15:20 / 21.10.2020
2 912

«Ko‘rganlarimga ishonaman» yoki Zangiota shifoxonasida bir necha kun

«Ko‘rganlarimga ishonaman» yoki Zangiota shifoxonasida bir necha kun
Foto: SSV
Ko‘pincha ijtimoiy tarmoqlar orqali bemorlarning shifokorlardan norozi bo‘layotganini guvohi bo‘lamiz. Ammo...

Yoshim 55 da. Toshkent shahri Sirg‘ali tumanida istiqomat qilaman. 21 sentabr kuni koronavirus infeksiyasi bilan o‘rta og‘ir holatda «1-son Zangiota shifoxonasi»ning qabulxonasiga hech qanday yo‘llanmasiz murojaat qilgandim. «Ye blok 4-bo‘limi»ga qabul qilishdi. Yarim soat ham o‘tmasdan 170-palataga joylashtirishdi, hamxonalar bilan salomlashib ulgurmasimdan navbatchi vrach va hamshiralar mulojalarni boshlab yuborishdi. Hatto ularning menga qattiq e’tibor qilishlarini ko‘rib ahvolim shunchalar og‘irmikan degan xavotirga bordim. Dori-darmon ro‘yxatini qachon berishini kuta boshladim. Lekin bu haqda hatto imo-ishora ham qilishmadi. O‘zimni noqulay sezib shifokorlarga nima kerakligini so‘rasammikan, degan xayolgayam bordim.

Muolajaning uchinchi kuniga borib ahvolim yaxshilanib, o‘zimni yengil his qila boshladim. Hamxonam Dilshodning aytishicha uning tumush o‘trog‘i, ukasi va yana beshta qarindoshi shu blokda davolanib ketgan ekan. Yana bir tanishim Miralining esa turmush o‘rtog‘i va qizi qo‘shni palatalarda davolanayotgan ekan. Mirali shifokorlardan mingdan-ming rozi bo‘lib, yorug‘ chehra bilan chiqib ketdi. O‘rniga Chinozlik Husan aka keldi. Kelganining ikkinchi kuniyoq opasini ham qo‘yarda qo‘ymay Zangiotada davolanishga ko‘ndirdi. O‘sha kuniyoq opasi boshqa blokka kelib joylashdi. Xonadoshim Dilshod chiqib ketgach, piskentlik bemor qarindoshlari bilan hech qanday qiyinchiliksiz, hech qanday pul to‘lamasdan muolajalarni olib boshladi...

Bu yerda ishlayotgan shifokor va hamshiralarning qo‘li qo‘liga tegmaydi. Navbatchi shifokorlar og‘ir yo‘talayotgan yoki shu kabi belgilarni berayotgan bemorni yonida shu ondayoq paydo bo‘lar va uni ko‘rikdan o‘tkazib lozim topilsa holatidan kelib chiqib muolajani o‘zgartirar edi. Xullas bu yerda har bir bemorga alohida yondoshuv yo‘lga qo‘yilgan. Kisloroddan foydalanmasangiz, ular tayinlagan holatda yotmasangiz umuman ular o‘rnatgan tartibga rioya qilmasangiz, jon kuydirib koyib berishadi.

Chetdan qaragan kishi, vrach yoki hamshiralar guyo o‘zini qarindoshiga ichi achigani uchun jonfidolik qilyapti deb o‘ylashi mumkin. Tozalik posbonlari esa tungi soat ikkida kislorodning suvini almashtirish, ertalab yana beshda palatalarni xlorli eritma bilan yuvib tartibga keltirish, bemorlarga ovqat tarqatish, holati og‘irlarni ovqatlantirish, idishlarni maxsus eritmalarda yuvib tozalash ishlarini sidqidildan bajarishadi.

Men yotgan palata yo‘lakning boshida bo‘lgani uchun bemorlarning, yangi kelganlarning xurujli yo‘tallari va tuzalayotganlarning shukronasi, shifokorlarga chin dildan tashakkur aytayotganlari eshitilib turardi.

Axir og‘ir damlarda inson himoyachi va g‘amxo‘rga muhtojlik sezadi. Bu yerdagi shifokorlarning fidoyiliklari sabab ular yolg‘iz emasligini his qilgan holda xotirjam edilar.

Nihoyat o‘g‘lim bilan butkul sog‘ayib shifoxonani tark etdik. Shu fursatdan foydalanib, men shifokorlar — Ilhom Xo‘jaqulov, Sohib Kamolov, Nodir Tursunov, Jahongir Qosimov, Shohjahon Matkarimov, hamshiralar — Charos Hidoyatova, Dilorom Yunusova, Gulnoza Ismailova, Hilola Mahmudova, Ra’no Tojiboyeva, Dilnoza Dadaxonova, Gulxan Alimboyeva, Dilrabo Abdullayeva va Shahnoza Zoirova, sanitarlar guruhi — Dilmurod Qayumjonov, Dilshod Abdujamolov, sanitarkalar — Albina Mahmudova, Saida Yo‘ldosheva, Nodira Po‘latova va Mohidil Egamnazarovalarga o‘z minnatdorligimni bildirmoqchiman.

Zero, yaxshilikni tan olish, najot farishtalari kabi odamlarga umid bag‘ishlayotgan oliyjanob shifokorlar yurtimizda ko‘plab topilishini eslatib qo‘yish mening insoniylik burchim emasmi?

Manba: Xabar.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)