date
views 4 290

Jalaquduqlik Ne’mattilo akaning asalarilari “Olloh!” yozuvini bitdi

Jalaquduqlik Ne’mattilo akaning asalarilari “Olloh!” yozuvini bitdi
O‘tgan yili Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida istiqomat qiluvchi yosh tadbirkorning xonadonidan lavha tayyorlagandik. Unda tadbirkor qaramog‘idagi asalarilar arab yozuvida “Olloh” so‘zini yaratganlari haqida bayon etgan edik. Buni qarangki, yana aynan shu tumandan shu mavzuda navbatdagi lavhani tayyorladik. Bunga endi G‘ozichek MFYda istiqomat qiluvchi Ne’matillo aka Qoraboyevning asalarilari sabab bo‘ldi.

Ne’matillo aka yoshlik chog‘larida xam asalarichilik bilan shug‘ullangan. Shunga ham o‘ttiz yil bo‘libdi. Bu orada tirikchilikning boshqa usullaridan foydalandi. Kam bo‘lmadi! Biroq, asalarichilik sohasiga bo‘lgan qiziqishi qayta nish urdiyu, beshta qutida bol arilarni parvarishlay boshladi.

— Qiziq holatda, — deydi Ne’matillo aka hayratini yashira olmay.—Arilar bitta qutida emas, beshta qutining har birida shunday yozuv hosil qilganlar. Buni o‘zimcha turli ma’noda tushunishga harakat qilyapman. Kim bilsin, balki, bu barakadan darakdir. Yo bo‘lmasa atrofimizda sodir bo‘layotgan ayrim noxush holatlardan sergak tortishimiz uchun bir ishoradir.

To‘g‘rida, keyingi paytlarda yuz ko‘rishmas bo‘lib ketgan aka-ukalar, bir-biriga pichoq ko‘targan qo‘shnilar, oilasi yuzini yerga qaratgan yigit-qizlar haqida ko‘p eshityapmiz. Sababi, oqibatni yo‘qotib qo‘ydikmikan, deymanda! Tabiat mavjudotlari Olloh so‘zini bitib, bizga bir-birimizga mehr-muruvvatli bo‘lish kerakligini yana bir bor eslatdimikan, degan xayolga boryapman to‘g‘risi...

Tan olish kerak, bu kabi holatlarga tasodif, deb qaragimiz keldi. Balki, asalarilarning in qurishdagi harakatlari aynan shu tahlitdagi usuldan boshlanar? Shu bois ham aynan bitta emas, beshala qutida ham bir xil yozuv paydo bo‘lgandir? Ko‘nglimizdan kechayotgan xayollarni uqib olgan masjid mutasaddilari yozuvga izoh berdilar. Ularning fikricha, bu haqiqatdan ham “Olloh” so‘zi ekan!

Aslini olganda asalarilarning o‘zi tabiat mo‘’jizasidir! Biroq ular yaratgan mo‘’jiza haqiqiy hayratimizga sabab bo‘ldi. Nima bo‘lganda ham bu voqeadan har kim o‘ziga yaxshi xulosalar yasamoqda. Asosiysi ham shunda!

Saminjon HUSANOV
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Jalaquduqlik Ne’mattilo akaning asalarilari “Olloh!” yozuvini bitdi