunday huzurbaxsh kechalarda taroveh va xatmi Qur’onda ishtirok etish, kunduzlari soim, kechalari qoim bo‘lish naqadar ulug‘ savobli amallar ekanini ta’kidladilar.

Bugungi kunda muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan olib borilayotgan muborak dinimiz taraqqiyoti yo‘lidagi xayrli ishlar, ijrootlar va bunday ne’matlarga nisbatan har bir kishi tunu kun Haq taologa shukrona qilishi to‘g‘risida so‘zladilar.

Olmazor tumani “Imom Buxoriy” jome masjididagi suhbatda muftiy hazratlari davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan Olmazorni namunali tumanga aylantirish bo‘yicha amaliy sa’y-harakatlar boshlab yuborilgani, ma’naviy-ma’rifiy, ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishlarda bir necha ishchi guruhlar jadal ish olib borayotganini alohida qayd etdilar. Ayniqsa, diniy soha xodimlari, ulamolar va imom-xatiblardan iborat ishchi guruhlar xonadonlarga borib, kishilarning og‘irini yengil qilish, muammolarini joyida bartaraf etish borasida aniq ishlar bajarilayotganini bildirdilar. Shunindek, turli ro‘yxatlardan chiqarilgan va ijtimoiy muammoli oilalar masalalariga alohida yordamlar ko‘rsatilayotganini ma’lum qildilar.

Muftiy hazratlari jomelardagi xatmi Qur’onlarda taniqli ulamo Anvar qori Tursunovning bemorliklari sababli tezroq shifo topib ketishlarini Alloh taboraka va taolodan duo qilib so‘radilar. Masjidlardagi butun jamoa esa o‘tkir voiz Anvar qori Tursunovning tez orada sog‘ayib, xalqimiz xizmati, dinimiz ravnaqi yo‘lidagi samarali mehnatlarini davom ettirish, oilalari, farzandlari, yaqinlari baxtiga umrlari uzoq bo‘lishini Parvardigordan iltijo qilib so‘rashdi.

Jome masjidlarga yig‘ilgan mo‘min-musulmonlar muftiy hazrat tashriflaridan juda ham mamnun bo‘lishdi. U kishining ibratli ma’ruzalari namozxonlar ko‘nglidan chuqur joy oldi.

Yurtimizda Qur’on xatmlari davom etmoqda, Qur’oniy ziyofatlardan bahramand bo‘ling, aziz yurtdoshlar!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Muftiy hazratlari poytaxtdagi xatmi Qur’onlarda ishtirok etdilar (foto)