23:50 / 25.11.2020
2 305

Adliya vaziri fuqarolar bilan Facebook orqali jonli muloqot qildi

Adliya vaziri fuqarolar bilan Facebook orqali jonli muloqot qildi
Joriy yilning 25 noyabr kuni Adliya vaziri Ruslanbek Davletovning Facebook dagi “Xalq bilan muloqot/Dialog s narodom” guruhida fuqarolar bilan onlayn muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Aholi murojaatlari bilan ishlashning yangicha shakli sifatida ilk bora tashkil etilgan ushbu muloqotga fuqarolardan qariyb 1500 ta savol kelib tushdi. Xususan, maxsus @adliyaga_savolbot telegram boti orqali 500 ga yaqin, “Onlayn muloqot” payti Youtube tarmog‘ida 300 dan, “Xalq bilan muloqot” guruhida esa 700 dan ortiq xabarlar, murojaatlar va savollar yozib qoldirildi.

Adliya vazirligi mas’ullari, xususan, shaxsan vazir tomonidan fuqarolar qabullari, sayyor qabullar muntazam ravishda o‘tkazib kelinadi.

Biroq foydalanuvchilari soni jihatidan O‘zbekistonda yetakchi o‘rinlardan birida turuvchi Facebook tarmog‘ining 240 mingdan ortiq a’zoga ega eng katta guruhida o‘tkazilgan ushbu muloqotni ham qamrov, ham mavzu xilma-xilligi va mas’uliyat jihatidan yangi bosqich deb baholash mumkin.
Onlayn muloqot davomida fuqarolar nafaqat adliya tizimi va norma ijodkorligiga doir savollar bilan murojaat qildilar, balki davlat organlari ishiga o‘zlarining munosabatlarini, baho va e’tirozlarini ham bayon etdilar.

Xususan, gaz va elektr muammolari, klasterlar, fermer xo‘jaliklari va hokimliklar o‘rtasidagi munosabatlar, mehnat huquqi, notariat va advokatura, yuridik ta’lim, meros, mulk, aliment masalalari kabi bugungi kunda aholini o‘ylantirayotgan savollarga huquqiy asoslantirilgan javoblar berildi.

Masalan, fuqaro Farrux Bahromovdan kelib tushgan “Nega maktablarda huquq darsi kam?” degan savolga bu yo‘nalishda Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda ishlar olib borilayotganligi, kelgusida umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarining yuqori sinflari uchun “Har kunlik huquq” yo‘nalishi bo‘yicha darsliklar yaratilishi va nashr etilishi ko‘zda tutilganligi ta’kidlandi.

Foydalanuvchilaridan birining “Ta’lim muassasalari va tibbiyot xodimlarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun pul to‘lanadimi?” degan savoliga xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish davlat budjeti hisobidan bepul amalga oshirilishi shartligi, agar bu borada qonunbuzarlik holatlariga yo‘l qo‘yiladigan bo‘lsa, adliya xodimlariga murojaat qilish mumkinligi ma’lum qilindi.

Ikki soatdan ortiq davom etgan qizg‘in va mazmunli muloqot jarayonida kelib tushgan savollarga imkon qadar keng, atroflicha va tahliliy javoblar berildi. Biroq murojaatlar oqimining kattaligi va vaqt chegaralanganligi bois, muloqot davomida tilga olinmay qolgan savollarga fuqarolarning shaxsiy manziliga albatta javob yuborilishi, hech bir murojaat e’tiborsiz qolmasligi alohida ta’kidlandi.
Loyiha aholining savollari, ularni tashvishga solayotgan masalalarni o‘rganishda, umuman xalq dardini tinglashda noan’anaviy yo‘llarni o‘ylab topish, xalq bilan muloqotni yangicha formatlarda yo‘lga qo‘yish zaruriyati mavjudligini ko‘rsatdi.

Adliya vazirligi uchun ushbu loyiha yana bir jihati bilan ahamiyatlidir: muloqot davomida kelib tushgan murojaatlar aholi muammolarini aniqlash va xalqning real ahvolini his qilish uchun muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu ma’lumotlar tizimlashtirilgan holda tahlil qilinib, natijalar va xulosalar kelgusida norma ijodkorligi sohasida e’tiborga olinadi.

Jumladan, muloqot yakunlangach, vazirlik mutaxassislariga muloqot davomida kelib tushgan ayrim takliflar yuzasidan qonunchilikka o‘zgarishlar kiritish masalasini o‘rganish topshirig‘i berildi. Vazirlik mazkur loyihani muntazam davom ettirishni rejalashtirgan.

Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Adliya vaziri fuqarolar bilan Facebook orqali jonli muloqot qildi