
SHIFOXONADA
Ayol mashinani yelday uchirib borardi. Yo Xudoyim, ishqilib, vaqtida yetib bora olsa, bas!
Reanimatsiya xonasidan chiqqan shifokorning yuz ifodasidan u hammasini tushundi. Ho‘ngrab yubordi.
— U hushiga kelmadimi?
— Allerton xonim, — ohista gap boshladi doktor, — siz o‘zingizni baxtiyor deb bilmog‘ingiz kerak. Eringizning oxirgi so‘zlari “Men seni sevaman, Meri!” degan xitob bo‘ldi…
Ayol yalt etib, doktorning yuziga qaradi va shart ortiga burildi.
— Minnatdorman, — sovuqqina javob qildi u. Uning ismi Judit edi…
Barnabi Konradeshe
BЕCHORA
Yovuzlikning qiyofasi bo‘lmaydi, deyishadi. Chindan, uning yuzidan hech narsani anglab bo‘lmasdi. Go‘yo u sezmayotganday, axir, bunaqa og‘riqqa chidab bo‘larmidi? Nahotki, u ko‘zlarimdagi dahshatni ko‘rmayapti? Yuzimdagi qo‘rquv va vahimani-chi? Yo‘q, u juda-juda xotirjam, aytish mumkinki, o‘zining yaramas vazifasini mahorat bilan ado etdi. Nihoyat, oxirida mehribonlarcha menga tayinladi: “Marhamat qilib, og‘zingizni chayib tashlang!”
Den Endryus
UCHRASHUVGA TAKLIF
Telefon jiringladi.
— Allo, — pichirlab javob berdi u.
— Viktoriya, bu men. Kel, bugun yarim tunda bandargoh yonida uchrashamiz!
— Yaxshi, azizim!
— Iltimos, shampan vinosi ola kelishni ham unutma! — dedi yigit.
— Xo‘p, unutmayman, azizim! Seni juda ko‘rgim kelyapti…
— Tezroq bo‘l, men kutishni yoqtirmayman! — dedi yigit va go‘shakni qo‘ydi.
Ayol tin oldi, keyin jilmaydi:
— Juda qiziq, kim bo‘ldi bu?
Nikol Veddl
IBLIS NIMA ISTAYDI?
Ikki bola dahshatli sharpaning asta-sekinlik bilan uzoqlashib ketayotganini kuzatib turishardi. Uning ko‘zlaridagi afsun ta’sirida hali-hamon boshlari karaxt edi.
— Menga qara, u sendan nima so‘radi?
— Qalbimni. Sendan-chi?
— Avtomat-telefon uchun mayda chaqa. Zudlik bilan qo‘ng‘iroq qilishi kerak ekan…
— Yur, borib, ovqatlanamiz!
— Mayliyu, lekin endi bir chaqa ham pulim qolmadi-da!
— Qo‘yaver, menda ular endi juda ko‘p…
Brayan Nyuell
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar