15:00 / 26.09.2020
1 176

Tabiiy gaz nazorati va hisobining yangi tizimi joriy etiladi

Tabiiy gaz nazorati va hisobining yangi tizimi joriy etiladi
Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati
Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali tabiiy gazni hisobga olish tizimini takomillashtirish, yo‘qotishlarni bartaraf etish, shuningdek iste’mol qilingan tabiiy gaz uchun to‘lovlarning o‘z vaqtida va to‘liq undirilishini ta’minlash maqsad qilingan.

Prezident «Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish» loyihasini amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

«Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish» loyihasini amalga oshirish doirasida «Hududgazta’minot» AJ tomonidan mahalliy ishlab chiqaruvchilar orasida belgilangan tartibda o‘tkazilgan tender natijalariga muvofiq «Texnopark» MCHJ bilan elektron gaz hisoblagichlari va zarur bo‘lgan uskunalarni yetkazib berish to‘g‘risida shartnoma tuzilgan.

Loyihani amalga oshirish:
a) quyidagi asosiy yo‘nalishlar asosida jadallashtiriladi:
  • tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini «ishlab chiqarish — gaz taqsimlash stansiyasi — tuman (shahar) chegarasi — yirik uchastkalar kirish qismi — iste’molchi» prinsipi asosida butun tarmoq bo‘yicha joriy qilish;
  • hisoblagichlarni birinchi navbatda aholining tabiiy gaz iste’moli va qarzdorlik darajasi yuqori bo‘lgan hududlarga o‘rnatish, shuningdek yirik iste’molchilar va tadbirkorlik sub’ektlarini ularning hisobidan Tizimga ulash;
  • aholi yashash punktlarida barcha iste’molchilarning (maishiy, sanoat va budjet) hisoblagichlarini hamda yirik uchastkalar kirish qismidagi hisoblagichlarni bir vaqtning o‘zida o‘rnatish va Tizimga ulash hamda tarmoqdagi yo‘qotishlarni bartaraf etish bo‘yicha ishlarni tashkillashtirish;
  • hisoblagichlarni o‘rnatish va Tizim imkoniyatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etish orqali joylardagi barcha xodimlarning ko‘nikma va malakasini oshirish;

b) quyidagi tartibda tashkil etiladi:
  • «Hududgazta’minot» AJ mablag‘lari evaziga 2020 yil 1 oktabrga qadar Qibray, Zangiota va Toshkent tumanlarida Tizimni o‘rnatish;
  • Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan ajratiladigan kredit mablag‘lari evaziga 2021 yil 1 fevralga qadar O‘rta Chirchiq, Chinoz, Yuqori Chirchiq, Yangiyo‘l va Karmana tumanlari hamda Toshkent, Andijon, Buxoro, Guliston, Jizzax, Namangan, Nukus, Samarqand, Termiz, Urganch, Qarshi, Kattaqo‘rg‘on, Qo‘qon, Marg‘ilon shaharlarida va boshqa qarzdorlik darajasi baland bo‘lgan hududlarda Tizimni o‘rnatish;
  • 2021 yil 1 avgustga qadar respublikaning boshqa hududlarida iste’molchilarga zamonaviy hisoblagichlarni o‘rnatib, Tizimni to‘liq joriy etish;
  • ikki oy muddatda yirik iste’molchilar, avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari va qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarini, 2020 yil yakuniga qadar qolgan tadbirkorlik sub’ektlarini ularning o‘z mablag‘lari hisobidan hamda 2021 yil 1 mayga qadar ijtimoiy soha ob’ektlarini Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan Tizimga ulanishini ta’minlash.

Loyihani moliyalashtirish va 2021 yil 1 avgustga qadar amalga oshirish uchun:

a) Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 1 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan holda 4 yil muddatda qaytarish sharti bilan, 6 oylik LIBOR plyus 3 foiz yillik stavkada, imtiyozli davrda asosiy qarz bo‘yicha hisoblangan foizlar kapitalizatsiya qilinishi hisobga olinib, 150 million AQSH dollari miqdoridagi krediti jalb qilinadi;

b) quyidagilar jalb qilinadi:
«O‘zsanoatqurilishbank» ATBning 27,5 million AQSH dollari ekvivalenti miqdoridagi krediti;

elektron gaz hisoblagichlarini yig‘ish uchun zarur bo‘lgan ehtiyot qismlarini Italiyadan xarid qilishga yo‘naltiriladigan Italiyaning «SACE» davlat eksport-kredit agentligining sug‘urta qoplamasi ostida xorijiy tijorat banklari krediti;

Loyihaning mahalliy xarajatlarini qoplash uchun birinchi o‘rinda respublika jamg‘armalari va mahalliy tijorat banklarining mablag‘lari va zaruratga ko‘ra xorijiy moliyaviy tashkilotlar qarz mablag‘lari.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Moliya vazirligi, Energetika vazirligi va «O‘zsanoatqurilishbank» ATB bilan birgalikda joriy yil yakuniga qadar Italiyaning «SACE» davlat eksport-kredit agentligi va xorijiy moliyaviy tashkilotlar bilan muzokaralar yakunlanishini hamda zarur miqdordagi mablag‘lar jalb qilinishini ta’minlaydi.

Moliya vaziriga «Hududgazta’minot» AJning Loyiha doirasida ta’minot bo‘yicha moliya tashkilotlari, jamg‘armalar va banklar oldidagi majburiyatlari yuzasidan tegishli kredit shartnomalarining talablari asosida O‘zbekiston Respublikasining davlat kafolatlarini berish vakolati taqdim etiladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)