12:30 / 02.07.2019
2 637

Elektr energiyasi narxini liberallashtirish: kutilayotgan natija, ehtimoliy salbiy oqibatlar va ularning oldini olish (2-qism)

Elektr energiyasi narxini liberallashtirish: kutilayotgan natija, ehtimoliy salbiy oqibatlar va ularning oldini olish (2-qism)
Ammo bugungi kunga kelib ayrim holatlar borki, ular o‘tkazilishi kutilayotgan islohot yuzasidan ko‘pchilikda hadik va tushunmovchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin:

1. Eng avvalo, ishlab chiqaruvchi tashkilotlar kesimida elektr energiyasining bugungi kundagi tannarxi (yoki tarmoqdagi o‘rtacha tannarx) to‘g‘risida rasmiy ma’lumotning ochiq manbalarda mavjud emasligi. Bu ma’lumot elektr energiyasi narxidagi kutilayotgan o‘sish hajmi va sur’ati to‘g‘risida ma’lum tasavvurga ega bo‘lish imkonini bergan bo‘lardi. Shuningdek, quyidagi savollar yuzasidan ham rasmiy ma’lumot berilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi:

- 2020 yil 1 yanvardan e’tiboran iqtisodiy asoslangan, erkin tariflashga to‘liq o‘tiladimi? Yoki bu bosqichma-bosqich amalga oshiriladimi? Vazirlar Mahkamasining yuqorida zikr etilgan qarori mazmunidan kelib chiqilsa, har ikki holat ham bo‘lishi mumkin. Xususan, 1-ilova ya’ni «2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasi elektr energetika tarmog‘idagi tarif siyosatining asosiy yo‘nalishlari»ning 2-bandida «ilg‘or xalqaro amaliyot hisobga olingan holda, 2023 yilgacha tariflarni shakllantirish metodikasiga bosqichma-bosqich o‘tish» tarif siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida qayd etilgan.

Ammo xuddi shu bandda «o‘tish davrida elektr energetika tarmog‘i tashkilotlarining operatsion va kapital xarajatlari, zarur sof foydasini to‘liq qoplashni ta’minlashga qaratilgan elektr energiyasi uchun narxni shakllantirish prinsiplarini belgilash» ham ushbu tarif siyosatining yo‘nalishi sifatida ko‘rsatib o‘tilgan. Bu va hujjatda aks etgan yana ko‘plab bayonotlar 2020–2023 yillarda elektr energiyasi tarifidagi o‘sish qanday bo‘lishiga oydinlik kiritilishini talab qiladi.

- Aholi uchun erkinlashtirilgan narxlar sharoitida elektr energiyasi oila yillik (yoki oylik) xarajatlarining necha foizini tashkil qilishi kutilmoqda? Ushbu ko‘rsatkich qator rivojlangan davlatlarda aholi farovonligi darajasini bildiruvchi muhim omillardan biri sifatida doimo nazorat qilib boriladi (tegishli davlat idoralari tomonidan haligacha «iste’mol savati» yoki «yashash minimumi»ni hisob-kitob va monitoring qilishning huquqiy asoslari yaratilmagani masalani murakkablashtiradi).

- Turli hududlarda yashovchi iste’molchilar uchun yetkazib beriladigan elektr energiyasi hududda elektr ishlab chiqaruvchi korxona bor yoki yo‘qligi, transmission tarmoqlar uzunligi, xom ashyo turi (ko‘mir, gaz, gidro va h.k.), xom ashyo uchun transport xarajatlari turlicha ekani kabilardan kelib chiqib turlicha tannarxga ega. Bu endilikda respublika hududida turli tariflar amal qiladi, deganimi?

- Yangi tizimda tariflash uchun iste’molchilar toifalari qanday asoslarda belgilanadi?

- Islohot aholi va boshqa manfaatdor tomonlar uchun qanchalik shaffof holda o‘tkaziladi? Amalga oshirilayotgan ishlar, ularning natijalari va kelgusida kutilayotgan keyingi qadamlar to‘g‘risida ma’lumot berib boriladimi?

- Hukumat bu masala bo‘yicha o‘z oldiga qo‘ygan vazifalarda nechog‘li sobit? (joriy yilning 1 iyunidan elektr energiya va tabiiy gaz tariflarini oshirish bo‘yicha qabul qilingan qaror bekor qilingani hammaga ma’lum)

2. Bizga ma’lum ayrim ma’lumotlar elektr energiyasi bozori liberalizatsiyasi natijasida narx o‘sish darajasi yuqori bo‘lishi to‘g‘risida signal beradi, xususan:

- Bugungi kunda ekspluatatsiya qilinayotgan aksariyat ishlab chiqarish quvvatlari moddiy va ma’naviy eskirgan (30-50 yil).

- IESlarda asosan past samaradorlikka ega texnologiyalar ishlatiladi (bug‘ trubinalari o‘rtacha samaradorligi 33%, ma’lumot uchun, jahon amaliyotida ishlatilayotgan jamlangan (combined) sikl samaradorligi 55% atrofida)

- elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarining deyarli 70%i mamlakat shimolida, tarmoq uchun asosiy yoqilg‘i hisoblangan gaz ishlab chiqarish manbalarining aksariyati esa janubiy hududlarda joylashgan.

- elektr energiyasi ishlab chiqarishda birlamchi energiya manbasi sifatida asosan tabiiy gazdan foydalaniladi (65%dan yuqori). Tabiiy gaz asosida elektr energiyasi ishlab chiqarish esa nisbatan qimmat hisoblanadi (misol uchun, gidro yoki shamol elektrostansiyalariga nisbatan)

- elektr energiyasini uzatish va tarqatish tizimlaridagi yo‘qotish ko‘rsatkichlari yuqori (rasmiy manbalarda 15-20% atrofida ko‘rsatiladi)

Ushbu sanab o‘tilgan holatlar mamlakatimizda elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va tarqatish bilan bog‘liq xarajatlar yuqori ekanini bildiradi. Butunlay liberallashtirilgan bozorda esa ushbu xarajatlar to‘laligicha iste’molchi gardaniga tushadi, albatta.

Asosiy xavf omillari
Elektr energiyasi mamlakat iqtisodiyotida beqiyos ahamiyatga ega, chunki u iqtisodiy resurs sifatida katta va kichik korxonalar uchun muhim ishlab chiqarish omili hisoblanadi (Elektr energiyasining mamlakat iqtisodiyoti uchun ahamiyati to‘g‘risida avvalgi maqolada to‘xtalganmiz). Tabiiyki, uning bozor narxiga ta’sir o‘tkazuvchi har qanday islohot tarqaluvchan oqibatlarga (spillover effect) egadir, ya’ni bir qarashda o‘zaro bog‘liq bo‘lmagan tarmoq va sohalarda ham keng ko‘lamli ta’sirga ega bo‘lishi mumkin.

Xo‘sh, kutilayotgan islohot qanday salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin? Quyida nazariy jihatdan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy ko‘ngilsiz oqibatlar keltiriladi. Ammo islohotning qanchalik agressiv, mo‘’tadil yoki yumshoq o‘tkazilishi, makroiqtisodiy tahlil va yechimlar qanchalik puxta tayyorlanganligidan kelib chiqib ushbu holatlarni minimallashtirish imkoni mavjud.

Ko‘p jihatdan hukumat tomonidan bu borada empirik tahlillarga asoslangan (shuningdek, islohotni amalga oshirish davrida inflyatsiya darajasi, ishsizlik, iqtisodiy o‘sish sur’atlari kabi makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni prognozlash va nazorat qilishni nazarda tutuvchi) aniq dastur ishlab chiqilishi va ushbu dasturni izchil amalga oshirilishi juda muhim.

Demak, nazariy jihatdan mavjud salbiy oqibatlar:

1. Iste’mol tovarlari bozorlarida narx-navo ko‘tarilishi
Qaysi mahsulot yoki xizmatlar tannarxida elektr energiya ulushi qanchalik katta bo‘lsa, o‘tkazilishi kutilayotgan islohot natijasida shu turdagi mahsulot yoki xizmat bozorida narx-navo ko‘tarilishi va beqarorligi shunchalik muqarrar. Vaholanki, iste’mol tovarlari va xizmatlarning katta qismi elektr energiyasining bevosita ishtirokida yaratiladi.

Buning ustiga, u yoki bu mahsulot tannarxidagi o‘sish faqat uni ishlab chiqaruvchi korxonadagi texnologik yoki biznes jarayonlarda elektr energiyasi ulushi bilan bog‘liq ravishda yuz bermaydi. Shu mahsulot ishlab chiqarilishi va iste’molchiga yetkazib berilish jarayonida ishtirok etuvchi barcha korxonalar o‘z mahsulotidagi elektr energiyasi ulushidan kelib chiqib,uning narxini oshirishga majbur bo‘ladi.

Misol uchun, siz velosiped ishlab chiqaruvchi korxona rahbarisiz. Sizning mahsulotingiz tannarxida elektroenergiya ulushi, aytaylik, 20%. Bu tannarxdagi o‘sish faqat o‘sha 20 foizlik qismda yuz beradi, degani emas. Chunki sizning mahsulotingizga xom ashyo va komponentlar, ya’ni velosiped uchun ehtiyot qismlar, bo‘yoq, metall list, payvandlash ashyolari kabilarni yetkazib beruvchi korxonalar hamda sizga ularni eltib berishga ixtisoslashgan transport xizmati ko‘rsatuvchi korxonada ham, birida ko‘proq, birida kamroq elektr energiyasi ulushi bor.

Tabiiyki, ushbu korxonalardagi elektr energiyasi bilan bog‘liq narx o‘sishi sizning mahsulotingiz xom ashyosi qiymatiga ham yig‘ilgan holda, kumulyativ ta’sir o‘tkazadi.

Natijada, siz iste’molchiga taqdim etadigan tayyor mahsulot ham tannarxdagi o‘sish hisobiga birmuncha qimmatlab ketadi. Mahsulot tannarxi oshibgina qolmasdan, u strukturaviy o‘zgarishga ham duchor bo‘ladi. Endi unda elektroenergiya ulushi avvalgidan ko‘proqni tashkil qiladi.

2. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tannarxi oshishi hisobidan mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi bozorda raqobatbardoshligi pasayishi
Elektr energiyasi narxidagi sezilarli o‘sish eksportchi korxonalarning tashqi bozorlardagi imkoniyatini tushirib yuboradi. O‘zbekiston eksportida nisbatan ulushdor sohalar bo‘lgan tekstil, xizmatlar, energotashuvchilar va neft mahsulotlari elektr energiyasi ta’minotiga bevosita bog‘liq tarmoqlar hisoblanadi. Aslida, mahsulot narxidagi kichik o‘sish ham beshafqat raqobat muhiti hukmron bo‘lgan tashqi bozorlarda mahalliy korxonalarimizning o‘z pozitsiyalarini boy berishiga olib kelgan bo‘lardi.

Mamlakatimiz eksportida xizmatlar ulushiga nazar tashlasak, ushbu islohot mamlakatimizning ertangi kun iqtisodiyotida salmoqli ahamiyatga ega bo‘lishi kutilayotgan, o‘sib borayotgan turizm tarmog‘iga ham o‘z salbiy ta’sirini o‘tkazmay qolmasligini ko‘ramiz. Chunki ushbu tarmoq vakili bo‘lgan mehmonxona xizmatlari ham, turizm tarmog‘iga xizmat ko‘rsatuvchi transport xizmatlari sohasi ham elektr energiyasi narxlariga nisbatan ta’sirchan sohalar hisoblanadi.

Eksport hajmlarining kamayishi tashqi savdo balansining buzilishi hamda mamlakatimizga kirib keluvchi valyuta oqimining ham kamayib ketishiga sabab bo‘lishini alohida ta’kidlash joiz.

3. Daromadlari va to‘lov qobiliyati pastligi sabab aholining ijtimoiy himoyalanmagan qatlamlarining moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelishi
Yuqorida ta’kidlangan iste’mol tovarlari bozorlarida narx-navoning ko‘tarilishi hamda elektr energiyasi to‘lovlarining sezilarli oshishi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarida moliyaviy qiyinchiliklarni yuzaga keltirmay qolmaydi, albatta.

4. Ichki bozor iste’molchilarining to‘lov qobiliyati pasayishi natijasida ayrim tovar va xizmat bozorlarida tanglik yuzaga kelishi
Narx-navo ko‘tarilishi iste’molchilarning deyarli barcha qatlamlari xarid qobiliyatiga salbiy ta’sir o‘tkazadi. Bunday vaziyatda eng avvalo narx o‘zgarishlariga yuqori sezuvchan talabga ega mahsulot va xizmatlar savdosi kamayadi. Misol uchun, iste’molchilar hashamat kategoriyasiga oid bo‘lgan mahsulot va xizmatlardan deyarli butunlay voz kechadi (qimmat avtolar, chet el sayohatlari va h.k.) Shuningdek, arzonroq «o‘rinbosar sherik»ka ega mahsulotlar ham xarid ro‘yxatlaridan tushib qola boshlaydi. Aytaylik, aksariyat odamlar mol yoki qo‘y go‘shti o‘rniga arzonroq muqobil, ya’ni tovuq go‘shti va tuxum iste’mol qilishni boshlaydi. Tabiiyki, kamroq talabga ega bo‘la boshlagan mahsulotlar va xizmatlarni yetkazib beruvchi korxonalar birin-ketin kasodga uchray boshlaydi.

5. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar va xizmat ko‘rsatuvchilar kasodga uchrashi natijasida ish o‘rinlarining kamayib ketishi
Ha, bu ham ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlar qatorida so‘nggi manzil emas. Qisqa muddat ichida elektr energiyasi narxini mutlaq liberallashtirishni rejalashtirgan bo‘lsangiz, ishsizlik sur’atining keskin oshishiga ham tayyor turing. Ko‘p sonli tadbirkorlik sub’ektlarining kasodga uchrashi jamiyat minglab ish o‘rinlaridan mosuvo bo‘ldi, degani.

6. Tanganing orqa tarafi: investitsiyalar oqimi kamayishi
To‘g‘ri, elektr energiyasi bozori erkinlashtirilsa, sanoatning ushbu tarmog‘iga investitsiyalar hajmi oshadi, ammo shu bilan birgalikda ko‘plab boshqa biznes tarmoqlariga investitsiya kiritish qiyinlashib qoladi. Chunki yuqorida qayd etilganidek, mahsulot tannarxi oshadi, ichki bozor sustlashadi, xom ashyo manbalari kamayadi va tashqi bozorda qiyosiy ustunlik, raqobatbardoshlik pasayadi.

Butunlay erkinlashtirilgan elektr energiya narxlari sharoitida yuqorida sanab o‘tilgan oqibatlar ro‘y berishi ehtimoli yuqori hisoblanadi. Gap ularning miqyosi va davomiyligida. Islohot qanchalik tez sur’atlarda, «shok terapiyasi» usulida, kompensatsion chora-tadbirlarsiz amalga oshirilsa, bu oqibatlarning yuzaga kelish ehtimoli shunchalik yuqori.

Yuqoridagilarning oldini olish bo‘yicha rejalashtirilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida tegishli hukumat idoralari tomonidan batafsil rasmiy ma’lumot berilsa maqsadga muvofiq bo‘lar va aholi, tadbirkorlar hamda investorlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tushunmovchilik va asossiz hadiklar oldi olingan bo‘lardi.

Rahimberdi MAMAYuSUPOV.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Elektr energiyasi narxini liberallashtirish: kutilayotgan natija, ehtimoliy salbiy oqibatlar va ularning oldini olish (2-qism)