20:00 / 19.09.2020
4 514

Farzandingizni Islomda tarbiyalang

Farzandingizni Islomda tarbiyalang
Bugungi eng katta global muammolardan biri — farzand tarbiyasi. Farzandni chiroyli tarbiyalash bandaga berilgan eng katta baxt desak xato qilmagan bo‘lamiz. Bugun aksariyat ota-onalar farzandlarining tarbiyasidan xavotirda. Hatto farzandidan qo‘rqib yashaydigan ota-onalar ham bor.

Ba’zi keksa ota-onalar noqobil farzandlarini zikr qilib: «Shularning boridan yo‘g‘i yaxshiydi. Yoshligida o‘lib qo‘ya qolmagan ekan. Katta bo‘lsa rohatini ko‘raman, devdim, qaytaga tashvishlarim ham kattalashib ketdi. Bular mani tiriklayin go‘rga tiqadigan bo‘ldi. Nahotki, bir parcha etligidan, katta umidlar bilan ulg‘aytirsang-u katta bo‘lgach o‘z farzanding o‘limingni kutib yashasa»…. kabi gaplar insonning yuragini og‘ritadi.

U kunda – keksalikda har bir inson na o‘zini mol-dunyosi va mansabi, na farzandining mol dunyo-yu, mansab-martabasi insonga yetarlicha xotirjamlik berolmasligini, farzandning shirin muomalasi, samimiy xizmati, mehrga to‘la ko‘zlari ota-ona uchun hamma narsadan ko‘ra muhimligini anglab yetadi.

Lekin, ming afsuski, farzandni ana shunday go‘zal inson bo‘lishini faqat Islom dini ta’limotlarigina ta’minlay olishini, u uchun yoshligidan odob-axloqqa ko‘proq e’tibor berish lozimligini ko‘pchilik ota-onalar kech tushunib yetishadi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Men sizlarga go‘zal xulqlarni tamomila o‘rgatish uchun Payg‘ambar qilib yuborildim», – deb bejiz aytmaganlar.

Hamma baxt go‘zal axloqda. Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Hech bir ota-ona farzandiga go‘zal xulqdan ko‘ra foydaliroq biror narsani meros qoldira olmaydi», deganlar.

Ha azizlar! Farzandlarimiz go‘zal xulqli inson bo‘lishini, nafaqat o‘zimizga balki ortimizdan boshqalarga ham ko‘z quvonch bo‘lib, bizga rahmat eshittirib yurishini xohlaymizmi? Unda ularga, albatta, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni tanitaylik!

Ul Zotni oltindan qimmat o‘gitlarini farzandlarimizga o‘rgataylik! Chin musulmon bo‘lishiga e’tibor qarataylik.

Islom najot kemasi, saodat yo‘li. Uni yo‘lboshchisi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam. Kim u kemaga chiqsa, insonni halok qiluvchi hayot muammolarida g‘arq bo‘lmaydi. Kim bu yo‘lda yursa hayot zulmatlarida qolib xor bo‘lmaydi… Bundan boshqa najot yo‘li yo‘q.

Farzandlarimiz ayniqsa, ularga suyanib qolganimizda haqiqiy tirgak bo‘lishlari uchun sunnat bilan sug‘orilgan bo‘lishlari shart. Yo‘qsa, keksayganda ana o‘sha farzandidan dili og‘rigan, ko‘zi yoshlangan insonlarning biriga aylanib qolishimiz mumkin. Bunday bo‘lishidan hammamizni Alloh asrasin!

Allohim hammalarimizga ahli ayol va bola-chaqalarimizdan ko‘z quvonchini ato etsin!

Mirshavkat Muzaffar

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Farzandingizni Islomda tarbiyalang