07:00 / 07.11.2020
2 148

«Ularga istagan oylik va sharoitini qilib berishga tayyorman» – Shavkat Mirziyoyev xorijdagi o‘zbek shifokorlari haqida

«Ularga istagan oylik va sharoitini qilib berishga tayyorman» – Shavkat Mirziyoyev xorijdagi o‘zbek shifokorlari haqida
Prezident Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolarga bag‘ishlangan yig‘ilishda xorijiy davlatlarga ishlash uchun chiqib ketgan shifokorlar va ularni O‘zbekistonga qaytarish haqida gapirdi.

«Ko‘plab tajribali, bilimli shifokorlarimiz hozir arab musulmon va dunyoning boshqa davlatlarida yuribdi. Nega? Chunki, ularga o‘z vaqtida sharoit qilib bermadik, yetarli oylik bermadik. Agar ularni qaytara olganimizda edi, bugungi tibbiyot tizimimizdagi eng katta muammolarimizni hal qila olgan bo‘lardik.

Men ularga istagan oyligi va shart-sharoitini qilib berishga tayyorman. Hozir odamlarimiz kasalliklarini davolash uchun Hindiston, Turkiya, Rossiya va Germaniya kabi davlatlarga borishmoqda. Nega? Chunki shu kasalliklarni davolay oladigan shifokorlar o‘sha yoqda
», degan prezident.

Davlat rahbari shuningdek, bu borada hokimlardan tashabbus kutishini ham qo‘shimcha qilgan.
«Bir hokim o‘n nafardan tajribali va bilimli shifokorni O‘zbekistonga qaytara olsa, men ulardan rozi bo‘laman», dedi prezident.

Davlat rahbari videoselektor yig‘ilishi Tibbiyot xodimlari kuni arafasida o‘tkazilayotganini ta’kidlab, sohaning barcha vakillarini bayram bilan tabrikladi.

«Bugungi davr talabi shundayki, bayram kunlari, tantanali ayyomlarda ham, hayotning o‘zi oldimizga qo‘yayotgan turli muammolar haqida o‘ylashimiz, ularning samarali yechimlarini topishimiz zarur. Barcha sohalar qatori tibbiyot tizimi oldida ham g‘oyat murakkab vazifalar yuzaga kelmoqda. Inson salomatligi uchun o‘zini mas’ul va javobgar deb hisoblaydigan har bir tibbiyot xodimi bilim va malakasini doimiy oshirib borishi, yangi texnologiyalar va davolash usullarini har tomonlama puxta egallashi eng o‘tkir masalaga, hayotiy zaruratga aylanmoqda.

Aminmanki, Abu Ali ibn Sinodek buyuk ajdodlarimizning munosib vorislari, O‘zbekiston tibbiyot maktabi an’analarining davomchilari bo‘lgan siz, azizlar, o‘z faoliyatingizni ana shunday yuksak mezonlar asosida tashkil etib, olijanob burchingizni bundan buyon ham sharaf bilan ado etasizlar
», – degan prezident.

Sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, soha xodimlarining mehnatini munosib qadrlash, malakali kadrlar tayyorlash, xorijiy tibbiyot markazlari va oliygohlari bilan ilmiy-amaliy hamkorlikni kuchaytirish masalalari davlatning doimiy e’tiborida bo‘lishi ta’kidlandi.

Pandemiyaning birinchi kunlaridan boshlab bu kurashga 100 mingdan ziyod tibbiyot xodimlari safarbar etilgani, ular o‘zlarini ayamasdan, jonlarini garovga qo‘yib, haqiqiy qahramonlik ko‘rsatayotgani e’tirof etildi.

«Ishonaman, jonkuyar shifokorlarimiz bugungi belgilangan vazifalarni ham fidoyilik va matonat bilan, bor bilim va tajribalarini ishga solib, albatta uddalaydilar. Eng katta boylik bo‘lgan xalqimiz salomatligini saqlashda haqiqatda jonbozlik ko‘rsatadilar», degan Shavkat Mirziyoyev.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Ularga istagan oylik va sharoitini qilib berishga tayyorman» – Shavkat Mirziyoyev xorijdagi o‘zbek shifokorlari haqida