14:23 / 10.08.2020
4 322

Qibrayda chamadon ichidan Oliy sud sobiq xodimining jasadi topildi

Qibrayda chamadon ichidan Oliy sud sobiq xodimining jasadi topildi
Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati
Toshkent viloyati Qibray tumanida sayohat chamadonidan murda topildi. Bu haqda Bosh prokuraturaga tayanib, «Xabar.uz» xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 8 avgust kuni Qibray tumani IIBga «Qodiriya GESlar Kaskadi» unitar korxonasi 11-sonli GESining 2-avankamerasida sayohat chemodaniga inson jasadi tiqib qo‘yilgani haqida xabar kelib tushgan. Hodisa joyi ko‘zdan kechirilganda, yarim ochiq holatdagi BIAHao sayohat chamadoni ichida erkak kishining jasadi borligi aniqlangan.

Murdani ko‘zdan kechirish davomida uning badanida tan jarohati va undan qolgan izlar aniqlanmagan. Shimining cho‘ntagidan jami 410 ming so‘m miqdorda naqd pul topilgan.

Olib borilgan tergov va tezkor-qidiruv harakatlari natijasida murdaning shaxsiga oydinlik kiritilgan: u 1968 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, poytaxtning Yakkasaroy tumanida istiqomat qilib kelgan Sh.A. bo‘lib chiqqan. (Marhum ilgari O‘zbekiston Oliy sudida ta’minotchi vazifasida ishlagani aytilmoqda).

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Sh.A. 2020 yilning 7 avgust kuni ertalab uyidan Gentra rusumli avtomashinasida Toshkent shahridagi Respublika Shoshilinch tez tibbiy klinik (sobiq 6-sonli) shifoxonasiga chiqib ketgan. Mazkur transport vositasini aniqlash bo‘yicha «To‘sib ushlash» tadbiri e’lon qilinib, transport vositasi qayerda ekanligini aniqlash choralari ko‘rilmoqda.

Bo‘stonliq tumani sud tibbiy ekspertiza bo‘linmasining birlamchi ma’lumotnomasida marhum Sh.A. «bo‘yin a’zolari to‘mtoq jism ta’sirida siqilishi oqibatida yuzaga kelgan mexanik asfiksiya»dan vafot etgani qayd etilgan.

Ayni paytda holat bo‘yicha Qibray tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

«Jinoyatni fosh etish maqsadida Toshkent viloyat IIBB, Toshkent shahar IIBB hamda tuman IIB xodimlaridan iborat tezkor guruhlar tashkil etilib, tergov hamda tezkor-qidiruv harakatlari amalga oshirilmoqda», — deyiladi xabarda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qibrayda chamadon ichidan Oliy sud sobiq xodimining jasadi topildi