09:00 / 25.01.2021
2 016

Tushga kirgan fizika

Tushga kirgan fizika
1991 yil. Zarifboy Ibodullayev. Elektroensefalografiya o‘tkazish laboratoriyasida
Insoniyat paydo bo‘libdiki, tushni talqin qilishga harakat qiladi. Masalan, D.I.Mendeleyevning tushida kimyoviy unsurlarni davriy jadvalda qanday joylashtirish kerakligi ayon bo‘lgan. Buyuk psixoanalitik Zigmund Freyd va uning safdoshlari Alfred Adler va Karl Gustav Yung tush haqida ilmiy izlanishlar olib borishgan, uni talqin qilishga harakat qilishgan. Tush oddiy odamlarda ham o‘ngida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan sirli voqealarni ayon qilib qo‘yadi. Shunday voqealar mening hayotimda ham sodir bo‘lgan.

1982 yil, avgust oyi. Toshkent tibbiyot institutiga o‘qishga kirish uchun hujjat topshirganman. Ertasi kuni fizikadan kirish imtihoni. Mening eng qiziqqan fanim fizika edi. Agar bu dunyoda vrachlik kasbi bo‘lmaganida, albatta, fizik bo‘lardim. Tush paytida uxlab qoldim. Tushimga fizikadan imtihon topshirayotgan paytim kirdi. Chap qo‘limda savollar solingan konvertni ushlab turibman. O‘ng qo‘lim bilan uni ochib, konvertdan qog‘ozni olayapman va unda yozilgan savollarni birin-ketin o‘qiyapman: “O‘zgarmas tok kuchi” va hokazo.

Barcha savollar ko‘z o‘ngimda shundoq namoyon bo‘layapti. Uyg‘onib ketdim. Fizika kitobini izlay boshladim. Uni qo‘ynimga bosib uxlab qolgan ekanman. Kitobni ochib, tushimga kirgan barcha savollar yozilgan joylarga qog‘oz qo‘yib chiqdim. Bu savollarga o‘zimni sinash uchun javob yoza boshladim. Shu payt otam tarvuz ko‘tarib kirib keldilar (uxlab qolganimda yonimizdagi kichikroq bozorga chiqib ketgan ekanlar).

Mening savollar ustida jadal ishlab o‘tirganimni ko‘rib, hayron bo‘ldilar. “Endi imtihonga tayyorman deb bemalol aytuvding-ku, tinchlikmi bolam” deb so‘radilar. Men tushimga ushbu savollar kirganini aytdim. Ularga javob yozib, o‘zimni sinayapman dedim. Otam: “Mayli bolam, ilohim tushing o‘ngidan kelsin” dedilar.

Ertasi kuni fizikadan imtihon boshlandi. Xuddi tushimdagi voqea ro‘y bersin deb, savollar solingan konvertni chap qo‘lim bilan ushlab, o‘ng qo‘lim bilan uning ichidan qog‘ozni chiqara boshladim. Undagi savollar ketma-ketligi, hatto vergul va nuqtalari ham xuddi tushimda ko‘rgandek edi, ya’ni hamma savollar to‘g‘ri tushdi.

1990 yil. Miya laboratoriyasi. Yosh ilmiy xodim Zarifboy Ibodullayev "Insult va koma" bo‘yicha ishlab chiqqan diagnostika algoritmini matematik Ahmad Vohidov "Iskra" kompyuterida dasturini tuzmoqda
Shunga o‘xshash holat 1998 yili ham ro‘y berdi. Doktorlik dissertatsiyasi mavzusini tanlashda qiynalib yuruvdim. Shunday bir yaxshi mavzu tanlasam-u, uni mengacha hech kim qilmagan bo‘lsa deb o‘ylardim. Ustozim qandli diabet bilan og‘rigan bemorlarda insultlarni o‘rgan deb tavsiya berdilar. Biroq undan ham yaxshiroq boshqa mavzu haqida bosh qotirib yurardim.

Oradan 2-3 oy o‘tmay qaysi mavzuni tanlashim aniq bo‘ldi. Tushimda ikkita kitobni qo‘limda ushlab turibman: bir qo‘limda Sperri va Springerning “Leviy mozg, praviy mozg” kitobi, ikkinchi qo‘limda Ye.D.Xomskayaning “Neyropsixologiya” kitobi. Uyg‘onim ketdim. Darrov kitoblar turgan tokchadan bu ikkala kitobni izlay boshladim.

Eng qizig‘i shundaki, ularning ikkalasi ham bir joyda turgan ekan. Xursand bo‘lib ketdim. Qitir-qitir shovqindan xotinim uyg‘onib ketdi. U yonimga kelib: “Adasi, yarim tunda nima qilayapsiz” deb so‘radi. Men unga endi mening doktorlik dissertatsiyam “Bosh miyaning chap va o‘ng yarim shari insultlarida neyropsixologik buzilishlarni o‘rganish” bo‘ladi dedim. Shunday bo‘ldi ham. Men 2002 yili Moskvada mashhur neyropsixolog Ye.D.Xomskaya bilan uchrashdim va ishlarimni neyropsixologiyaga bag‘ishladim.

Zarifboy Ibodullayevning
“Asab va ruhiyat” kitobidan olindi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Tushga kirgan fizika