16:50 / 14.12.2019
7 071

Xususiy notariuslar faoliyati qanday bo‘ladi?

Xususiy notariuslar faoliyati qanday bo‘ladi?
Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasi e’lon qilindi.

Nizomga ko‘ra, notarius faoliyatini litsenziyalash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.

Notariusni hisobga qo‘yish va uni hisobdan chiqarish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.

Notarius hisobga qo‘yilganidan so‘ng, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmalari bu haqda ertasidan kechiktirmay Notarial palataning tegishli hududiy boshqarmasiga xabarnoma yuboradi. Xabarnoma Notarial palataning tegishli hududiy boshqarmasiga kelib tushgan paytdan e’tiboran Notarial palataning a’zosi bo‘ladi va notarius maqomiga ega bo‘ladi.

Notarius yuridik shaxs tashkil etmasdan o‘z idorasiga ega bo‘ladi, bankda hisob raqam va boshqa hisob varaqlar ochadi, xodimlar bilan mehnat shartnomalari tuzadi va ularni bekor qiladi, ish faoliyatini tashkil etish uchun mutaxassislar yoki yuridik shaxslar bilan fuqarolik-huquqiy shartnomalar tuzish huquqiga ega.

Notarius o‘zining faoliyatini boshlashdan oldin o‘z fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qildirishi shart.
Notarius faoliyat yuritadigan bino o‘zining notarial okrugi doirasida joylashgan bo‘lishi shart.
Notariusning nomida “xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius” so‘zlari bo‘lishi, tegishli tuman, shahar ko‘rsatilishi lozim.

Notariusning nomida uning familiyasi, ismi va otasining ismi ko‘rsatiladi. Misol uchun: “Samarqand viloyati Samarqand shahridagi xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Ashurov Dilshod Rustamovich” deb nomlanadi.

Notariusning muhri O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan yagona namunaga muvofiq tayyorlanadi.
Notarius o‘z muhrining eskizini kelishish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmalariga taqdim etadi.

Notarius muhrining eskizi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmalari tomonidan Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 28 avgustdagi 401-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan muhrlar va hujjatlar blankalari tayyorlash, foydalanish, saqlash va yo‘q qilish tartibiga muvofiq ko‘rib chiqiladi va natijasi haqda notariusga xat beriladi.

Notarial harakatlarni amalga oshirishda notariuslar davlat notarial idorasi notariusi bilan teng huquqlarga ega bo‘ladi va bir xil majburiyatlarni zimmasiga oladi. Ular tomonidan rasmiylashtirilgan hujjatlar bir xil yuridik kuchga ega.

Notarius xodimlari
Notarius stajyor, yordamchi, kotib, shuningdek notarial faoliyatni tashkil etish bilan bog‘liq boshqa xodimlarga (tarjimon, operator, kurer va boshqa) ega bo‘lishi mumkin.

Notarius notarial idora xodimlarini lavozimiga tayinlashda va lavozimdan ozod qilishda mustaqildir, mazkur Nizomning 13 – 14-bandlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Notarius faoliyatini yakka o‘zi yoki xodimlari bilan birga amalga oshirishi mumkin.
Notarius o‘zining ish va dam olish vaqtini, mehnat ta’tilini mustaqil belgilaydi.
Notarius xodimlarning mehnat faoliyatini mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga asosan tashkil etadi.

Notarius xodimlar haqidagi ma’lumotni ularni ishga qabul qilgandan boshlab uch ish kunidan kechiktirmasdan davlat soliq xizmati organlari va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limlariga taqdim etishi lozim.

Notarius stajyorini ishga qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasining tegishli hududiy boshqarmasi tavsiyasiga asosan biriktirilgan notarius tomonidan amalga oshiriladi. Notarius tomonidan notarius stajyorini ishga qabul qilishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Stajirovka notarial idorada o‘taladi. Notarius stajyori o‘z faoliyatini notarius rahbarligida, uning alohida topshiriqlarini bajargan holda amalga oshiradi.

Stajyorga rahbar etib notariuslik lavozimida kamida uch yil ishlagan notarius tayinlanadi. Bunda bir notariusga navbat asosida va qoida tariqasida bitta stajyor biriktiriladi.

Notarius stajyorining faoliyatini tashkil etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Notarial palata bilan birgalikda belgilanadi.
Notarius yordamchisini ishga qabul qilish Notarial palataning tegishli hududiy boshqarmasi bilan kelishilgan holda notarius tomonidan amalga oshiriladi.

Notarial palataning tegishli hududiy boshqarmasi notarius yordamchisini ishga qabul qilishni rad qilishiga asos nomzodning O‘zbekiston Respublikasi “Notariat to‘g‘risida”gi Qonunining 2-moddasi talablariga mos kelmasligi hisoblanadi.

Notarius tomonidan xodimlarning vazifalar taqsimoti belgilab berilishi mumkin.

Notarial faoliyat va uni moliyalashtirish
O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan notarial harakatlarni amalga oshirish hamda jismoniy va yuridik shaxslarga huquqiy va texnik tusdagi xizmatlar ko‘rsatish bilan bog‘liq faoliyat notarial faoliyat hisoblanadi.

Notarius notariat sohasida davlatning funksiyasini amalga oshiruvchi shaxs sifatida ommaviy-huquqiy munosabatlar ishtirokchisi hisoblanadi.
Barcha notarial harakatlar “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

Notariuslarning Tizimdan foydalanish hamda unga ulanishi uchun qo‘yiladigan texnik va dasturiy talablar va axborot xavfsizligi siyosati O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Notariuslar Tizimdan foydalanishda quyidagilarga majbur:
- barcha notarial harakatlarni amalga oshirishda fuqarolarning shaxsini aniqlashning zamonaviy tekshirish usullaridan foydalanish;
- notarial harakatlarni Tizimda majburiy qayd etish;
- tizimga noto‘g‘ri va xato ma’lumotlar kiritilishiga yo‘l qo‘ymaslik.

Notarius Tizimdan foydalanganligi uchun har oyda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilangan miqdorda to‘lov to‘laydi.
Notarius o‘z faoliyatini mustaqil moliyalashtiradi.

Notariusning notarial harakatlarni amalga oshirganlik hamda huquqiy va texnik tusdagi xizmatlar ko‘rsatganlik uchun olgan pul mablag‘lari uning faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi.

Notarius tomonidan undiriladigan tushumlar taqsimoti O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligi tomonidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligi tomonidan taqsimlanadigan har bir notariusning shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga kelib tushadigan mablag‘lar qonun hujjatlarida belgilangan miqdorlarda tegishli hisobvaraqlarga yo‘naltiriladi.

Notariuslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash
Qoraqalpog‘iston Respublikasi adliya vazirligi, adliya boshqarmalari, zaruratga qarab O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi notariuslarning faoliyatini tashkil etishda:

- jismoniy va yuridik shaxslar murojaat qilishlari uchun qulay bo‘lgan joylardan notariuslarga zarur bino va inshootlar, shuningdek, bunday bino va inshootlarni qurish uchun yer uchastkalarini ajratilishiga ko‘maklashadi;
- notariuslarning Tizimga ulanishi va undan foydalanishini ta’minlaydi;
- notariuslarning malakasini oshirishga doir tadbirlarni amalga oshirishga ko‘maklashadi;
- notariuslarni xorijiy mamlakatlarda tajriba almashishiga yordam beradi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Xususiy notariuslar faoliyati qanday bo‘ladi?