08:00 / 22.06.2020
4 626

Dor, tuxum va janoza

Dor, tuxum va janoza
Tursunboy rosa ichadigan bo‘lib qoldi. Topganida baraka yo‘q. Yana buyam yetmaganday, xotinining bir jag‘i ochilsa, uncha-munchaga yopilmaydi. Mana hozir ham qo‘shni kampir Xolnisa xola bilan so‘rida allanima qilib o‘tirgan edi, shirakayf eri kirib keldi. Yana janjal boshlandi.

- Dod, bu erni dastidan dod! Bu kunimdan o‘lganim yaxshi! Bu erga qachon aql kiradi? Yaqinda qizini chiqaradigan, o‘g‘lini uylaydigan bo‘p turibdi-yu, haliyam alkashligini qo‘ymaydi-ya? Bundan ko‘ra o‘lib qo‘ya qolsangiz yaxshi edi. O‘zim bir amallab joylardim, bolalarimni...

Xotinni odatdagi haqoratlari bu gal mast erga qattiqroq ta’sir qildimi yo qo‘shni kampirning bir chetga qarab tirjayib turgani yoqmadimi, Tursunboy bir necha daqiqa serrayib, shamolda chayqalgan daraxtdek ozgina u yon-bu yon bo‘lib turdi-da, g‘o‘ldiradi:
– Mendan bezor bo‘lsang, bo‘ldi. O‘zimni o‘ldiraman, qutulasan-qolasan. Birorta tuzukrog‘iga tegvolasan!
– Qaniydi, siz o‘zingizni ham o‘ldirolmaysiz!
– Shunaqami? Men ketdim.

Xotini yana kampir bilan gaplashib o‘tiraverdi. Yarim soatlar o‘tgach, erining tinchib qolganidan xavotir oldimi:
– Feruz, dadang uydami? – deb so‘radi.
– Yo‘q. Boya arqon ko‘tarib molxonaga kirib ketuvdilar-ku.

Xotin bilan kampir molxonaga yugurishdi. Molning oxuri tepasidagi to‘sinda Tursunboy osilib turardi. Xotin dod-voyni boshladi. Kampir uni o‘tqizib, suv berdi. Keyin “sen borib asrdan chiqqan chollarni yetaklab kel, biror maslahat qilamiz”, deb uni masjidga jo‘natdi. O‘zi molxona ichidagi chelak ustiga o‘tirib, o‘zicha: “O‘l-a, tirikligingdayam hammani joniga teguvding. Endi meniyam bugungi to‘ydan qoldirding”, deb oxur ichida tovuq qo‘ygan olti-yetti tuxumni ko‘rib qoldi. “Mayli, manavi tuxumlarni olay, harna”, deb endi nimchasining cho‘ntagiga solishni boshlagan edi:

– Mayaklarni joyiga qo‘ying, ena! – degan Tursunboyning ovozi eshitildi.
Kampir oyog‘i qaltirab, rangi oppoq bo‘lib, yerga o‘tirib qoldi.
Ertasiga rostdan ham janoza bo‘ldi. Faqat mayit boshqa edi...

Yoqub Umar

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Dor, tuxum va janoza