21:52 / 06.05.2020
4 224

Sardobadagi kulfat ko‘lami insonlar yuzida aks etgan surat

Sardobadagi kulfat ko‘lami insonlar yuzida aks etgan surat
Foto: Instagram/@davron_kabulov
Ijtimoiy tarmoqlarda Sardobadagi toshqin oqibatida uy-joyidan ayrilgan, yig‘layotgan ayollarning yonida jilmayib turgan boshlovchi Davron Kabulov va xonanda Yulduz Turdiyeva aks etgan surat keng muhokama qilinmoqda. Internet foydalanuvchilari ushbu suratga «Quvonch va qayg‘u» deb nom bergan.

«Birgina suratda bir olam og‘riq mujassam. Unda Sardobadagi kulfatning naqadar keng ko‘lamliligi, uning oddiy odamlar, yosh bolalar hayotiga qanday ta’sir o‘tkazganini ko‘rish, his etish mumkin», — deb yozadi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri.

«Davronning yonida turgan bolaning ko‘zlariga qarang. U betashvish bolalikning shirin gashtini suradigan payt. Biroq bu kulfat uni ulg‘aytirib qo‘ydi. Uning nigohlaridagi dard buni ko‘rsatib turibdi. Bolaga qarab, ichim og‘ib ketdi», — deb yozadi boshqa internet foydalanuvchisi.

«Bu san’atkorlar kulib rasmga tushishga o‘rganib qolgan. Ular hech qachon oddiy insonlar qayg‘usini his eta olmaydi», — deya fikr bildiradi yana bir foydalanuvchi.
Bir necha blogerlar ham ushbu suratdagi san’atkorlarga nisbatan tanqidiy fikrlar bildirib, postlar yozdi. Asl vaziyat oydinlashganidan so‘ng esa tanqidiy postlarning ayrimlari o‘chirildi.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu suratni Davron Kabulov 5 may, seshanba kuni Madaniyat vazirligi hamda «O‘zbekkonsert» davlat muassasasining sardobaliklarga yordam karvoni tarqatilgan paytda Instagram’dagi sahifasiga joylashtirgan.
«Million» kulgi jamosi sardori ushbu suratga tushishdan oldin olingan videoni ham e’lon qilgan.

Videoda Davron Kabulovning ushbu sinovli kunlar o‘tib ketishi, hammasi yaxshi bo‘lishini aytib, odamlarni ruhlantirayotganini ko‘rish mumkin. Uning so‘zlaridan ta’sirlangan sardobalik ayollar yig‘lab yubordi. Shu paytda suhbatga xonanda Yulduz Turdiyeva ham qo‘shilib, «Ular sizni ko‘rib yig‘lashyapti», deb vaziyatni yumshatishga urinadi.

5 may kuni O‘zbekiston Madaniyat vazirligi va «O‘zbekkonsert» davlat muassasasining saxovat va insonparvarlik karvoni taniqli san’atkorlar hamrohligida Sardobadagi toshqin oqibatida jabrlangan fuqarolarga yetkazib berildi.

Uch kun davomida san’atkorlar va ko‘ngillilar tomonidan yig‘ilgan ushbu xayriya kiyim-kechaklar, oziq-ovqat mahsulotlari, bolalarga o‘yinchoqlar va boshqa zarur narsalardan iborat.

Ma’lumot uchun, Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida sodir bo‘lgan favqulodda vaziyat tufayli Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod tumanlaridagi 24 ta mahalladan 90 mingga yaqin fuqaro zudlik bilan xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan, hodisa oqibatida kamida 56 kishi turli darajada tan jarohati olgan, toshqin zonasida qolib ketgan yuzlab odamlar qutqarilgan, shuningdek, 4 nafar fuqaroning tabiiy ofat oqibatida halok bo‘lgani, 1 nafari bedarak yo‘qolgani aniqlandi.

Voqea yuz bergan kuniyoq Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatiga yetib bordi. U suv toshqini oqibatlarini ko‘zdan kechirdi, ofatdan jabrlangan aholi bilan muloqotda bo‘ldi, sharoit yaxshilanmagunicha hech bir rahbar hech qayerga ketmasligini ta’kidladi. Allaqachon qayta tiklanishi boshlangan to‘g‘onni bir necha bor borib ko‘rdi, ish jarayoni bilan tanishdi.

To‘g‘onning yorilishi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sardobadagi kulfat ko‘lami insonlar yuzida aks etgan surat