20:07 / 10.09.2019
4 714

Muftiy Usmonxon Alimov lavozimidan ozod etildi

Muftiy Usmonxon Alimov lavozimidan ozod etildi
Foto: Xalqaro press klub
O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov egallab turgan lavozimidan ozod qilingan. Bu haqda «Azon.uz» o‘z manbasiga asoslanib xabar berdi.

«Muftiy Usmonxon Alimov, bugun O‘zbekiston xalqaro Islom akademiyasida Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida O‘zbekiston Musulmonlari idorasi, uning viloyat vakilliklari xodimlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rahbariyati ishtirokida o‘tkazilayotgan majlisda ishdan olingan» deyiladi xabarda.

Shuningdek, manbalarning xabar berishicha, hozirda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi lavozimida ishlab turgan Xayrulloh domla Turmatov muftiy etib tayinlangan.

Bundan avvalroq, ushbu majlis haqida ijtimoiy tarmoqlarda turli xil ma’lumotlar tarqatilgan edi. Xususan, majlisga chaqirilgan O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyat vakilliklari xodimlarining xarajatlari aholi tomonidan «Vaqf» fondiga ehson qilingan pullardan to‘lab berilgani haqidagi xabar turli munozaralarni keltirib chiqardi. Lekin ushbu majlis va majlisga kelgan vakillik xodimlarining xarajatlari haqida O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham, Vaqf fondi ham doimgiday jimlik saqlamoqda.

Usmonxon Alimov – 1950 yili Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida tug‘ilgan. Buxorodagi «Mir Arab» madrasasi va Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom oliy ma’hadida tahsil olgan. Uzoq yillar davomida Samarqand viloyatidagi «Imom Buxoriy» jome masjidida imom-xatib bo‘lib ishlagan. 2000–2006 yillari O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyatidagi vakili bo‘lib xizmat qildi. 2006 yil 8 avgustda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy etib saylangan edi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Muftiy Usmonxon Alimov lavozimidan ozod etildi