date
views 3 608

Namanganda kelinini urib, yuzini ko‘kartirgan qaynona javobgarlikka tortildi

Namanganda kelinini urib, yuzini ko‘kartirgan qaynona javobgarlikka tortildi
Foto: «Daryo»
Namangan viloyatida o‘tgan yil mobaynida ayollar ishtirokida sodir etilgan huquqbuzarliklar 6599 tani tashkil etib, 2018 yilga nisbatan 383 taga yoki 6,2 foizga ko‘paygan. Bu haqda jurnalistlar uchun tashkil etilgan matbuot anjumani chog‘ida viloyat ma’muriy sudi raisi Salohiddin Tursunov ma’lum qildi, deya xabar beradi «Daryo» nashri.

Sud raisining qayd etishicha, ushbu huquqbuzarliklarning 21,8 foizini haqorat qilish, 21,9 foizini mayda bezorilik, 11,6 foizini esa yengil tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq holatlar tashkil etgan.

Masalan, o‘tgan yil dekabr oyida Namangan tumanida yashovchi ayol yashash xonadonida kelini bilan gap tortishib qolganidan so‘ng uni urib, yengil tan jarohati yetkazadi. Kelinning otasi qizidan xabar olish uchun borganida yuzini ko‘karganini ko‘rib, darrov shifoxonaga olib boradi va tuman IIBga murojaat qiladi.

Ma’lum bo‘lishicha, ayol oldinroq ham kelinini urib, qovurg‘asini sindirib qo‘ygan ekan. Tuman ma’muriy sudi ushbu ishni ko‘rib chiqib, unga nisbatan jarima jazosi tayinlagan.

Foto: «Daryo»
Viloyat ma’muriy sudining yakunlangan yildagi amaliyotida ijobiy ko‘rsatkichlar ham kuzatilgan. Jumladan, o‘tgan yili voyaga yetmaganlar ishtirokida sodir etilgan huquqbuzarliklar 2018 yilga nisbatan 63 taga yoki 38,5 foizga kamaygan. Bunda ma’muriy sudlarning Yoshlar ittifoqi mahalliy kengashlari bilan tig‘iz hamkorligi salmoqli ta’sirini ko‘rsatgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Namanganda kelinini urib, yuzini ko‘kartirgan qaynona javobgarlikka tortildi