Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov yangi ochilayotgan prezident maktablarida faqatgina boy va “kattakon”larning farzandlarigina oʻqishi haqidagi gumonlarni aritdi.
26 mart kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida taʼlim tizimining muammolariga bagʻishlab oʻtkazilgan matbuot anjumanida jurnalistlar oʻquvchilar prezident maktablariga, ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, faqatgina iqtidori asosida, tanish-bilishsiz tanlab olinishiga shubha bildirdi.
"Boyning bolasi ahmoq boʻladi degan gap ham yoʻq. Sotsializmdan qolib ketgan tushunchalarimizni ham ozgina oʻzgartiraylik. Yetmish yildan oshiq miyamizga quyib kelishdi: “Boy bu yomon, boy qonxoʻr va hokazo”. Lekin butun dunyoda boylar maqtaladi.
Masalan, bugun dunyodagi eng boy shaxslarni olaylik. Oʻzining mehnati bilan boy boʻlgan boʻlsa u yomon degani emas. Yoki uning bolasi yomon degani emas. Agar u ahmoq, qoloq boʻlsa qanday boyigan? Jamiyatimizda shu narsalarniyam oʻzgartirishimiz kerak", – deydi shu xususda savol bergan jurnalistga javoban vazir.
Xalq taʼlimi vazirining bir necha bor taʼkidlashicha:
- Qabul imtihonlarining birinchi bosqichida oʻquvchilar mantiqiy fikrlash testlarini (IQ testlari) topshiradi. Bu oʻquvchining ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, faqatgina iqtidori asosida keyingi bosqichga oʻtishida oʻziga xos filtr rolini oʻynaydi.
- Bu testlar, umuman, tanlovning toʻgʻri va xolis oʻtishini nufuzli xorijiy tashkilot – Cambridge Assesment nazorat qiladi. Oʻzbek ekzamenatorlaridan farqli oʻlaroq, xorijiy ekzamenatorlarni sotib olib yoki ularga taʼsir koʻrsatib boʻlmaydi.
- Vazirning aytishicha, prezident tomonidan qoʻyilgan eng asosiy vazifa ham aynan tanlov jarayonini xolis va toʻgʻri tashkil qilishdir. Yaʼni, testlar halol oʻtishiga siyosiy iroda va “tepadan” koʻmak bor.
2019 yilning sentyabridan ochilayotgan ushbu maktablarga 4-sinf bitiruvchilari mantiqiy fikrlash testlari, yozma imtihon va suhbatlar natijasiga koʻra qabul qilinadi.
Maktabga yiliga 24 oʻquvchi qabul qilinadi, ular ikkita sinfga bir xil – 12 nafardan taqsimlanadi. Taʼlim bepul, STEAM (science – tabiiy fanlar, technology – texnologiyalar, engineering – texnik ijodkorlik, art – sanʼat, mathematics – matematika) dasturi asosida ingliz tilida beriladi.
Oʻquvchilar bepul oziq-ovqat, maktab formasi va yashash joyi bilan taʼminlanadi.
Ilk prezident maktablari Toshkent, Nukus va Xivada 2019 yilda, respublikaning boshqa hududlarida esa 2020 va 2021 yilda ishga tushiriladi. “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Buyuk Britaniya va Ukraina 100 yillik hamkorlik bo‘yicha muzokaralarni boshladi
Toshkent-Andijon pullik yo‘li loyihasi 4,65 mlrd dollarga baholandi
Messining kelishi "Inter Mayami" budjetiga qanday ta’sir qildi?
SSKA ustozi Fedotov Abbos Fayzullayevning jamoaga qaytgani haqida nima dedi?
O‘zbekistonda Xitoy bilan hamkorlikda chiqindilarni yoqish zavodi quriladi
Xorazmda Eron korxonalari uchun alohida sanoat zonasi tashkil etilyapti
Surxondaryoda Telegram orqali arzon mahsulot sotishini aytib, o‘zganing pulini o‘zlashtirgan shaxs ushlandi
U-23 Osiyo Kubogi. O‘zbekiston so‘nggi daqiqalarda gol o‘tkazib yubordi va 2-o‘rin bilan yakunladi