22:38 / 17.12.2018
3 381

Filning kallasidek pora. 50 000 dollarga nechta kostyum beradi?

Filning kallasidek pora. 50 000 dollarga nechta kostyum beradi?
Xabarning sarlavhasiyoq ko‘p narsalardan dalolat berib turibdi: «25 ming dollar pora bilan qo‘lga tushgan Oliy sud xodimiga hukm o‘qildi». Ya’niki, o‘n yildan ziyod vaqtdan beri O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida ishlab, sudyalik u yoqda tursin, katta konsultantlikdan nariga ko‘tarilmagan xodim bir ishni «hal qilish» uchun fuqarodan 50 ming (!) dollar pora so‘rabdi va summaning teng yarmini olayotgan paytida qo‘lga tushibdi!

Albatta, konsultant tayini yo‘q odam emas: ish joyi aniq, nimaga qo‘l urayotganini bilmaydigan darajada ahmoq deb ham bo‘lmaydi! Qo‘rqmay-netmay otning... yo‘q, filning kallasidek pora so‘rashi esa uning dovyurakligidan ko‘ra tajribali ekanini mantiqan tasdiqlab turibdi. Bu mantiq esa adolatning oliy qo‘rg‘oni bo‘lishi shart bo‘lgan dargohdagi «oldi-oldilar» haqidagi gap-so‘zlar bejiz emasligini ham anglatib turibdi... «Baliq boshdan bijishi» yodga olinsa, tuman, shahar, viloyat sudidagi ahvolni tasavvur qilavering! Prezident kuni kecha sudlarda hali-hamon adolatsiz hukmlar chiqarilayotgani haqida kuyib-pishib gapirganini hamma eshitdi. Bu gaplar zamirida ayrim sudyalarning professional salohiyatigina emas, tizimda vabodek tarqalgan (buyam Yurtboshining ta’biri) korrupsiya yotmaydimi?!

Bir holatdan boshim qotib yurgandi shu kunlarda. O‘quvchilarning yodida bo‘lsa kerak: Ishtixon tuman sudida Samarqand shahar IIB tergovchilari va o‘sha zamondagi MXX xodimi tomonidan tasavvurga sig‘mas qiynoqlar evaziga o‘zlariga «kerakli ko‘rgazma» berishga majbur qilinib, natijada bir yigit olti yilga qamalgani haqida yozgandim. O‘sha yigit Jizzax sudida oqlanganini yozar ekanman, maqolam so‘ngida Samarqand shahar IIB tergovchilari va haligi xodim o‘z ishlarini «brak» qilgan Jizzax viloyat sudining oqlov hukmini yo‘qqa chiqarish uchun Oliy sudga chopishi ehtimoli yuqori ekaniniyam qayd etib o‘tgandim. Yomon bashorat o‘zini oqladi: oqlov hukmi Oliy sudda bekor qilinib, ish Qashqadaryo viloyatiga yuborildi. Tergov paytida qiynoqlar evaziga olingan ko‘rsatmalar asosida olti yilga kesilgan fuqaroning sudda oqlanishi tergovchi-yu prokurorning kursisi qimillab qolishiniyam bildiradi. Oddiy fuqarodan ko‘ra organ xodimlarining dasti uzun kelishi sir bo‘ptimi?! Modomiki, Oliy sudda «ishni to‘g‘rilash»ning imkoni mavjud ekan, bu imkoniyatdan nega foydalanmasligi kerak?!

Eng qizig‘i, bu bolani qamoqqa olish haqida qog‘oz bergan, keyinchalik ishini sudga oshirgan Samarqand viloyat prokurorining o‘rinbosari bugungi kunda Qashqadaryo viloyat prokurori bo‘lib ishlayapti.

Undan ham qizig‘i, sudlangan bolaning himoyachisi shu vajni ko‘rsatib, ishning Qashqadaryo viloyat sudida ko‘rilishiga «otvod» bergani borganda viloyat sudi raisining o‘rinbosari viloyat prokurorini tanimasligini aytib, «Ular bizga bosim o‘tkaza olmaydi, biz ishni adolat bilan ko‘ramiz», debdi.

Bu gapga ishonchdan ko‘ra umid ko‘proq. Negaki, men ham Yurtboshim aytganidek, noqonuniy hukm-qarorlar chiqaraverilgani sabab sudlarga nisbatan ishonchi yo‘qolib borayotgan fuqarolardan bittasiman-da.

...Baribir xayol tutqich bermaydi: Oliy sudning oddiy konsultanti og‘zining bir chetidan 50 ming dollar chiqib ketaversa? Nima, sud xodimlari burnidan tortsang, yiqiladigan ahvoldami? Oilasidagilar oyda bir kilo go‘sht yemay, qiynalib qolishyaptimi? Bitta yangi kostyum ololmay, haliyam talabaligida kiygan kostyumi bilan sudda ishlab yurishibdimi?

Darvoqe, 50 000 dollarga nechta kostyum beradi o‘zi?
Manba: Xabar.uz

Ushbu ruknda berilayotgan maqolalar Zamin.uz nashrining qarashini ifodalamasligi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Filning kallasidek pora. 50 000 dollarga nechta kostyum beradi?
[/banner_pushhouse