11:16 / 22.07.2020
1 064

«Biz ham shu yurt kelajagimiz» – Rossiyadan videomurojaat yo‘llagan talabalar charter reys orqali vatanga qaytarildi

«Biz ham shu yurt kelajagimiz» – Rossiyadan videomurojaat yo‘llagan talabalar charter reys orqali vatanga qaytarildi
15 iyul kuni Rossiya Federatsiyasining Cibir federal okrugi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talaba-yoshlar O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripovga videomurojaat yo‘llab, o‘zlarini qiynayotgan muammo hal etilishida yordam so‘rashgan edi.

Murojaatda 100dan ziyod talaba O‘zbekistonga qaytish uchun charter reysga chipta xarid qilishgani, ammo navbat yetib kelmayotgani, mablag‘dan qiynalib qolishganini ma’lum qilishgandi. Ular orasida Rossiyada o‘qishni tamomlab, ro‘yxat qaydnomasi tugayotganlar ham bor edi. Ushbu murojaat 15 iyul kuni Kun.uz saytining telegramdagi kanali orqali yoritildi.

Ushbu talabalarning murojaati inobatga olindi – 22 iyul kuniga o‘tar kechasi, tungi soat 01.00da ular charter reys orqali O‘zbekistonga olib kelindi. Toshkent xalqaro aeroportidan reportaj tayyorlagan Kun.uz muxbiri xabar berishicha, charter reysda 200 nafarga yaqin talaba olib kelingan.

Ibrohimbek Mahmudov, Sibir davlat tibbiyot universiteti farmatsevtika yo‘nalishi talabasi:
– Murojaatimiz bunchalik tez hal qilinadi, bir haftada reys tashkillashtirib berishadi, deb o‘ylamagandik. Avgust oynining boshlarida qaytishga umid bog‘lagan edik.

Jamshid Madaminov, Sibir davlat tibbiyot universiteti talabasi:
– O‘qib turgan joyimizda koronavirus bilan bog‘liq ravishda muhit og‘irlashgani bois O‘zbekistonga qaytishga majbur bo‘ldik. Talaba yoshlar bo‘lganimiz, charter reys orqali birinchi navbatda olib kelinadiganlar guruhiga kirmaganimiz tufayli bizni olib ketishga rozi bo‘lishmadi. Petitsiya yig‘ib, qo‘l qo‘yganimizdan keyingina bizni tinglashdi.

RANXiGS Sibir boshqaruv instituti 1-bosqich bitiruvchisi:
– Qaytganimizdan juda ham xursandman. Qayd etishim kerakki, sizda post chiqqandan keyin biz qaytishga muvaffaq bo‘ldik.

Zarina Vahobova, Sibir davlat tibbiyot universiteti stomatologiya yo‘nalishi talabasi:
– Murojaatimizga bunchalik tez javob bo‘ladi, deb o‘ylamagandim. Hukumat murakkab vaziyatda bizni tashlab qo‘ymagani uchun xursandman. Har holda, nima bo‘lganda ham biz shu mamlakatning kelajagimiz.

Endilikda talabalar karantin muddatini o‘tash uchun maxsus kuzatuv ostida Toshkent viloyatidagi O‘rtasaroy karantin markaziga yuborildi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)