18:00 / 24.03.2021
1 095

Neft bazalaridagi qator moliyaviy nayranglar fosh etildi

Neft bazalaridagi qator moliyaviy nayranglar fosh etildi
“O‘zbekneftgaz” AJ raisi topshirig‘iga ko‘ra, moliyaviy va komplayens nazorati yo‘nalishida korrupsiya, iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashishga, ularning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar davomida “Buxoro neft bazasi” hamda “Jizzax neft bazasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatlarida tekshiruvlar o‘tkazildi. Bu haqda jamiyat matbuot xizmati xabar bermoqda.

Tekshiruvlarda neft mahsulotlari saqlanishi, iste’molchilarga yetkazib berilishi, debitorlik, kreditor qarzdorliklar bilan ko‘plab noo‘rin xarajatlar, shuningdek, amaldagi qonunchilikka rioya qilinmaslik holatlari aniqlandi.

Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 28 fevraldagi 149-sonli qaroriga asosan, neft mahsulotlari to‘lov oldindan 100 foiz o‘tkazilganda yetkazib berilishi belgilangan bo‘lsa-da, amalda belgilangan me’yoriy hujjatlarga muntazam amal qilmaslik oqibatida “Buxoro neft bazasi” MCHJda 33 mlrd 463 mln 200 ming so‘m, “Jizzax neft bazasi” MCHJda 35 mlrd 42 mln 700 ming so‘m debitor qarzdorlik yuzaga kelgan. Shundan umumiy hisobda 45 mlrd 293 mln so‘mi 2021 yil 1 yanvar holatiga muddati o‘tgan qarz sanaladi.

Bundan tashqari, o‘z vaqtida undiruv choralari ko‘rilmagani natijasida, “Buxoro neft bazasi” MCHJ bo‘yicha 2009–2013 yillarga oid 1 mlrd 783 mln 300 ming so‘m, “Jizzax neft bazasi” MCHJ bo‘yicha 2006–2020 yillarga oid 14 mlrd 133 mln 500 ming so‘m mablag‘ “umidsiz qarz”ga aylangan.

Yonilg‘i yetkazib berilgan Buxorodagi 32ta, Jizzaxdagi 239ta sobiq xo‘jaliklar faoliyati bugungi kunda tugatilgan va qarzdorliklarni undirish masalasi yana bir qator muammolarni tug‘diradi.

O‘rganish davomida, “Buxoro neft bazasi” MCHJga qarashli 67 ta FYOTSHlarda 3 181,6 ming litr, “Jizzax neft bazasi” MCHJ tasarrufidagi FYOTSH va PAZSlarda 8 038,3 ming litr mahsulot kamomadi aniqlandi. Shundan bir qismi jarayonda qoplandi.

Mablag‘ iqtisodi, xarajatlar rejasiga amal qilish borasidagi vaziyat ham achinarli holatda. “Jizzax neft bazasi” MCHJ tomonidan 788 nafar xodimga 806 mln 915 ming 400 so‘mlik kompensatsiya to‘lovlari noo‘rin hisoblangani aniqlandi. Shuningdek, jamoa shartnomasiga zid tarzda intizomiy jazo qo‘llangan 23 nafar xodimga 7 mln 985,2 ming so‘m mukofot puli to‘lab berilgan. Mehnat shartnomasi bekor qilingan 26 nafar sobiq xodim nomiga 33 mln 857 ming so‘m ish haqi yozilgan.

O‘rganishlarda aniqlangan kamchiliklarni undirish va vaziyatga huquqiy baho berish uchun hujjatlar tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga taqdim etilgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Neft bazalaridagi qator moliyaviy nayranglar fosh etildi