date
views 3 395

COVID-19 inqirozidan keyin ta’lim tizimini nimalar kutmoqda?

COVID-19 inqirozidan keyin ta’lim tizimini nimalar kutmoqda?
Bugun, 26 aprel kuni Rossiyada Hukumat tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan Moskva xalqaro ta’lim saloniga start berildi. Tadbirda pandemiya sharoitida ta’lim tizimini tahlil qilish, kelajakda ta’lim tizimini kutayotgan o‘zgarishlar bilan bog‘liq dolzarb masalalar muhokama qilinadi. Bu haqda Edu.uz xabar berdi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ko‘magida O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari ilk marotaba mazkur xalqaro tadbirda ishtirok etmoqda.

COVID-19 inqirozidan ta’lim tizimi qanday chiqadi? Moskva xalqaro ta’lim salonida bo‘lib o‘tadigan muhokamalar markazida mana shu savol turadi. Xalqaro tadbir shu yilning 26-29 aprel kunlari onlayn formatda o‘tkazilib, unda dunyoning turli burchaklaridan 1000 nafardan ortiq ekspert va spikerlar ishtirokida 200 ta turli formatdagi tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Salon ikkita yangi formatda o‘tkazilmoqda. “MXTS-strim” formatida turli mutaxassislar, ta’lim tizimi vakillari, davlat va biznes mas’ullari spiker sifatida qatnashib, ta’lim tizimining dolzarb masalalarini onlayn formatda muhokama qilishadi.

“Ta’lim sohasining interaktiv xaritasi” virtual ko‘rgazmasida esa mehmonlar uydan chiqmasdan o‘z-o‘zini izolyatsiya qilgan holda virtual ekspozitsiyadagi kompaniyalar stendlari, mahsulot va xizmatlari va boshqa materiallar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Xalqaro tadbir ishtirokchilaridan Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti so‘nggi yillarda Rossiyaning yetakchi OTMlari bilan, xususan, MSU Osiyo va Afrika mamlakatlari instituti, Sankt-Peterburg davlat universiteti, Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti, Qozon federal universiteti, Ural federal universiteti bilan muvaffaqiyatli hamkorlik qilib kelmoqda.

Bugungi kunda ta’limni raqamlashtirish, onlayn ta’lim va elektron kontentni rivojlantirish, Moodle ta’lim tizimini boshqarish yo‘lida turgan respublikamizdagi oliy o‘quv yurtlari uchun tajriba o‘rganish, xorijiy hamkasblar bilan fikr almashish juda muhimdir.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » COVID-19 inqirozidan keyin ta’lim tizimini nimalar kutmoqda?