11:17 / 27.07.2020
1 858

Karantinda qurbonlik keltirish tartibi ma’lum qilindi

Karantinda qurbonlik keltirish tartibi ma’lum qilindi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali fatvo hay’atining karantin sharoitida qurbonlik keltirish tartibi haqida batafsil ma’lumot berdi.

«Bismillahir Rohmanir Rohim. Hozir yurtimizda karantin davom etayotgani va ayni qurbonlik kunlarida transport harakati cheklangani sababli qurbonlik qilishda ba’zi qiyinchiliklar bo‘lishi tabiiy.

Qurbonlik vojib bo‘lgan yurtdoshlarimiz imkon qadar qo‘y sotib olib, qurbonlik qilishadi. Buning iloji bo‘lmasa, qo‘y topa oladigan biror kishini topib, uni sotib olish va qurbonlik qilishga vakil qiladi. Chunki Qurbonlik qilishda o‘zidan boshqasini vakil va o‘rinbosar qilish joizdir. Agar bir kishi boshqa odamni qurbonlikka vakil qilsa, jonivorni sotib olish va so‘yish vaqtida vakil qurbonlikni niyat qilishi kifoya qiladi. Sotib olishda narxi kelishilsa kifoya, pulini nasiya ham qilish mumkin. Telefon yoki biror vosita orqali biror kishini «meni nomimdan qurbonlik qilgin
»,​ deb vakil qilsa, vakilning qurbonligi uning nomidan o‘tadi.

Hanafiy mazhabiga ko‘ra boy (ya’ni, nisob miqdoriga ega) kishilarning qurbonlik qilishi vojibdir. Buning ustiga qurbonlik ibodati qon oqizishga bog‘langan bo‘lib, qiymatni sadaqa qilish bilan ado bo‘lmaydi. Bu haqda alloma Alouddin Kosoniy rahimahulloh shunday deydilar:

«Bir kishi qurbonlik kunlarida qo‘yning o‘zini yoki qiymatini sadaqa qilsa, qurbonlik o‘rniga o‘tmaydi. Chunki qurbonlikning vojibligi qon oqizishga bog‘liqdir. Asl qoida shuki, agar vojiblik ayni bir ishga bog‘liq bo‘lsa, uning o‘rniga boshqasi o‘tmaydi...»​ («Badoye’us sanoye’»​ kitobidan).

Qurbonlik qilishi vojib bo‘lgan, boy kishi qurbonlik kunlarida jonliq so‘ya olmasa-yu, qurbonlik kunlari o‘tib ketsa, qazosi uchun o‘rtacha qo‘yni qiymatini sadaqa qilishi vojib bo‘ladi. Ammo faqir kishi qurbonlik uchun jonliq sotib olib, uni qurbonlik kunlarida so‘yolmagan bo‘lsa, qazosi uchun jonliqni tirik holida sadaqa qiladi. Lekin, bunday sadaqa qilish bilan o‘z vaqtida so‘yilgan qurbonlikka va’da qilingan savobga erishilmaydi.

Qurbonlik go‘shtini taqsimlash va tarqatishga kelsak, ushbu amal shariatimizda mustahab amal hisoblanadi. Bugungi epidemiologik talablar qat’iy belgilangan bir paytda vaziyatdan kelib chiqib, go‘shtni tarqatish aynan hayit kunlarida bo‘lishi shart emas. Balki, keyinchalik ham tarqatilishi mumkin. Vakil orqali uzoqroq joyda qurbonlik qildirganlar, xohlasalar o‘sha joyda tarqatishlari ham joiz. Vallohu a’lam», - deyiladi O‘MI xabarida. ​

Ma’lumot uchun, ma’lum sabablarga ko‘ra Qurbon hayiti umuman o‘qilmaydigan shaharlar go‘yo qishloq va sahrolar hukmida bo‘lib, bunday joylarda hayit kuni tong otgandan keyin qurbonlik qilish joiz. Lekin quyosh chiqqandan keyin qurbonlik qilish mustahabdir.​
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)