21:19 / 19.02.2021
1 792

O‘zbekistonda jinoyat ishlari bo‘yicha aybga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv joriy qilindi

O‘zbekistonda jinoyat ishlari bo‘yicha aybga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv joriy qilindi
Shavkat Mirziyoyev 18 fevral kuni «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz». Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 4 dekabr kuni qabul qilingan, Senat tomonidan 5 fevral kuni ma’qullangan.

Qonun bilan Jinoyat-protsessual kodeksiga quyidagi institutlar joriy qilindi:
- ko‘rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo‘yish;
- jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki eshituv;
- aybga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv.

Ko‘rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo‘yish — guvoh va jabrlanuvchini ishni sudga qadar yuritish bosqichida prokurorning iltimosiga ko‘ra so‘roq qilish bo‘lib, u sud tomonidan amalga oshiriladi.

Guvoh va jabrlanuvchini ob’ektiv sabablarga ko‘ra keyinchalik so‘roq qilish mumkin bo‘lmay qoladigan hollarda (jinoyat ishini sudga qadar yuritish bosqichida guvoh va jabrlanuvchini og‘ir kasalligi yoki uzoq muddatga chet davlatga chiqib ketish zarurati tufayli kechroq so‘roq qilish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda) ularning ko‘rsatuvlarini oldindan mustahkamlab qo‘yilishi mumkin.

Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki eshituv — jinoyat ishini to‘xtatib turish, tugatish, birlashtirish, ayblov dalolatnomasi yoki xulosasini, tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi qarorni prokurorga yuborish hamda nomaqbul dalillarni chiqarib tashlash uchun asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda o‘tkaziladi.

Dastlabki eshituvni o‘tkazish davomiyligi 10 sutkadan oshmasligi kerak.

Aybga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv — o‘ta og‘ir jinoyat hisoblanmaydigan jinoyatlar bo‘yicha aybiga iqror bo‘lgan, jinoyatni ochishga ko‘maklashgan va zararni bartaraf etgan gumon qilinuvchining yoki ayblanuvchining iltimosnomasiga asosan prokuror bilan tuziladigan kelishuv.

Qonun bilan Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, aybga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv tuzilgan jinoyatlar bo‘yicha jazo belgilangan eng ko‘p jazoning yarmidan oshmagan holda tayinlanadi.

Ushbu qonun rasmiy e’lon qilingan 18 fevraldan e’tiboran kuchga kiradi.

Aybiga iqrorlik bo‘yicha kelishuv institutini joriy qilish Prezidentning 2020 yil 10 avgustdagi «Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida ko‘zda tutilgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda jinoyat ishlari bo‘yicha aybga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv joriy qilindi