15:55 / 01.09.2018
6 942

Lola Karimova Islom Karimovning soʻnggi kunlari haqida…

Lola Karimova Islom Karimovning soʻnggi kunlari haqida…
Lola Karimova Islom Karimovning soʻnggi kunlari haqidagi eksklyuziv hikoyani eʼlon qildi, deb xabar qilmoqda Qalampir.uz nashri.

2016 yilning avgust oyi oxiri Oʻzbekiston xalqi uchun juda sinovli davr boʻldi. Odatda, Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqillikka erishgan kunni bayramona tarzda nishonlash uchun bu kunni butun xalq intiqlik bilan kutardi. Ammo 2016 yil 28 avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Islom Karimovning salomatligi yomonlashgani haqida xabar berildi. Ilk bor davlat rahbarining salomatligi borasida xabarlar tarqalganining oʻziyoq xalqni shoshirib qoʻygani sir emas. 2 sentyabr kuni Oʻzbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov vafot etgani haqida rasmiy xabarlar eʼlon qilinganidan soʻng, xalqimiz chinakam maʼnoda qaygʻuga tushdi. 25 yil davomida mamlakatni boshqarib, uni eng ogʻir kunlardan olib chiqqan Islom Karimovni xalq qanchalar yaxshi koʻrgani 3 sentyabr tongida, uni soʻnggi manzilga kuzatish chogʻida yana bir bor ayon boʻldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining kenja qizi, “Sen yolgʻiz emassan” Respublika jamoatchilik bolalar jamgʻarmasi, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi raisi, Oʻzbekiston gimnastika federatsiyasi prezidenti, Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi vasiylik kengashi raisi, Oʻzbekistonning YUNЕSKOdagi doimiy vakili Lola Karimova-Tillyayeva oʻzining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali oʻsha mashʼum kunlar haqida xotirladi:

“Men uchun juda shaxsiy boʻlgan ushbu hikoyani sizga havola etmoqchiman, chunki bir necha yil avval shu kunda barcha oʻzbekistonliklarga taʼsir etgan, otamning sogʻliqlari bilan bogʻliq qaygʻuli voqealar boshlangan edi.

Men padari buzrukvorim, Oʻzbekistonning Birinchi Prezidenti hayotlarining soʻnggi kunlari tafsilotlari bilan boʻlishmoqchiman. Bu xotiralar mana 20 yildan ortiqroq vaqt davomida menga qadrdon boʻlgan inson tomonidan yozilgan. Oʻsha ogʻir kunlar, men tamomila qaygʻuga botgan damlarda, dugonam otam hayotlarining soʻnggi kunlari tafsilotlari bizlar uchun keyinchalik katta ahamiyatga ega boʻlishini anglab qogʻozga tushirgan edi.

Bu uning hikoyasi:

“Prezidentimiz bilan ularning hayotliklarida uchrashib, suhbatlashishga muvaffaq boʻlmaganman. U kishini talabalik davrimda – 90-yillarning oʻrtalarida sport musobaqalarining ochilish marosimlarida bir-ikki marotaba uzoqdan koʻrganman. Ammo, Xudoning xohish va irodasi bilan, ularning hayotlarini soʻnggi soatlarida yonlarida boʻlish menga nasib etgan.

To 31 avgust oqshomiga qadar ularning hayotlarini saqlab qolish mumkin degan umid uchquni barchamizning yuragimizda bor edi. Biroq, umid yoʻqligi ayon boʻlgach, men shunday ogʻir kunlarda oʻz yaqin dugonamning yonida boʻlish hamda unga dalda berish uchun 1 sentyabr kuni Toshkentga uchib keldim. Boʻlib oʻtgan voqealar menga shu qadar qattiq taʼsir koʻrsatdiki, men Parijdan bir inson boʻlib ketib, tamomila boshqa inson boʻlib qaytdim.

Men Toshkentga payshanba 1 sentyabr kuni kechga tomon yetib keldim va 2 sentyabr kuni ertalab kasalxonaga yoʻl oldim. Prezidentimizning rafiqalari, qizlari Lola va Lolaning toʻngʻich qizi Maryam mana bir necha kundirki kasalxonada ularning oldilaridan bir zum ham ketmasdan turar edilar.

2 sentyabr tonggi soat 9da Oʻzbekistonning ommaviy axborot vositalari orqali prezidentimizning ahvollari ogʻirlashgani haqida xabar berildi. (Shu oʻrinda aytib oʻtmoqchi edimki, prezidentning oila aʼzolari xalqni yurtboshimiz sogʻligʻidan bevosita xabardor qilib borish kerakligini qatʼiyan taʼkidlashdi, va aynan ularning iltimoslariga koʻra yurtboshimiz vafotining sabablarini koʻrsatuvchi tibbiy xulosa eʼlon qilindi).

Lola menga 2 sentyabr ertalab soat 8larda qoʻngʻiroq qildi hamda otasining ahvoli keskin yomonlashgani va umrlarining 2-3 soati qolgan boʻlishi mumkinligi haqida xabar berdi.

Men kasalxonaga yetib kelganimda ularning isitmalari baland edi. Shunda zudlik bilan “Yosin” surasini oʻqish uchun qorilar chaqirtirildi. Ozgina vaqtdan soʻng Anvar qori Minor masjidining boshqa bir necha qorilari bilan birgalikda yetib kelishdi. Bilmadim, bu tasodifmi yoki yoʻq, ammo qorilar “Yosin” surasini oʻqishni boshlashligi zahoti yurtboshimizning tana haroratlari 36.5 ga pasaydi.

Keyingi 12 soat mobaynida Qurʼoni Karimning suralari nihoyatda chiroyli va toʻxtovsiz ravishda butun kasalxona boʻlimi boʻylab yangradi.

Prezidentimiz umrlarining soʻnggi 12 soati davomida men ular yotgan palatada boʻldim. Qizlari Lola, Tatyana Akbarovna, Maryam va men ularning yonlarida oʻtirib, tavhid kalimasi, salovotlar oʻqib, Ollohning ismlarini zikr qilib oʻtirdik. Yonimizdagi qoʻshni xonada qorilar oʻtirishar (ular katta darchadan Prezidentimizni koʻrishlari mumkin edi) va baland hamda viqorli ovoz bilan Qurʼon suralarini tilovat qilishar edi. Lola otasining oldidan ketmas, tez-tez ularning lablarini suv bilan xoʻllab turardi. Oila aʼzolari koʻzlarida yosh bilan yurtboshimizdan rozi-rizolik soʻrashar edi. Kasalxonada deyarli hamma koʻz yoshi toʻkishar, Qurʼon tilovat qilayotgan qorilarning ham ovozlari vaqti-vaqti bilan yigʻi tufayli uzilib qolardi.

Oʻsha onlarda prezidentimizning ruhlari bizni his qilayotgandek edi, nazarimda. Ularning yuzlari jiddiy tus olgan, misoli Qurʼonni diqqat bilan tinglayotgandek hamda har safar oldilariga qizlari Lola kelib gaplashganda, uni sezayotgandek edilar.

Vaziyat har qancha ogʻir boʻlmasin, boshqa umid yoʻqligi maʼlum boʻlgach, janoza marosimini rejalashtirish kerak edi. Oʻzingiz bilasiz, Oʻzbekistonda bunga oʻxshash voqea hali yuz bermagan edi. Dafn marosimi Prezidentning oilasi tomonidan ishlab chiqildi: qayerdan chiqarish, qayerga olib borish, Registon, Tillakori…

Lola boshidanoq dafn marosimi musulmon urf-odatlariga katʼiy rioya qilgan holda boʻlishi hamda yurtboshimizning vasiyatlariga muvofiq ularni onalari uyidan chiqarishni va tugʻilib oʻsgan Samarqand shahrida dafn etilishlarini aytdi. Prezident Islom Karimov bir necha yil avval oʻz rafiqalari bilan Samarqand shahrini ziyorat qilganlarida Hazrat Xizr masjidi yonidagi joyni koʻrsatib, ularni aynan shu masjid oldida dafn etishlarini vasiyat qilgan ekanlar. Ularning oila aʼzolari barcha marosimlarni Islom urf-odatlariga muvofiq bajarilishiga katta eʼtibor berdilar, hamda har bir masalada Anvar qori bilan maslahatlashdilar. Musulmon odatlariga binoan, ayol kishilar janozada ishtirok etmaydilar. Shu sababli, Lola imomdan oʻz onasi va yana 3 ayol tobut ketidan to janoza boshlanguncha Registonga borishi mumkinmi, deb soʻradi. Anvar qori bu musulmonlik qoidalariga zid emasligini, faqat janoza oʻqilayotgan vaqtda ayol kishilar xonaning ichida boʻlishi kerakligini aytdilar.

Kechki soat 21:00ga yaqin Olloh yurtboshimizning jonlarini oldi.

Biz ular bilan vidolashish uchun palatalariga kirdik, shu on Anvar qori va ularning ikkita shogirdlari ham xonaga kirishdi. Ular qoʻllarida bir quchoq rayhonni ushlab turishar edi. Shunda Lola qoridan, bu shunday odatmi, deb soʻradi. Uning savoliga javoban Anvar qori, marhumni ularning sevimli gullari bilan yopmoqchi ekanliklarini aytdilar. Shundan soʻng prezidentimizni oq mato bilan yopishdi, hamda Anvar qori, ularning shogirdlari va Lola marhum boshining tepasi, yelka, qoʻllarining ustiga rayhon gullarini qoʻyishdi va prezidentimiz tamomila rayhon gullariga burkandilar. Men ham bitta rayhon gulini soʻrab oldim va uni prezidentimizning oyoq tomonlariga qoʻydim. Shundan soʻng barchamiz oʻtirdik. Butun xona rayhon iforiga va Qurʼon tilovotlarining yoqimli ovoziga toʻldi. Bu juda ham taʼsirli onlar boʻlib, ham xonada, ham kishi koʻnglida ravshanlik va yorugʻlik hukm surardi.

Keyinchalik Anvar qori menga marhumning boshi ustida Qurʼonni to erta tonggacha oʻqib chiqishganini aytdilar.

Tunggi 12larga yaqin men kasalxonadan uyga qaytdim. Ertalab biz Samarqandga yoʻl olishimiz kerak edi.

Men rasmiy kortejni kuzatuvchilar qatorida emas edim. Samolyotda prezident tobutini kutib olish uchun aeroportga ertaroq, tonggi 5larga yetib bordim. Bu vaqtga qadar Toshkent koʻchalari odamlar bilan toʻlgan, koʻpchilik yigʻlar hamda prezidentimizni soʻnggi manzilga kuzatish uchun kutib turishar edi.

Biz Samarqandga soat 8 larga yetib bordik va mashinada yurtboshimiz tugʻilib, voyaga yetgan uyga yoʻl oldik. Odamlarning tugamas qatorlarini koʻrish juda ham taʼsirli edi: Prezidentimizga izzat-ikrom koʻrsatib, ayollar oppoq roʻmol va och rangli koʻylaklar, erkaklar esa doʻppi va saranjom kiyimlar kiyishgan edi.

Samarqandliklar, 60 yildan soʻng oʻz ona shahriga butunlay qaytgan oʻz shahrining oʻgʻloni bilan vidolashib, koʻzlarida yosh bilan turishar edi. Azim Registon maydonining yonida joylashgan, yurtboshimizning bolaligi oʻtgan kichik hovlili uyda yuvish marosimi boʻlib oʻtdi. Shundan soʻng barchamiz uydan Registon tomon piyoda yoʻl oldik. Atrof olomon bilan toʻlgan, shahar boʻylab odamlar yigʻisi eshitilar edi. Bu juda ham ogʻir damlar edi. Lola onasi bilan tobutning ketidan yurishar, biz esa ularning ortidan bir necha qadam orqada ketar edik. Tobutni olib borish vaqtida kishilar tobutga tegishga va uni qoʻlma-qoʻl koʻtarishga harakat qilishar edi. Men oʻsha onlar, odamlarning haqiqiy ayriliq dardi va motamsaro koʻz yoshlari guvohi boʻldim. Atrofda yorugʻlik va iliqlik ruhi hukmron edi.

Registon maydoniga yetib borganimizda biz ayollar Tillakori madrasasining ichiga kirdik. Soʻng esa butun Registon boʻylab “Yosin”, “Fotiha”, “Baqara” va muqaddas Qurʼonning boshqa suralari yangradi. Prezidentning oilasi iltimosiga binoan Qurʼoni Karim Registon maydonida chamasi 40 daqiqa davomida oʻqildi.

Oʻsha lahzalarda yuraklarni qamrab olgan hissiyotlarni, atrofni chulgʻab olgan taʼsirli va farishtali ruhiyatni tasvirlashga til ojiz. Men bu marosimni televideniye orqali ham olib uzatishganini koʻrdim, biroq birorta ham kamera oʻsha lahzalarning nihoyatda goʻzal kuchini toʻliqlicha tasvirlab berishga qodir emas. Keyin janoza namozi boshlandi, soʻngra tobutni Registondan olib chiqib keta boshlashdi.

Biz madrasadan chiqa olmas edik, va tobut uzoqlashayotganini koʻrib, koʻz yoshlar bilan vidolashuv soʻzlarini ayta boshladik. Tobut tobora uzoqlashib borar, biz esa uni koʻzdan qochirmaslik uchun qoʻshni oynaga yugurib borar edik. Tobut maydondan tashqariga chiqib ketayotganda butun Registon boʻylab ona vatanimizning mustaqilligi ramzi, Oʻzbekiston madhiyasi yangradi.

Birinchi prezidentimizni ularning vasiyatlariga binoan Hazrat Xizr masjidi yoniga dafn etishgandan soʻng, Samarqandning forumlar majmuasida rasmiy xotira marosimi boʻlib oʻtdi. Marosimda Oʻzbekiston hukumati aʼzolari, xorijiy davlatlar rahbarlari hamda diplomatik korpus vakillari ishtirok etdilar.

Kechroq, Lola, Tatyana Akbarovna va yana bir necha ayollar prezidentimizning qabrlarini ziyorat qildik. Qurʼon tilovat qilindi. Yurtboshimiz qabrlari qoʻyilgan joy tepalikda joylashgan. U yerdan koʻhna Samarqand shahriga misli kaftagidek manzara ochiladi. Prezidentning oila aʼzolari soʻzlariga koʻra, bolalik davrlarida Islom Karimov bu yerda koʻp vaqt oʻtkazgan ekanlar, tengdosh bolalar bilan qadimgi shahar harobalari boʻylab yugurib yurgan ekanlar. Prezidentimiz oʻsha onlar shunday buyuk hayot yoʻlini bosib oʻtishlarini bilganmikanlar? Oʻsha damlar, aynan shu, ularning bolalik davrlariga guvoh boʻlgan tepalik, vaqti kelib, mangu yotadigan maskanlari boʻlib qolishini sezganmikanlar?”

(Oʻzbekistonning Birinchi Prezidenti hayotining soʻnggi kunlariga oid ushbu tafsilotlar Oqila Toirova tomonidan yozilgan)

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Lola Karimova Islom Karimovning soʻnggi kunlari haqida…