08:13 / 19.06.2020
2 783

Kampirning gumoni…

Kampirning gumoni…
Odam bolasining o‘ta vahshiylikka qo‘l urishiga nima sabab bo‘ladi? Buni birgina so‘z bilan ifodalab bo‘lmasa kerak. Yillab davom etayotgan noxush gap-so‘zlar, o‘zaro hurmatning yo‘qolishi bunday dilxiraliklar sodir bo‘lishiga turtki bo‘ladi.

Abdulla Jalilov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) yetmish yoshni qoraladi. Turmush o‘rtog‘i Manzura momo bilan to‘rt farzandni voyaga yetkazishdi. Yillar o‘tib bobo-momo bo‘lib farzandu nabiralariga o‘rnak bo‘lish o‘rniga cholu kampir arzimagan bahona bilan urishib, tortishar edi. Er-xotinning o‘rtasidagi bunday janjallar boshlanganiga ancha bo‘lgan.

Qolaversa, katta o‘g‘lining uy masalasidagi tortishuvlari qo‘shimcha bo‘ldi.

O‘sha kuni Abdulla boboning tug‘ilgan kuni edi. Ertalabdan uydan chiqib ketdi. O‘zini-o‘zi xursand qilib, kanalga borib cho‘mildi. Keyin bir kafega kirib ovqatlandi. Spirtli ichimlik ham ichib oldi. Uyga qaytayotib, mahalladoshlarining shaxmat o‘yinini biroz kuzatdi. Soat taxminan 18:00 larda uyiga yaqinlashdi. Yo‘lakda kelini Xumoraga duch keldi.

Er-xotin va uch bolasi ular bilan birga yashaydi.
– Onam uyda sizdan xafa bo‘lib o‘tiribdi, – dedi kelini.

Abdulla bobo uy kiyimlarini kiyib, mehmonxonaga o‘tdi. Ikki nabirasi bolalar bog‘chasida, kenjasi hali juda kichkina. Manzura momo xonada yolg‘iz emas, katta qizining o‘g‘li Olim buvisining telefonini o‘ynab o‘tirgandi.

U xonaga kirgandan so‘ng yana tortishuv boshlandi. Manzura momo yonidagi nabirasini ham unutdi. Kelinining sha’niga haqoratli so‘zlar aytdi. Gaplarning bir uchi qaynotaga tegardi.

– Bo‘ldi qil. Bu gaplaringni biror kim eshitsa, o‘g‘limizning oilasi buzilib ketadi.
– Buzilsa buzilar. Nimaga doim shuning yonini olasiz? Biror gap bormi yoki? – Manzura momo jahliga erk berdi.

Bu gap qanchalik haqiqatga yaqin, buyog‘i bizga qorong‘u. Lekin kampirning og‘zidan bir gap chiqdi, eshitgan quloq larzaga keladi: «kelinning bolasi sizdan, o‘rtangizda bir gap bor».

Abdulla boboning tepa sochi tikka bo‘ldi. Ayolining gaplaridan joni bo‘g‘ziga keldi.
Kampiri bu gap bilan cheklanmadi. Ancha haqorat yog‘dirdi.

Uzoq yillardan beri davom etayotgan o‘zaro hurmatsizlik, qolaversa, tanasidagi spirtli ichimlik o‘z kuchini ko‘rsatdi. Abdulla boboni kuchli nafrat o‘z izmiga oldi. Stol ustida turgan pichoqni olib kampiriga o‘qtaldi.

– Bo‘ldi qil dedim, og‘zingni yop. Bo‘lmasa hozir shuni tiqib olaman!
– Erkak bo‘lsang o‘ldir, qo‘lingdan keladimi? – dedi kampir choliga tik boqib.

Abdulla bobo ayolining gaplarini eshitmadi. Uning ustiga chiqib, duch kelgan joyiga pichoq sanchdi. O‘ziga kelganda esa kampir qonga belanib yotgandi.

Ularning janjalidan qo‘rqib qolgan Olim tezda onasiga qo‘ng‘iroq qildi. Ammo onasi yetib kelguncha bo‘lar ish bo‘lgandi. Shundan so‘ng yangasiga qo‘ng‘iroq qildi.

Abdulla bobo shu paytning o‘zida IIBga borib, bo‘lgan voqeani so‘zlab berdi.
Yetib kelgan tez yordam xodimlari Manzura momoning vafot etganini aytdi.

Sud majlisida Abdulla bobo kampirini o‘ldirish niyati bo‘lmaganini, uning gaplari erkaklik sha’ni va g‘ururiga tegib ketgani uchun jahlga erk berib yuborganini, hozir qilmishidan qattiq pushaymon ekanini, yoshini inobatga olib qonuniy yengillik berilishini so‘radi.

Sud hukmi bilan Abdulla Jalilov 13 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Jazoni umumiy tartibli kaloniyada o‘taydigan bo‘ldi.

Ha, bu hayotda nimalar bo‘lmaydi deysiz. Torga tor, kengga keng dunyo deganlariday, yoshi bir joyga borib qolgan, piru badavlat yoshdagi bu kimsalar nahotki yillar davomida turmushning baland-past so‘qmoqlaridan saboq olmagan bo‘lsa. Bir tomondan spirtli ichimlik ta’siri, boshqa tomondan jahlini jilovlayolmagani Abdulla Jalilovni panjara ortiga yetakladi.

Yoshlar xatoga yo‘l qo‘ysa, ularni yosh, turmush zarbalari oldida ojiz deymiz. Ammo yoshi ulug‘ bu kabi kimsalarga na pandu nasihat qilib bo‘ladi, na dashnom bera oladi odam. Xulosa o‘zingizdan. Hech kimni jahl, nafrat yo‘ldan adashtirmasin.

Shoxrux SAMANDAROV,
Bosh prokuratura boshqarma AMIB tergovchisi

Manba: Huquq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Kampirning gumoni…