22:30 / 18.11.2020
4 451

Bayrog‘imiz - faxru g‘ururimiz

Bayrog‘imiz - faxru g‘ururimiz
18 noyabr – O‘zbekiston Respublikasining “Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilingan kun. Bugun davlatimiz suverenitetining ramzlaridan biri – mustaqil O‘zbekiston Respublikasining “Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinganligiga 29 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan Qashqadaryo viloyat prokuraturasi, Majburiy ijro byurosi, Ichki ishlar va yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalari hamkorlikda ushbu kunni munosib nishonlash maqsadida shahrimizdagi maktablarda bo‘ldi.

Bunda o‘quvchilarga davlat bayrog‘i, uning hayotimizda tutgan o‘rni, qadri, ahamiyati haqida so‘zlab berildi. Ishtirokchilar dunyo davlatlarida bayroqlar bilan bog‘liq qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.

Davlat bayrog‘i – mamlakat davlat suverenitetining ramzi hisoblanib, u yer yuzining shu sarhadlarida mustaqil O‘zbekiston davlati borligini anglatadi va o‘zida milliy-madaniy an’analarimizni mujassamlashtiradi.

Davlat ramzlari hamisha muqaddas va ulug‘ sanaladi. Chunki u xalqning o‘tmishi, buguni va kelajagini o‘zida mujassam etgan Vatanning yorqin timsolidir.

Haqiqatdan ham, hayotimizda ramz va timsollarning o‘rni katta. Zero, milliy ramzlar or-nomus, shon-sharaf sanalgan. Shayx Najmiddin Kubroning jasoratini tarixdan yaxshi bilamiz. Hamon bu buyuk qahramonlik tildan tushmaydi, hanuzgacha xalqimizni vatanparvarlikka, qahramonlikka chorlaydi. Yurt bayrog‘ini yov qo‘liga topshirishni istamagan Najmiddin Kubro uni qo‘lida mahkam tutgancha jon bergan edi.

Dushman harchand urinmasin, uning qo‘lidan bayroqni tortib ololmay, oxiri panjalari bilan kesib oladi. Tug‘ini jonidan ortiq asragan To‘maris, Spitamen, Muqanna, Temur Malik, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi o‘nlab sarkardalar hayoti ham bugun avlodlarimizga katta ibrat. Aslida Vatan bayrog‘ini ko‘zga surtish, uni to‘tiyo qilish Vatanni sevish, uning uchun jonini fido qilishga tayyor bo‘lish deganidir.
Mustaqil davlatimiz bayrog‘i tinch va osoyishta, ozod hamda erkin hayotimiz, yorug‘ kelajagimizga bo‘lgan ishonchimiz timsolidir. Davlat ramzlarining muqaddasligini, ular bizga yurt manfaati har nedan ustunligini anglatib, eslatib turishini har birimiz yodda tutishimiz shart.

Bayrog‘imizning balandligi yurtimizning obro‘-nufuzi yuksakligidan dalolatdir. Shunday ekan, sarbaland qaddimiz va qadrimiz timsolini hamisha e’zozlaylik va boshimiz uzra baland ko‘taraylik! Tadbir so‘nggida o‘quvchilarga tashkilotchilar tomonidan bayroqlar ulashildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bayrog‘imiz - faxru g‘ururimiz