20:13 / 20.10.2018
4 543

Toshkentda muallim 6-sinf o‘quvchisini shafqatsizlarcha kaltaklaganlikda ayblandi

Toshkentda muallim 6-sinf o‘quvchisini shafqatsizlarcha kaltaklaganlikda ayblandi
Bu fojiali manzara Toshkent shahar Olmazor tumanidagi №29- o‘rta maktabida kuzatilgan. Oltinchi sinfda o‘qiydigan Bilolbek ismli bolaning ota-onasi huquqni muhofaza qilish tashkilotiga murojaat etib, farzandini muallim shafqatsizlarcha kaltaklaganidan shikoyat qilgan.

— Dars paytida sinfdoshim mendan ruchka berib turishimni so‘radi, — deydi Bilolbek. — Men undan sinf ishini berib turishini so‘radim. Shunda tarix muallimimiz mening ovozimni eshitib qoldi va kelib boshimga ura boshladi. Keyin yoqamdan bo‘g‘ib yo‘lakka olib chiqdi-da, yanada qattiqroq urib, bo‘g‘a boshladi. Men yig‘lab direktorga aytib beraman dedim — da, qo‘lidan chiqib qocha boshladim. Muallim yetib oldi va yana kaltaklay boshladi. Bir necha marta boshimni devorga urdi, keyin yana bo‘g‘di. Ko‘nglim aynib, boshim aylana boshladi. Shundan keyin maktabdan qochib ketdim…

Fotosuratlarda ham Bilolbekning bo‘yin qismida paydo bo‘lgan jarohatlar aniq ko‘rinib turibdi. Bolaning aytishicha, bu ham muallimning kaltaklaridan keyin paydo bo‘lgan.

Muallim Bilolbekka nisbatan jismoniy kuch ishlatishga majbur bo‘lganini tan oldi. Ammo kaltaklamaganini aytdi.

— Dars paytida shovqin ko‘tara boshladi, — deydi muallim. — Uch-to‘rt karra ogohlantirdim. Endi darsni tushuntira boshlagandim, yana shovqin ko‘tardi. Uni doskaga chiqishini talab qildim. Bilolbek esa menga javoban «Nega endi men doskaga chiqishim kerak?» degan savolni o‘rtaga tashladi. Shunda unga yaqin bordim-da, qo‘lidan tortib doskaga chiqishini yana qaytadan talab qildim. U qat’iyan bosh tortdi. Meni kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqoratlay boshladi. Keyin esa sinfxonadan chiqib ketdi. To‘g‘ri, yoqasidan mahkamroq siqib do‘q qilgandim. Shundan keyin bo‘yin qismida jarohat izlari qolgan bo‘lsa kerak. Lekin bu o‘quvchini kaltaklaganim yo‘q. Agar kaltaklasam, bo‘ynimga olardim. Meni haqoratlaganiga chiday olmay, jismoniy kuch ishlatishga majbur bo‘ldim xolos…

Oltinchi sinf o‘quvchisi Bilolbekning buvisi ham nabirasini muallim kaltaklagani uchun huquqni muhofaza qilish tashkilotiga shikoyat arizasi bilan murojaat etishganini ta’kidlab o‘tdi. Buvisi aytdiki, Bilolbekning ota-onasi adolat tantana qilishi uchun uni tibbiy ekspertizadan o‘tkazishgan. Xulosa tez orada tayyor bo‘larkan.

№29- o‘rta maktab direktori Barno Bekmuhammedovaning gapiga qaraganda, Bilolbek maktabdagi juda tarbiyasi og‘ir o‘quvchilardan biri hisoblanadi. Shu yo‘l bilan direktor muallimni oqlashga harakat qildi. Ammo respublika maorif vazirligidagilar direktorning bu gaplariga qo‘shilishmadi.

— Agar o‘quvchining tarbiyasi og‘ir bo‘lsa, — deyishdi ular. — Tezlik bilan ota-onasi maktabga taklif etilishi lozim. Ularni farzandining o‘zini yomon tutayotgani haqida ogoh etish zarur. Muallim har qanday vaziyatda ham o‘quvchini kaltaklash, jismoniy kuch ishlatishga haqli emas.

Manba: Hordiq.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)