00:23 / 04.09.2020
982

O‘zbekistonga 3 mln dollar sarmoya kiritgan xorijliklar 10 yillik yashash guvohnomasini oladi

O‘zbekistonga 3 mln dollar sarmoya kiritgan xorijliklar 10 yillik yashash guvohnomasini oladi
Foto: orphanednation.com
«O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy maqomi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Dilshod Murodbekov 3 sentabr kungi matbuot anjumanida bu boradagi yangiliklarni sanab o‘tdi.

«Avvalgi tartib-qoidaga ko‘ra, chet el fuqarosi O‘zbekistonga kirib kelgach, ichki ishlar idoralarida ro‘yxatdan o‘tish uchun migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmatlariga borish majburiyatlari bor edi. Hozirgi kunda ushbu majburiyatlar bekor qilinib, ularni vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish elektron tizim orqali amalga oshirilmoqda», – dedi Dilshod Murodbekov.

Ma’lum qilinishicha, yangi qonun loyihasida investorlar uchun vaqtinchalik beriladigan guvohnoma shartlari ham belgilangan. O‘zbekistonga 3 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritgan chet el fuqarolariga 10 yillik muddatda yashash guvohnomasi beriladi. Bu tartib 2021 yil 1 yanvardan boshlab kuchga kirishi rejalashtirilyapti.

Faxriy fuqaro maqomini olgan, ya’ni 1 million 200 ming dollardan oshiq investitsiya kiritgan fuqarolarga ham yashash guvohnomasini berish tizimi joriy qilingan.

Qonun qabul qilinishi bilan, chet el fuqarolarining O‘zbekiston hududida erkin harakatlanishi osonlashtiriladi. Oldin chet el fuqarolari bitta joydan vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tganidan keyin faqat o‘sha yerda yashash majburiyati belgilab berilgandi. Endi esa chet el fuqarosi boshqa hududda yashash istagini bildirsa, oldingi ro‘yxatdan o‘tgan joyi bekor qilinmasdan, vaqtinchalik boshqa hududda ro‘yxatdan o‘tib, yashash imkoniyati berilmoqda.

«Qonun loyihasidagi yana bir afzalliklardan biri – chet el fuqarolarining O‘zbekistonga kirishi yoki ketishiga ruxsat berishda ortiqcha ovoragarchilik bo‘lmaydi», – dedi IIV rasmiysi.

Ma’lum qilinishicha, chet el fuqarosi betob bo‘lib yoki baxtciz hodisa tufayli O‘zbekistondan belgilangan muddatda chiqib ketolmasa, ularga ortiqcha hujjatlar taqdim etmay, qo‘shimcha davlat boji to‘lamay, respublikadan chiqib ketishlariga imkoniyat yaratib beriladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)